Mashhur milliarder bir kunda qanday qilib 4 mlrd. dollaridan ayrildi?

17:32 26 Fevral 2019 Iqtisodiyot
510 0

“Biznes shunchaki unga koʻproq pul ajratganing uchun senga yanada koʻproq mablagʻ topib bermaydi”, - deya oʻz xatosini tushuntirdi dunyodagi eng boy insonlardan biri Uorren Baffet.

Gap shundaki, ushbu investor oʻtgan juma kungi birja savdolarida 4 mlrd. dollardan ziyod mablagʻini qoʻldan boy berdi. Sababi Kraft Foods kompaniyasi aksiyalari dushanba kunidan boshlab oshdi, biroq keyin kutilmaganda pastga shoʻngʻib, 2,5 foizgacha arzonlashib ketdi.

Ushbu brendning 26,7 foiz aksiyalari esa Baffetning Berkshire xoldingiga tegishlidir.

Baffet AQSHning CNBC telekanaliga bergan intervyusida Berkshire Hathaway oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi Kraft Foods va ketchuplar tayyorlovchi Heinz kompaniyalarini 2015 yilda qoʻshib yuborgani uchun tovon toʻlaganini aytdi.

“Kraft Heinz hali ham ajoyib biznes, u 7 mlrd. dollar aktivlardan foydalangan holda soliqqacha 6 mlrd. dollar ishlab topmoqda. Biroq biz va bizdan oldin faoliyat yuritgan ayrim insonlar moddiy aktivlar qiymatidan koʻra 100 mlrd. dollar koʻproq toʻlashgan. Shunday ekan kompaniya 7 mlrd. dollar emas, balki 107 mlrd. dollar ishlagani biz uchun zarur”, - degan u.

Investor Kraft Foods kompaniyasiga ortiqcha mablagʻ toʻlab yuborganini tan oldi.

“Agar biz Kraftʼga biznes yurishib ketishi uchun 7 mlrd. dollar toʻlaganimizda, u 100 mlrd. dollar ajratganimizdek daromad keltirsa, boshqa gap edi. Biznes shunchaki unga koʻproq pul ajratganing uchun senga yanada koʻproq mablagʻ topib bermaydi”, - deya bunga izoh bergan biznesmen.

Bloomberg tomonidan tuzilgan dunyoning eng boy odamlari reytingda Uorren Baffet uchinchi oʻrinda turadi. Uning boyligi 83 mlrd. AQSH dollariga teng.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?