Mashhur oilaviy “Havas“ guruhi Namanganga nega bordi?

12:40 05 Sentyabr 2019 Jamiyat
131 0

Jahon sanʼat olamida oʻziga xos oʻringa ega boʻlib ulgurgan oilaviy “Havas” guruhi jamoasi Mustaqillik ayyomi tantanali nishonlanayotgan kunlarda Namangandagi 26-“Mehribonlik uyi”ga tashrif buyurdi.

Uychi tumani Oʻnhayot qishlogʻida tavallud topgan rassom, sanʼatshunoslik fanlari nomzodi Rustam Ermatov va uning farzandlari – oilaviy “Havas” guruhi aʼzolari – “Nihol” mukofoti sovrindori, “Dil Hai Hindustani” xalqaro koʻrik-tanlovi oltin diski sohibi Qahramon Gʻulomjonov, xalqaro musiqiy tanlovlar gʻoliblari Dostonbek Gʻulomjonov va Robiya Gʻulomjonovalar ishtirokida oʻtkazilgan ijodiy uchrashuv tarbiyalanuvchilar yodida bir umr qoladigan boʻldi.

“Mehribonlik uyi” havaskorlik dastasi aʼzolari ijrosidagi qoʻshiq va raqslar bilan boshlangan tadbir mehmonlarning xindcha qoʻshiqlari hamda skripkasidan taralgan ajib sadolarga ulandi. Bayram shukuhidan zavqlangan bolalar qoʻshiqlarga hamohang raqsga tushishdi.

Rustam Ermatov “Siz, bolajonlarning qobiliyatingiz bizning guruhdagilarnikidan qolishmaydi. Hali kun keladi, orangizdagi isteʼdodlar ham dunyo musiqa saroylarida konsert beradi”, deya bolalarning chiqishlarini eʼtirof etdi.

“Havas” guruhi “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilariga 200 dan ziyod badiiy adabiyotlar sovgʻa qildi.Ular orasida Qahramon Gʻulomjonovning “Parvoz zavqi” deb nomlangan kitobi ham bor.

Qudratilla NAJMIDDINOV.
“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?