Markaziy saylov komissiyasi a'zosi: “Nomzodlarning tarjimayi holini tahrir qilish va xatosini toʻgʻrilash MSKning vazifasiga kirmaydi. Bu nomzod va siyosiy partiyalarning ishi“

19:07 17 Dekabr 2019 Siyosat
576 0

Bugun Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida navbatdagi majlisi hamda brifing boʻlib oʻtdi. Unda MSK aʼzolari va masʼul xodimlari, siyosiy partiyalar hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Quyida ularda bildirilgan tahliliy-tanqidiy fikrlar, faktlar, takliflarning ayrimlarini eʼtiboringizga havola etamiz.

Mirzo-Ulugʻbek Abdusalomov, Markaziy saylov komissiyasi raisi:

— Saylov okrug va uchastkalarida xizmat maoshini olmagan xodimlarga shu hafta xizmat haqlari yetkazilsin.

Ayrim uchastkalarda xodimlarning xizmat pullariga koʻz olaytirish va oʻzlashtirish holatlari kuzatilmasidan oldin ogohlantirmoqchiman: agar shunday holat kuzatilsa, prokuraturaga holat yuzasidan xabar beramiz va bu shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi.

... Saylov uchastkalarida saylov byulletenlarini qoʻriqlash masalasini ishonchli tarzda yoʻlga qoʻyishimiz kerak. Bu masalaga viloyat, tuman, shahar saylov okrugi rahbarlari javobgar. IIV va Milliy gvardiya xodimlari ham jalb qilingan.

Maxmud Istamov, MSK raisi oʻrinbosari:

— 22-dekabr kuni boʻladigan saylovlarda 70 dan ortiq xorijiy ommaviy axborot vositalarining 99 nafar jurnalistlari ham qatnashadi. Buyuk Britaniyaning BBC, Rossiyaning “Rossiya segodnya” va TASS, AQSHning “Bloomberg” axborot agentliklari, Yaponiyaning “Nikkei”, Fransiyaning “Radio France International” va “LʼOpinion”, Germaniyaning Nae Saytn (“Neue Zeiten”) jurnal va gazetalari shular jumlasidandir.

... Markaziy saylov komissiyasi ijtimoiy tarmoqlarda ayrim deputatlikka nomzodlarning plakatlaridagi qoʻpol xatoliklar haqida chiqqan maʼlumotlarni, ularga nisbatan yurtdoshlarimizning bildirgan munosabatlarini ham kuzatib bormoqdamiz.

Markaziy saylov komissiyasi targʻibot plakatlarida yoʻl qoʻyilgan bunday kamchiliklarni keskin qoralaydi.

Bu siyosiy partiyalar tomonidan ham, deputatlikka nomzodlar tomonidan yoʻl qoʻyilgan xatolik emas, saylovchiga boʻlgan hurmatsizlik deb baholaymiz.

… Bugungi kunda Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatida eʼlon qilingan saylovchilar soni 20 million 503 ming 462 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 10 147 772 nafari erkaklar, 10 355 690 nafari ayol saylovchilardir.

Saylovchilarning 1 721 358 nafari yoki 8,4 foizi xorijiy davlatlarda tuzilgan 55 ta saylov uchastkasiga biriktirilgan. Qolgan qismi respublikamiz hududidagi 10 260 ta saylov uchastkasidan birida ovoz beradi“.

... Joriy saylovlarda Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati va Saylov jarayonlarini boshqarish axborot tizimi ilk marotaba butun mamlakat miqyosida qoʻllanilmoqda.

... 170 mingdan ortiq turli darajadagi okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolariga transport va boshqa xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiya toʻlovlari toʻlanishi toʻliq taʼminlangani toʻgʻrisida hududiy saylov komissiyalari tomonidan axborot berildi“.

… 12-16-dekabr kunlari natijalariga koʻra Oʻzbekiston hududidagi saylov uchastkalarida 20 479 nafar shaxs muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalandi.

Bunda eng koʻp Qoraqalpogʻiston Respublikasiga 2 842 nafar shaxs toʻgʻri kelmoqda. Eng kam 438 nafar shaxs Sirdaryo viloyatida muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalangan.

… Joriy yilning 15-noyabridan boshlab barcha uchastka saylov komissiyalari tizimdan oʻzlariga tegishli saylovchilar roʻyxatlarni olib, ularga uyma-uy yurib aniqlik kiritib bordilar.

Oʻzbekistonda aholining oxirgi xatlovi 30 yil oldin 1989-yilda qilingan. Umumdavlat miqyosida bunga oʻxshash yagona maʼlumotlar bazasi birinchi marotaba joriy qilinmoqda. Shuning uchun ham tizimda ayrim noaniqliklar mavjud boʻlishi mumkin. Bu saylovchining eski turar joy manzili boʻyicha roʻyxatga olingani, saylov uchastkasi notoʻgʻri koʻrsatilgani kabilar.

.. 16-dekabr kuni ovoz berish natijalariga koʻra 62 007 nafar xorijda istiqomat qilayotgan fuqarolar muddatidan oldin ovoz berishda qatnashdilar.

Gulnoza Ismoilova, MSK aʼzosi:

— YEXHT demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi missiyasi tomonidan eʼtiborni kuchaytirish lozim boʻlgan ayrim jihatlari mavjud.

Jumladan, Siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga siyosiy partiyalar va nomzodlarning saylovoldi dasturlarini ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek saylovchilar bilan uchrashuvlar tashkil etish orqali yoritish va aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirishi;

ommaviy axborot vositalari vakillariga siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari oʻzaro tahlil qilingan holda ularni yoritib borishni kuchaytirish, shuningdek omma oldida oʻtkazilgan ochiq munozaralar (debatlar) boʻyicha yakuniy tahliliy fikrlarini taqdim etish taklifi berilgan.

... Saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri soʻrovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, oʻtkazilayotgan saylov bilan bogʻliq boshqa tadqiqotlarni eʼlon qilish (hammaga maʼlum qilish), shu jumladan axborot tarmoqlariga, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻiga joylashtirish taqiqlanadi“ - deya Saylov kodeksining 103-moddasida oʻrnatilgan.

Saylov kuni tashviqot qilish qatʼiyan man etiladi. Saylov qonunchiligini buzganligi uchun javobgarlik muqarrar. Har bir saylovchi jamoatchilik tomonidan hech qanday bosimlarsiz oʻz tanlovini amalga oshirmogʻi darkor.

Sherzodxon Qudratxoʻjayev, MSK aʼzosi:

— Ijtimoiy tarmoqlarda guvohi boʻlmoqdamizki, ayrim nomzodlarning tarjimayi holida koʻp imloviy va faktologik xatolar mavjud.

Bunday holatlarda baʼzilar Markaziy saylov komissiyasini ayblashmoqda. Lekin nomzodlarning tarjimayi holini tahrir qilish va xatosini toʻgʻrilash MSKning vazifasiga kirmaydi. Bu nomzod va siyosiy partiyalarning ishi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?