Mashhur fransuz brendi Oʻzbekistonda qurilish mollari savdo tarmogʻini ochmoqchi

14:16 21 Fevral 2019 Jamiyat
412 0

Leroy Merlin Oʻzbekistonda oʻz filialini ochishni istamoqda. Bu haqda kecha boʻlib oʻtgan oʻzbek-fransuz biznes forumida maʼlum qilindi.

Mazkur forum doirasida tomonlar energetika, logistika, injiniring, qurilish materiallari ishlab chiqarish, kosmetika, elektronika kabi qator yoʻnalishlarda hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi

CCI France Russie bosh direktori oʻrinbosari Nikolya Dyukre Oʻzbekistonda investitsiyaviy muhit yaxshilanib borayotgani, shuning uchun fransuz kompaniyalari mamlakatga biznes uchun salohiyatli joy sifatida qarashayotganini taʼkidlab oʻtdi.

Ulardan biri qurilish materiallari boʻyicha yirik savdo tarmogʻi Leroy Merlindir. Mazkur brend yurtimizda oʻz filialini ochmoqchi. Fransuz kompaniyalariga huquqiy maslahatlar berish bilan shugʻullanadigan Urus Advisory kompaniyasi direktori Aleksandr Teddining aytishicha, bunday misollar oʻnlab topiladi.

Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Violen De Vilmor shu yil mart oyi oxirida Oʻzbekistonda Fransiya iqtisodiyoti haftaligi oʻtkazilishini maʼlum qildi. Unda koʻplab mashhur fransuz kompaniyalari ishtirok etishi kutilyapti.

Forumda 2018 yil yakuni boʻyicha ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi 360 mln. dollarga yetgani, bu 2017 yildagiga nisbatan 19 foiz koʻp ekanligi alohida aytib oʻtildi.

Eslatib oʻtamiz, Leroy Merlin vakillari oʻtgan yil ham mamlakatimizga tashrif buyurishgandi. Oʻshanda ular Les Laboratories Servier, Schneider Electric, Aggreko, Legrand, Aereco, Franko-Rossiya SSP (CCIFR), MK3, “Spektrum” kompaniyalar guruhi, SNF, “RJD Logistika”, Electroshield Samara, CNIM, Clemessy, Commerzbank kabi kompaniya va tashkilotlar joy olgan fransuz delegatsiyasi tarkibida kelishgan. Ular yurtimizning sarmoyaviy imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib ketishgandi.

Maʼlumot uchun, Leroy Merlin Yevropadagi eng yirik DIY-riteyler(xoʻjalik mollari savdosi)laridan biridir. Unga 1923 yilda asos solingan.

Kompaniya oʻz formati bilan mashhur. Gap shundaki, uning gipermarketlari maydoni odatda 5-6 ming va koʻpincha 10 ming kvadrat metrdan iborat boʻladi hamda millioner-shaharlar hamda mintaqaviy markazlar tashqarisiga joylashtiriladi.

Uning doʻkonlari oʻz-oʻziga xizmat shaklida ishlaydi. Xodimlari esa faqatgina tovarlarni taxlash hamda mijozlarga konsultatsiya berish bilan shugʻullanadi.

Leroy Merlin 2015 yilda oʻz yoʻnalishi boʻyicha Fransiyadagi eng yirik tarmoqqa aylandi. Oʻshanda u mahalliy bozorning 37 foizini egallagan edi. Ayni paytda ushbu riteyler Braziliya, Gretsiya, Ispaniya, Italiya, Xitoy, Kipr, Polsha, Portugaliya, Rossiya va boshqa davlatlarda faoliyat yuritib kelyapti. Yillik aylanmasi 2014 yilda 14 mlrd. yevrodan oshib ketgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?