Markaziy Osiyodagi yagona zavod Andijonda ishga tushirildi

14:50 30 Aprel 2018 Iqtisodiyot
619 0

Andijon viloyati Andijon tumanida Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan insulin ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan zavod ishga tushirildi.

Mazkur yangilik  Prezidentimizning 2017 yil 2-3 iyun kunlari Andijon viloyatiga amalga oshirgan tashriflarida bergan topshiriqlari hamda 2017 yil 23 fevraldagi “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi. “Zamin Bio Health” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli zavod “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankining moliyaviy ko‘magi asosida tashkil etildi. Bu haqda mazkur moliya muassasasi matbuot xizmati xabar berdi. 

Ma’lumot uchun, mazkur noyob korxonani bunyod etish ishlari 2016 yil oktyabr oyida boshlandi va qurilish ishlariga pudratchi sifatida Markaziy Osiyo, Rossiya va Yaqin Sharqda katta tajribaga ega bo‘lgan “Gulf pharmaceticals industries” kompaniyasi jalb qilindi. 

Qurilish-montaj ishlari va zavodni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash uchun “Trastbank”ning Andijon filiali tomonidan 14 milliard so‘m miqdorida kredit ajratilgan. 

Korxona rahbari Avazbek Nizomovning aytishicha, zavodning ishga tushirilishi Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, nafaqat yurtimiz aholisiga to‘liq hajmda insulin dori vositalarini arzon va sifatli yetkazib berish, balki butun Markaziy Osiyo davlatlariga mahsulot eksporti hajmini oshirishga erishiladi.

— Shuni alohida qayd etish lozimki, qandli diabet kasalligi bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi – deydi u. — Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, amalda qandli diabet bilan kasallangan bemorlar sonida yildan yilga o‘sish kuzatilmoqda. Bugungi kunga kelib, O‘zbekistonda 270 ming aholi qandli diabet kasalligiga chalingan. Shundan 18 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi o‘rtasida qandli diabet bilan kasallanganlar katta yoshdagi aholining 0,5 foizini tashkil qilib, har 12-15 yilda 2 barobar ko‘paymoqda.

Hozir bir yil mobaynida O‘zbekiston aholisiga jami 2 million 200 ming dona “Insulin” dori vositasi zarur. Uning har bir donasi 3-4 AQSh dollari evaziga chet eldan keltirilmoqda. Zavodimizning ishga tushirilishi mazkur dori vositasini 2,5 AQSh dollaridan yetkazib berish imkoniyatini tug‘diradi. Ayni chog‘da yuz nafar andijonlik  yosh yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlandi. Kelajakda qo‘shimcha ravishda 23 nafar kollej bitiruvchisini ham ishga qabul qilishni rejalashtirganmiz.

Istiqbolda korxonamiz orqali yiliga 2 million AQSh dollari miqdorida “Insulin” dorisini eksport qilish rejalashtirilgan. Ushbu chora-tadbirlar natijasida biz import o‘rnini qoplash, eksportni rivojlantirish, farmatsevtika bozorida narx-navo mutanosiblashini ta’minlashga hissa qo‘shamiz. Shuningdek, zavodimizda yiliga 10 mln. dona flakondagi insulin dori vositasi tayyorlanadi. Bu esa qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun arzon preparatlar yetkazib berilishiga xizmat qiladi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?