Masofaviy taʼlim jarayonida elektron kutubxonalarning oʻrni qanday?

13:10 25 Oktyabr 2020 Jamiyat
259 0

COVID-19 pandemiyasi butun dunyoda taʼlim tizimini oʻzgartirib yubordi. Millionlab  talabalar uyidan turib, oʻqishni davom ettirmoqdalar. Kechagina auditoriyada oʻtilgan darslarning toʻsatdan onlayn shakliga oʻtgani, taʼlim beruvchi professor-oʻqituvchilar uchun ham katta tajriba-sinov maktabi boʻldi. Bu haqda TDYUU Ixtisoslashtirilgan filialining Axborot-resurs markazi direktori Tillashayxova Shaxnoza oʻrganishlar olib borgani haqida maʼlumot berdi.

“Masofaviy taʼlim masofadan turib oʻqitish boʻlib, bunda oʻqituvchi va taʼlim oluvchi oʻrtasida masofa mavjud boʻladi. Masofaviy taʼlimda oʻquv jarayonlari zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalar yordamida amalga oshiriladi.

Respublikamizdagi epidemilogik vaziyat va sinovli kunlarda yurtimizning barcha taʼlim muassasalarida juda qisqa fursat ichida onlayn darslar yoʻlga qoʻyildi. Dastlab, mazkur oʻzgarishlar shubhasiz, muayyan noqulayliklarni keltirib chiqardi, ammo pandemiya hozirgi davr uchun zarur boʻlgan innovatsiyalarni taʼlim sohasiga kiritilishiga sabab boʻldi.

Masofaviy taʼlimning oʻziga xos jihati, taʼlim oluvchilarga mustaqil bilim olishga imkoniyat berilishidir. Masofaviy taʼlim jarayonida taʼlim oluvchilar barcha turdagi axborot-kommunikatsiya vositalaridan keng foydalanadi. 

Hozirda ZOOM platformasi orqali onlayn darslar tashkil qilinib, OTMlarning har bir professor-oʻqituvchisi bu platformaga videomaʼruza, maʼruzalar matni, mavzular boʻyicha taqdimot materiallari, mustaqil ish, ochiq va yopiq testlarni kiritib, oʻz vaqtida talabalarning bilimlarini baholab bormoqdalar.

Onlayn dars - bu yangicha uslub va anʼanaviy darsdan tubdan farq qiladi. Demak, har bir oʻqituvchi-pedagog endi auditoriyadagi yondashuvlarni qisman unutib, virtual auditoriyalarga moslashishi zarur, chunki bu darslarning ham oʻziga yarasha jiddiy talab va shartlari bor.

Onlayn darslar vositasida talaba-yoshlarimiz koʻproq mustaqil ishlashga, ilmiy ijod bilan shugʻullanishlariga, kitoblarni mutolaa qilish imkoniyatiga ega boʻldilar, pedagog-oʻqituvchilarimiz esa xorij olimlari ishtirokida tashkil qilinayotgan onlayn videokonferensiyalarda qatnashib, kasbiy mahoratlarini rivojlantirish uchun muntazam ishlashga intilyaptilar.

Masofaviy taʼlimning tarkibiy belgilari:

– oʻqituvchi;

– tinglovchi;

– masofaviy malaka oshirish platformasi.

Masofaviy taʼlim uslubiy materiallari:

– darslik, oʻquv, uslubiy qoʻllanma va oʻquv-uslubiy majmualar;

– audio va video darsliklar;

– onlayn darslar (Internet sahifa);

– elektron kutubxona;

– testlar;

– multimedia elektron darsliklar.

Elektron kutubxona internetning ajoyib imkoniyatlaridan biridir. Bu kutubxonaning elektron shaklidir. Kutubxona deganda odatda koʻz oldimizga kitoblar turgan javonli katta xonalar keladi. Elektron kutubxonada javonlar vazifasini “papkalar”, kitoblar vazifasini Internet sahifalari bajaradi. Bu kutubxona maʼlumotlari elektron koʻrinishda boʻladi va kompyuterda joylashadi. Bu kutubxonadan foydalanish juda kulay. Siz dunyoning turli nuqtasidan elektron kutubxona maʼlumotlaridan foydalana olishingiz mumkin. Yana bir qulay tomoni -  zarur maʼlumot nusxasini koʻchirib olishingiz mumkin.

Elektron kutubxonadan foydalanishingiz uchun kompyuter, modem va internet tarmogʻi boʻlishi yetarli. Faraz qilaylik, elektron kutubxonadan foydalanmoqchisiz. Biror maʼlumot bilan tanishmoqchisiz. Kompyuter va Internet yordamida maʼlumotni bir necha daqiqada topish mumkin. Maʼlumot dunyoning turli nuqtasidan bir pastda ekranda tasvirlanadi. Buning uchun siz kompyuterning tugmachasini bosishingiz va elektron kutubxonaga kirishingiz yetarlidir. Bir necha daqiqada maʼlumot koʻz oldingizda namoyon boʻladi.

Bir necha yil avval bir maʼlumotni topishga bir necha oy vaqt sarflash zarur edi. Elektron kutubxonalar yordamga keldi. Elektron kutubxonalarni turlicha nomlashadi. Virtual kutubxona oʻzi nima? Oxirgi paytda virtual dunyo, virtual olam, virtual doʻst kabi soʻzlar paydo boʻldi. Virtual soʻzining maʼnosi bu tasavvur qilishdir. Virtual kutubxona bu odatdagi kutubxonaning abstrakt koʻrinishidir. Bu kutubxona kitoblari, jurnallari va roʻznomalari kitob javonlarda emas, balki kompyuter xotirasida joylangan boʻladi. Bu kompyuterda yoki kompyuter maxsus qurilmalarida raqamli formatda saqlanadigan maʼlumotlarning toʻplamidir. Bu: bosma, audio, video va multimedia maʼlumotlardir.

Elektron kutubxonada kutubxonachi boʻlmaydi, shuning uchun zarur kitob yoki maʼlumotni kompyuter “papkalari”dan siz oʻzingiz qidirasiz.

Elektron kutubxona odatdagi kutubxonadan bir qancha qulayliklarga ega.

Hozirgi kunda elektron kutubxonalar soni son sanoqsizdir. Koʻp OTMlar oʻz elektron kutubxonalariga ega.

Zamonaviy globallashuv sharoitida oliy taʼlim sohasidagi onlayn oʻqitish usullari zamonaviy axborot vositalari bilan boyitilishi natijasida taʼlim sifatining yana-da ortishi kutilmoqda. Bu borada masofaviy oʻqitish usuli oʻqituvchi-pedagog va talabalar uchun ham qator qulayliklarga egaligi bilan alohida ahamiyatga egadir. Endigi vaziyat talabalar uchun zarur boʻlgan oʻquv-uslubiy materiallar, oʻquv qoʻllanmalar asosida kompyuter dasturlari ishlab chiqish vazifasini qoʻymoqda. Zero, masofaviy oʻqitish har qanday sohada ham jahon taʼlim markazlarining uslubiy adabiyotlari, zamonaviy hamda soʻnggi axborotlarni olish, jamlab foydalanish imkoniyatlarini beradi”, deydi mutaxassis.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?