Mas’uliyatni barcha his qilishi kerak

11:03 31 Iyul 2018 Jamiyat
144 0
Arxiv foto

Joriy yilning 27 iyul kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarning bugungi holati, bu borada ichki ishlar organlari va boshqa davlat idoralarining mas’uliyatini yanada oshirish, tizimda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ko‘tarilgan muammolar barchani hushyor torttirdi.

Sababi unda ta’kidlanganidek, 2017 yilda mamlakatimizda jinoyatlar 2016 yildagiga nisbatan 16 foiz, joriy yilning 6 oyida esa, o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 39 foiz kamaygan bo‘lsa-da, jinoyatchilikning ayrim turlari, jumladan, qasddan odam o‘ldirish, og‘ir tan jarohati yetkazish, talonchilik, bosqinchilik, o‘g‘rilik va firibgarlik kabi jinoyatlar soni hamon yuqoriligicha qolmoqda.

O‘zingiz ayting: bu holat yurt ravnaqini o‘ylagan kishini tashvishga solmaydimi?

Davlatimiz rahbari alohida qayd etganidek, bu — barchamizga tegishli muammo. Bu borada barcha kuchlarni birlashtirib, jinoyatchilikning tub ildizlariga yetib borishimiz, jinoyatchilikning oqibatlari bilan emas, balki uning kelib chiqish sabablari bilan ko‘proq shug‘ullanishimiz talab etiladi. Ushbu jarayonda asosiy e’tiborni mahalla, ichki ishlar, ta’lim muassasalari, jamoat tashkilotlari va oilalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni qog‘ozda emas, balki hayotda, amalda tubdan yaxshilashimiz lozim. Masalaga beparvolik bilan qarab, o‘zibo‘larchilikka tashlab qo‘yish mutlaqo mumkin emas. Tushuntirish va targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish taqozo etiladi.

Eng asosiysi, jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish, ildiziga yetish va jinoyat uchun jazo muqarrarligini xalqimiz ongiga yetkazishimiz, ta’lim muassasalaridan tortib, barcha oilalarda, jamoat tashkilotlarida, mahalla va keng jamoatchilik orasida jamiyatimiz uchun jiddiy xavf bo‘lgan bunday illatga qarshi kurashish kerak bo‘ladi. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, o‘qimayotgan, ishlamayotgan, uyushmagan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlarni tubdan takomillashtirish lozim. Biz, deputatlar ham joylarda aholi bilan o‘tkazayotgan turli tadbirlar davomida, buni chuqur tahlil qilgan holda, ishlarimizni olib borishimiz darkor.

Bugun ichki ishlar tizimida eskicha ishlash qolipidan chiqolmayotgan ayrim xodimlar ham uchrab turgani, odamlarning dardu tashvishini his qilmaslik, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni oldindan ko‘ra olmaslik kabilar tizim ishining borishiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. Shuningdek, videoselektor yig‘ilishida tezkor va xolis qaror qabul qilish borasida sohaning ba’zi xodimlarida malaka va tajriba, bilim yetishmayotgani ham ko‘zlangan natijaga erishishda salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani bejiz ta’kidlanmadi. Qolaversa, soha hali-hanuz eskicha ishlash tizimidan voz kecholmagani ham rivojlanishga to‘siq bo‘lib turibdi.

Shu jihatdan yig‘ilishda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda ko‘rsatkichlarni oldingi davr bilan taqqoslash amaliyoti avj olgani tanqid ostiga olindi. Shu sababli endi jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha ishlar “Jinoyat haqiqati va adolat” deb nomlangan butunlay yangicha tizimda tashkil etilishi qayd qilindi. Mas’ul rahbarlar joylarga borib, jinoyatlarning sabablarini o‘rganadi, muhokama qiladi, takrorlanishining oldini olishga qaratilgan aniq choralar ko‘radi. Bu, jinoyatlar sonining sezilarli darajada kamayishiga imkon yaratadi.

Albatta, bu borada hech qaysi davlat idorasi, jamoat tashkiloti chetda turmasligi lozim. Qo‘mitamiz, o‘z navbatida, davlatimiz rahbarining mazkur yig‘ilishda bildirgan barcha fikrlaridan kelib chiqqan holda, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli, samarali tashkil etish borasida ta’lim muassasalari, ichki ishlar idoralari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalarni belgilab oldi.

Abdug‘affor QIRG‘IZBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?