Markaziy Osiyodagi eng sersuv buloqlardan biri qayerda joylashgan?(fotojamlanma)

11:26 19 Avgust 2019 Jamiyat
889 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Nurota mamlakatimizning “Buyuk ipak yoʻli”dagi yirik manzillaridan biri hisoblanadi. Uning goʻzal Chashmasi dengiz sathidan besh yuz oʻttiz metr balandlikda shaharning janubiy qismidagi ikki buloq suvidan hosil boʻlib, deyarli butun shahar boʻylab tarqaladi.

Chashma sobiq shoʻro zamonida xurofot oʻchogʻi deya qaralib, oddiygina suv manbai, meʼmoriy obidalar esa turli xoʻjalik maqsadlarida ishlatildi. Shu oʻrinda majmuadagi osori atiqalar oʻtgan asrda 1912-yili mahalliy zodagon Eshoni Sudur tomonidan tubdan taʼmirlanib, keyinchalik umuman eʼtibor berilmaganligini taʼkidlamoq joiz. Yurtimizda osori atiqalar oʻlmas maʼnaviy merosimizga eʼtibor kuchaygach, Nurota Chashmasida ham taʼmirlash, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Buloqlar koʻzi ochilib, yana fayzli maskanga aylandi. Sayyohlar, ziyoratchilar kelib ketishlari uchun qulayliklar yaratilmoqda.

- Ayniqsa, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tumanimizga tashrifi nurotaliklar hayotida, Chashma tarixida ulkan oʻzgarishlar olib keldi, - deydi mehnat faxriysi Suyun Qulmonov. - Chashma fayzli maskanga aylandi. Ziyoratchilar, sayyohlarning qadami uzilmaydi. Albatta, mehmon kelgan maskanda baraka boʻladi. Yurtboshimiz Chashmaga baraka olib keldi.

Nurota chashmasi va uning tarixi yurtimizning oʻrganilmagan joylari sirasiga kiradi. Toʻgʻrirogʻi, shu paytga qadar oʻtkazilgan tadqiqotlar ateistik asosda faqatgina chashma suvi tarkibini aniqlashga qaratilib, u tarkibida xlor, sulfat, kaliy, magniy, kremniy, karbonat, natriy, oltin va kumush ionlari mavjud degan ilmiy xulosalardan iborat, xolos. Shu bois noilmiy, taxminiy xulosalar, rivoyatlar vaqti-vaqti bilan paydo boʻlib turadi. Bu, ayniqsa, suv va oftob nuri oʻzaro taʼsiri bilan bogʻliq boʻlib, yilning, sutkaning maʼlum vaqtida koʻplab ziyoratchilarni oʻz atrofiga toʻplaydi. Yaʼni baliqlar hosil qilgan halqoblarda nur ajib bir goʻzallik bilan atrofga yoyiladi. Rodonli gazlarning mayda pufakchalarida jilva topayotgan kamalakning yetti jilosi butun suv yuzasini tutib, goʻyo suv tubidan chiqib kelayotgandek taassurot uygʻotadi. Biroq suvning birlamchi ahamiyati, asl mohiyati shahar hayotida muhim oʻrin tutishini unutmaslik lozim.

-Chashma tufayli bu yerda hayot, shahar shakllangan, - deydi viloyat oʻlkashunoslik muzeyi rahbari Musallam Ibragimova - Qolaversa, bir chashmadan suv ichgan shahar ham aynan Nurota shahri hisoblanadi. Chashmaning yaqin yoshi bir million yildan ziyod, atrofidagi madaniy qatlam yoshi esa 35-40 ming yilni tashkil qiladi. Chashma Markaziy Osiyodagi eng sersuv buloqlardan biri hisoblanib, undan sekundiga 400-420 litr suv qaynab chiqib, butun shaharni suv bilan taʼminlaydi.

Zamon, talab va mezon oʻzgarmoqda. Bugun Chashma atrofida yana bunyodkorlik ishlari avjida. Majmua ulugʻvorligini taʼminlash maqsadida zarur infra tizim, sayyohlikning jahon andozalariga mos qulayliklari yaratilmoqda. Bu yerda amalga oshirilgan ishlar koʻlamini va pirovardida Majmua qanday qiyofa kasb etishini soʻz bilan ifodalash mushkul. Albatta, yuz marta eshitgandan bir bor koʻrgan afzal.

 

Chashmada baliq va qushlar birga suv ichadi

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"


Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?