Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi

13:30 29 Noyabr 2019 Siyosat
705 0

Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi boshlandi.

Sammit ishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronboy Jeenbekov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etmoqda.

Delegatsiyalar rahbarlarining birgalikda suratga tushish marosimi boʻlib oʻtdi.

Soʻng davlat yetakchilarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.

Davlatimiz rahbari hamkasblarini samimiy qutlab, ushbu uchrashuv hayot talabi, tomonlarning yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash va sheriklikni kengaytirishga intilishi ifodasi ekanini taʼkidladi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli oxirgi yillarda koʻplab murakkab masalalarga yechim topildi. Bu ijobiy oʻzgarishlar xalqlarimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlandi hamda butun dunyoda yuqori baholandi.

Shu bilan birga, tez oʻzgarayotgan dunyoda yangidan yangi masalalar kun tartibiga chiqmoqda. Mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlar, barqaror rivojlanishga halal beruvchi omillar paydo boʻlmoqda. Bu oʻzaro ishonchga asoslangan sheriklikni mustahkamlashni, saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishni talab etmoqda.

Yetakchilarning mazkur uchrashuvi oliy darajadagi mintaqaviy muloqotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.

– Yaratganning inoyati bilan biz qoʻshnilarmiz. Xalqlarimizning tarixi va taqdiri, kelajagi chambarchas bogʻliq. Bu esa mintaqamizni birlashtiruvchi katta kuchdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda koʻp tomonlama hamkorlik boʻyicha yagona nuqtayi nazarni kelishish zarurligini taʼkidlab, uning asosiy yoʻnalishlari haqida oʻz fikrlarini bildirdi, qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Bu, avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirishdir. Katta bozorga ega, tabiiy xomashyo va inson resurslari salmoqli boʻlgan mintaqamizning raqobatdosh ustunliklarini imkon qadar toʻliq ishga solish muhim. Qoʻshilgan qiymat zanjirini shakllantirish, mintaqa ichidagi savdoni kengaytirish, ish oʻrinlarini yaratish maqsadida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yangi imkoniyatlarni aniqlash va kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish lozim.

Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, avtomobilsozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik sanoati, agrar tarmoqda faol hamkorlik qilishga tayyor ekani bildirildi.

Prezidentimiz shu maqsadda Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari investitsiyaviy forumini tashkil etish, savdo-sanoat palatalari rahbarlari uchrashuvlarini har yili oʻtkazishni taklif qildi.

Ikkinchi muhim yoʻnalish – mintaqaning transport jihatidan oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlash va tranzit salohiyatini roʻyobga chiqarish.

Markaziy Osiyoning transport tizimi yaratilayotgan zamonaviy logistika infratuzilmasidan foydalangan holda mintaqa ichida uzluksiz kommunikatsiyani taʼminlashi, shuningdek, tobora ortib borayotgan tranzit oqimlariga samarali xizmat qilishi lozimligi taʼkidlandi.

Transport kommunikatsiyalari boʻyicha mintaqaviy kengash tuzilishini, Markaziy Osiyo transport tizimini birgalikda rivojlantirish boʻyicha dastur va bitimning kelishilishini tezlashtirish muhimligi qayd etildi.

Uchinchidan, mintaqamizning uzoq muddatli manfaatlarini hisobga olgan holda energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish zarurligi, Oʻzbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini oshirish, zamonaviy energetika infratuzilmasini yaratish borasidagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekani taʼkidlandi.

Mamlakatlarimizning ulkan turizm salohiyatini amalga oshirish yana bir istiqbolli yoʻnalishdir. Davlatimiz rahbari buning uchun Markaziy Osiyoning yagona, koʻpchilik taniydigan turizm brendi, mintaqa uchun umumiy boʻlgan jozibador turizm mahsulotlarini shakllantirish lozimligiga eʼtibor qaratdi.

Shu maqsadda Prezidentimiz “Markaziy Osiyo boʻylab sayohat” xalqaro turizm konferensiyasini oʻtkazish taklifini bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev suvdan foydalanish borasidagi muammolarni hal etishga doir oʻzaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishni taklif etdi, Afgʻonistonda tinchlik, milliy murosa va iqtisodiy tiklanishga erishishga koʻmaklashish yoʻlida mintaqa mamlakatlarining saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish muhim ekanini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?