Mashhur xolding “Oʻzbekiston” mehmonxonasini sotib olishga qiziqish bildirmoqda

15:33 15 Fevral 2019 Jamiyat
327 0

“Alshaya Group” xalqaro kompaniyalar guruhi mamlakatimizdagi bir qator obyektlar, jumladan, “Oʻzbekiston” mehmonxonasini xususiylashtirishga qiziqish bildirmoqda.

Yaqinda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida ushbu guruh ijrochi direktori hamda Mabanee Company SAK yirik qurilish kompaniyasi raisi Muhammad al-Shaya boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralar ushbu xolding tomonidan Oʻzbekistonga, jumladan, turizm sohasiga investitsiya kiritish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida oʻtkazildi.

Delegatsiya, ayniqsa, mehmonxona biznesini rivojlantirishga alohida qiziqish bildirdi. Yangi binolar qurish, kelgusida foydalanish uchun rekonstruksiyaga muhtoj mavjud obyektlarni xususiylashtirish shular jumlasidandir. Mana shunday inshootlardan biri “Oʻzbekiston” mehmonxonasidir.

Ilgari xabar berganimizdek, davlat “Oʻzbekiston” mehmonxonasini 33 mln. AQSH dollar evaziga sotuvga qoʻygan edi. Xaridor ikki yil davomida unga 100 mlrd. soʻm investitsiya kiritish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.

Shuningdek, “Qadimiy Buxoro” turistik zonasi, “Chorvoq” turistik zonasi hududidagi togʻ changʻi kurorti va arqon yoʻli boʻyicha loyihalar haqidagi maʼlumotlar delegatsiya aʼzolari eʼtiboriga havola etildi.

Xullas, uchrashuvda oʻzaro hamkorlik imkoniyatlari har tomonlama koʻrib chiqildi.

Maʼlumot uchun, Alshaya kompaniyalari guruhiga 1890 yilda asos solingan. U chakana savdo boʻyicha xalqaro operator boʻlib, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Rossiya, Turkiya va Yevropada keng tarqalgan. Alshaya portfelidan 90ga yaqin brend joy olgan. Ularning ichida Starbucks, H&M, Victoriaʼs Secret kabilar bor. Liboslar, kosmetika, oziq-ovqat, optika, farmatsevtika, uy va hordiq uchun tovarlar sotiladigan 4000dan ortiq doʻkonlarni boshqarib keladi. Koʻchmas mulk, qurilish, turizm infratuzilmasi va avtomobil savdosi ham ushbu xolding aktivlari sirasiga kiradi. Unda 53 mingdan ziyod xodim ishlaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?