Markaziy Osiyoda yagona loyiha Navoiy shahrida ishga tushirildi

16:44 30 Iyun 2020 Iqtisodiyot
224 0

Navoiy viloyati hokimligi hamda “Sensorika” MCHJ tomonidan Hotspot – WiFi tarmoqlarini innovatsion boshqarish tizimi startap loyihasi doirasida amalga oshirilgan mazkur yangilik Respublika Innovatsion rivojlanish vazirligining granti asosida joriy etildi.

U Markaziy Osiyoda yagona boʻlib, aynan Navoiy shahrida amalga oshirilishi shaharning barcha hududlarini yagona markazlashgan bepul WiFi tarmogʻi bilan qamrab olish imkonini taqdim etmoqda.
 

Hotspot dasturi Oʻzbekistonda WiFi tarmoqlarni boshqarish innovatsion server dasturi hisoblanib, turizm obyektlari, davlat tashkilotlari va tadbirkorlik hamda boshqa bir qator hayotiy sohalarda simsiz tarmoqni boshqarish imkonini beradi.

Dasturning server qismi yordamida mijozlarni WiFI tarmoqqa SMS orqali ulash va identifikatsiya qilish, ularga turli maʼlumotlar xamda reklama koʻrsatish orqali internetga kirish uchun ruxsat berish tizimi hisoblanadi.

Loyihaning ishga tushirilishi marosimida Navoiy viloyati hokimi K.Tursunov ishtirok etib, shaharni WiFi tarmogʻi bilan taʼminlashni boshlaydigan ramziy pult orqali loyihaga start berdi.

Navoiy shahrining 100 ga yaqin nuqtalarida maxsus ZOOM dasturi orqali markaziy boshqaruv maskaniga bogʻlangan shaharlik yoshlar viloyat hokimi bilan onlayn muloqotga kirishib, oʻzlarining quvonch hamda yangilik dillariga solayotgan orzu - niyatlarini bayon etdilar.

— Ushbu qulaylik eng avvalo tengdoshlarimizning raqamli texnologiyalar va raqamli iqtisodiyotga boʻlgan qiziqishlarini oshirish bilan birga unda bevosita oʻzlarining kreativ gʻoyalari bilan ishtirok etish imkonini ham yaratadi, - deydi shaharning 15-maktab hududidan aloqaga chiqqan Shahzod Sayfullayev. – Albatta, ishontirib aytamanki, tengqurlarim bu yangilikdan faqat ezgu niyatlarda foydalanishadi.
 

— Mazkur loyiha “Ilm maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” yilida mamlakatimizda yangi texnologiyalarni jadal oʻzlashtirish orqali aholi, ayniqsa, yoshlarning axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishlariga shart-sharoit yaratib berish bilan birga, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlaridan tadbirkorlik subyektlari, ijtimoiy-iqtisodiy soha vakillarini oʻz vaqtida xabardor qilishi bilan oʻta ahamiyatli, - deydi “Sensorika” MCHJ rahbari Norbek Arziyev. — Shu bilan birga butun dunyoda davom etayotgan pandemiya sharoitida fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, masofadan turib ishlash, aholining internetga boʻlgan ehtiyojini qoplashda har tomonlama yengillik yaratilib, pandemiya davrida yuzaga keladigan moliyaviy qiyinchiliklar davrida ham aholining zamonaviy axborot texnologiyalari orqali siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy va turli voqeliklardan muntazam ravishda xabardor boʻlishlarini taʼminlaydi. Shuningdek, umumtaʼlim maktablari hamda oliy va oʻrta maxsus bilim yurtlarida olib boriladigan dars jarayonlarida oʻquvchi va talabalarga, qolaversa, oʻqituvchilarga bir qator qulayliklar yaratib, yoshlarning IT texnologiyalariga boʻlgan qiziqishlarini oshirib borish va ular orasidan iqtidorlilarni saralash hamda qoʻllab-quvvatlash imkoniyatini yaratadi.

Taʼkidlash joiz, dasturni moliyalashtirish ishlari Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ayni paytgacha loyiha doirasida Latviyaning Mikrotik kompaniyasidan 218 million soʻmlik WiFi qurilmalari olib kelindi.

Bugun ushbu loyihaning ishga tushirilgan dastlabki bosqichida Navoiy shahrida 150 dan ortiq nuqtalarga zarur texnik uzatma moslamalari (routerlar) oʻrnatildi. Ushbu jarayon joriy yil oxiriga qadar yakunlanib, Navoiy shahrida jami 400 ta shu kabi moslamalar oʻrnatiladi hamda 6-10 kilometr radiusda butun shahar boʻylab WiFI tarmoqlari barqaror ishlashi taʼminlanadi.
 

— Loyiha doirasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida Toshkent, Samarqand, Navoiy, Fargʻona va Olmaliq shaharlarida bir nechta mehmonxona va parklar tizimga ulandi va muvaffaqiyatli ishlamoqda, — deydi Navoiy viloyati hokimi matbuot kotibi Dilshod Mamarajabov. — Bundan tashqari Buxoro viloyati hokimligi, Samarqand viloyati IstTelekom provayderi, Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi tadbirkorlik subyektlari bilan dasturni ushbu hududlarda keng targʻib qilish boʻyicha manzilli kelishuvlarga erishildi.

Qoʻshimcha qilish joiz, mazkur loyiha va boshqa innovatsion dasturlar boʻyicha amaliy ishlar nafaqat Navoiy shahrida, balki viloyatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich olib borilmoqda.

Xususan, Zarafshon shahrida “CITY WIFI” MCHJ tomonidan “Aqlli shahar” loyihasi asosida dastlabki amaliy ishlar boshlangan boʻlib, joriy yil oxiriga qadar butun Zarafshon shahri toʻliq WiFI tarmoqlari bilan qamrab olinishi koʻzda tutilgan

Bundan tashqari bu kabi amaliy ishlarning uzviy davomi keyingi bosqichda Uchquduq shahrida hamda barcha tuman markazlarida yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.

Temur ESHBOYEV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?