Mast holdagi fuqaro YHXB inspektoriga jiddiy jarohat yetkazdi

10:23 19 Avgust 2019 Jamiyat
75 0

Illyustrativ foto

Yurtimizdagi barcha davlat tashkilotlari xodimi xalqimiz farovonligi, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvor boʻlishini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Soʻzimiz davomida qonuniy manfaatlar ustuvorligi degan soʻzni ishlatganimiz bejiz emas. Boisi ayrim yurtdoshlarimiz ularga boʻlayotgan hurmat, eʼtibor va koʻmaklarni suisteʼmol qilgancha, qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻyib, davlat tashkilotlari xodimlari bilan qoʻpol munosabatda boʻlmoqda yokiularga qoʻl koʻtarib, tan jarohati yetkazmoqda. Natijada esa bu kabi fuqarolar qonun oldida javob berishlariga toʻgʻri kelmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabariga koʻra, shu kabi holat 2019-yilning 17-avgust kuni Navoiy viloyatida ham yuz bergan. Xususan, shu kuni soat 19:10larda Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi YHXB inspektori Navoiy shahar, I.Karimov koʻchasi boʻylab harakatlanib kelgan, davlat raqam belgisi 85 971 SAA boʻlgan “Kobalt” rusumli avtomashinani piyodaga yoʻl bermaganligi uchun toʻxtatib, haydovchidan avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini taqdim etishini soʻragan, ammo haydovchi Jasur Sayitovda mazkur avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi tegishli hujjatlari boʻlmagan. Shu sababli, inspektor qonuniy tartibda haydovchi J.Sayitovga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani Navoiy shahridagi jarima maydonchasiga olib kelgan.

Bundan xabar topgan haydovchi J.Sayitovning 44 yoshli otasi Alisher Hayitov jarima maydonchasiga mast holatda kelib, inspektor tomonidan avtomashina jarima maydonchasiga qoʻyilishiga faol qarshilik koʻrsatgan. Soʻng uni haqoratlab, unga qoʻl koʻtargan va tan jarohati yetkazgan. Natijada jiddiy jarohat olib, RSHTYOIM Navoiy filialiga olib borilgan. Hozirda unga tibbiy yordam koʻrsatilmoqda. Mazkur holat yuzasidan Navoiy shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?