Masʼullarga nisbatan intizomiy choralar koʻrish tavsiya etildi

10:12 01 Fevral 2019 Jamiyat
304 0

Illyustrativ foto

Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi aʼzolari tomonidan 2018 yilda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini tashkil etish va rivojlantirish dasturi ijrosi oʻrganildi. Dasturga koʻra, oʻtgan yili 21 ming 634 ta fermer xoʻjaligi tomonidan 22 ming 986 ta loyihani amalga oshirish evaziga 85 mingga yaqin yangi ish oʻrnini tashkil etish belgilangan edi. Amalda bu vazifalar qanchalik toʻliq bajarildi? Masʼullar tomonidan ularni oʻz vaqtida bajarish boʻyicha qanday choralar koʻrildi?

Tadbirda shu savollar oʻrtaga tashlandi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili mazkur Dastur ijrosini taʼminlash boʻyicha muayyan ishlar bajarilgan. Xususan, 21 305 ta loyiha roʻyobga chiqarilib, 81 493 ta yangi ish oʻrni tashkil etilgan. Shuningdek, yilqichilik, parrandachilik, uzumchilik tashkil etish va dorivor oʻsimliklar yetishtirish yoʻnalishlari boʻyicha rejalar toʻliq bajarilgan.

Shu bilan birga, oʻtgan yilda Dastur ijrosini taʼminlashda qator kamchiliklar qayd etilgan. Xususan, 372 ta fermer xoʻjaligida koʻp tarmoqli faoliyat yoʻlga qoʻyilmagan. Sabablari haqida gap ketganda, birinchi navbatda, moliyalashtirish bilan bogʻliq muammolar qayd etilyapti. Jumladan, Dasturning barcha bandlarini amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan 592 milliard 619 million soʻm miqdorida kredit ajratish rejalashtirilgan edi. Biroq amalda 159 milliard 849 million soʻm (27%) ajratilmagan. Bu jarayonda mahalliy davlat hokimiyati organlari Dasturni amalga oshirishda yetarlicha faollik va izchillikni koʻrsatmayapti. Majlisda bu kamchiliklarga yoʻl qoʻyayotgan rahbarlarning faoliyati tanqid ostiga olindi.

Mazkur masalani hal etishda mahalliy vakillik hokimiyati organlari faoliyatida ham yaqqol sustkashlik kuzatilmoqda. Jumladan, ayrim xalq deputatlari mahalliy Kengashlari 2018 yilda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini tashkil etish va rivojlantirish dasturini ijro etish masalalarini deyarli muhokama etmagan.

Sirdaryo va Namangan viloyatlarida goʻsht, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlashga, baliqchilik, asalarichilik va issiqxona xoʻjaliklarini yoʻlga qoʻyishga doir loyihalarning katta qismi bajarilmagan.

Muhokama yakunlari boʻyicha qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilinib, unda Vazirlar Mahkamasiga Dastur ijrosini taʼminlashda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar uchun ayrim idoralar xodimlariga nisbatan intizomiy choralar koʻrish tavsiya etildi. Shuningdek, joriy yilgi Dasturga kiritilgan har bir loyiha ijrosi ustidan tizimli va muntazam monitoring olib borish masʼuliyati belgilandi.

Munisxon KARIMOVA,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?