Mashhur “Tanka“ badiiy filmi rejissyori vafot etdi

15:30 29 Iyul 2019 Madaniyat
278 0

“Tanka” badiiy filmining rejissyori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Toreniyaz Qalimbetov vafot etdi. Bu haqda “Oʻzbekkino“ matbuot xizmati “Xalq soʻzi“ga maʼlum qildi.

Qalimbetov Toreniyaz Djumabayevich, 1954-yil 19-yanvarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Chimboy tumanida, ishchi oilasida tugʻilgan, 1976-yili Toshkent madaniyat institutini rejissyor yoʻnalishi boʻyicha tamomlagan. 
T.Qalimbetov “Qozoqfilm”da, Qoraqalpogʻiston Respublikasi teleradiokompaniyasida, “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasida va “Qoraqalpoqkino” agentligida rejissyorlik va turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. T.Qalimbetov rejissyor sifatida 30 ga yaqin badiiy va hujjatli filmlar yaratgan va turli kinofestivallarda munosib oʻrinlarni qoʻlga kiritgan. Rejissyorning eng mashhur filmlari qatorida 2002-yilda suratga olgan, xalqimiz sevib tomosha qiladigan “Tanka” badiiy filmini olish mumkin.

“Xalq soʻzi“ respublikamizdagi barcha kino muxlislari nomidan marhumning oila aʼzolariga chuqur taʼziya bildiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?