Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi

18:04 07 Sentyabr 2018 Siyosat
207 0
Illyustrativ foto

Nodavlat notijorat tashkilotlari, umuman, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish maqsadida mamlakatimizda juda koʻp ishlar qilindi. Davlat va jamiyat, soddaroq aytadigan boʻlsak, xalqimiz oʻrtasidagi eng ishonchli hamda mustahkam koʻprikka, oʻziga xos muloqot maydoniga aylanishi lozim boʻlgan “uchinchi sektor” negadir hali ham kutilganidek faol emas.

Bugun mamlakatimizda adliya vazirligi roʻyxatidan oʻtgan fuqarolik jamiyati institutlari soni (2018 yilning 1 iyul holatiga koʻra) 9 ming 478 tani tashkil etadi.

Respublika darajasidagi ommaviy jamoat birlashmalari – siyosiy partiyalar, xotin-qizlar qoʻmitasi, kasaba uyushmalari, Yoshlar ittifoqi va shunga oʻxshash nodavlat tashkilotlarning katta boʻlmagan guruhidan tashqari, NNT aholining yuqori jamoatchilik va fuqarolik ishtirokini taʼminlay olmayapti.

Yetarli qonunchilik bazasi yaratilganligiga qaramay, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasidagi ijtimoiy sheriklik fuqarolarning keng koʻlamli ijtimoiy muammolarini hal qilish, ayniqsa, yoshlarning tashabbuslari va zamonaviy gʻoyalarini haqiqatda ilgari surishga qaratilgan hamkorlikning samarali mexanizmiga aylana olmayapti.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashining birinchi majlisida aynan shu masalalar, yaʼni, mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlarini qanday taraqqiy ettirish kerak, bunga toʻsiq boʻlayotgan muammolar nimalardan iborat ekani atroflicha muhokama qilindi. Fuqarolik jamiyati institutlari rivojining real holati, ularning kundalik hayotida yuzaga kelayotgan muammolar koʻrib chiqildi.

— Oʻzbekistonda zamonaviy fuqarolik jamiyatining rivojlanishida 2018 yilning 4 may kuni tarixiy sana boʻldi, — deydi Maslahat kengashi rahbari Akmal Saidov. — Shu kuni Prezidentimizning “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. Mazkur hujjat bilan tuzilgan Maslahat kengashining oldiga davlatimiz rahbari juda katta vazifalarni qoʻydi. Avvalo, bu maydon sohadagi boʻshliqlarni aniqlash, mavjud muammolarning samarali, amaliy yechimlarini topish, davlat va jamiyat oʻrtasida qogʻozda emas, haqiqiy ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga xizmat qiladigan takliflarni, tashabbuslarni ishlab chiqadigan maydon boʻlishi kerak. Bundan tashqari, davlatning va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni yanada jadal va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini birlashtiruvchi zamonaviy, demokratik hamda ochiq-oshkora maydon sifatida tizimli muloqotini yoʻlga qoʻyishimiz talab etilmoqda. Oʻrta muddatli va uzoq muddatli istiqbolda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning strategik yoʻnalishlarini aniqlash va milliy modelini shakllantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish ustida birgalashib ish olib boramiz. Dastlabki majlisimizda mazkur faoliyatga oid bir necha rejalar tasdiqlandi, tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi.

Tadbirda ishtirok etgan kengashning har bir aʼzosi tomonidan sohadagi holat tahliliga oid bir necha amaliy takliflar oʻrtaga tashlandi. Avvalo, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni yanada jonlantirish, mazkur institutlarning jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga oid amaliy tashabbuslar bildirildi.

— Nodavlat notijorat tashkilotining bir vakili sifatida aytishim mumkinki, biz davlatdagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yechimida faol ishtirok etishga harakat qilyapmiz, — deydi Fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash markazi direktori Dilovar Qobulova. — Ammo, bugungi kunda koʻpgina davlat organlari NNT bilan ijtimoiy sheriklik qilish masalasida yetarli tajribaga ega emas, deb oʻylayman. Bu hamkorlik har ikkala tomon uchun ham juda samarali va foydali. Ammo, bugun jamiyatimizda bu sheriklik faqat rasmiyligicha qolmoqda. Oʻrni kelganda nodavlat tashkilot masʼullarining oʻzi huquqlari va vakolatlarini bilmaydi. NNT barchasi ham davlat idoralari bilan teng ravishda ijtimoiy sheriklik qilishga tayyor emasligini afsus bilan qayd etish lozim. Shu va shunga oʻxshagan muammolarni bartaraf etish uchun NNTda faoliyat yuritayotgan kadrlarning malakasini oshirish, maxsus oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, ushbu harakatlar negizida “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-2023 yillarga moʻljallangan fuqarolik sektorini rivojlantirish strategiyasi”ni ishlab chiqish toʻgʻrisida taklif kiritdim. Farmon asosida yoʻlga qoʻyilayotgan ishlar Oʻzbekistonda zamonaviy fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, majlisda taʼkidlanishicha, NNT va biznes tuzilmalari oʻrtasidagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, uni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish hamda bu jarayonning qonuniy asoslarini mustahkamlash talab etilmoqda. Pirovard maqsad — amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda fuqarolarning siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishda, ularning maʼnaviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qondirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirok etishiga erishish.

Buning uchun sohadagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, jahonning ilgʻor tajribasini oʻrganib, milliy qadriyatlarimizga uygʻunlashtirish nazarda tutilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?