Markaziy harbiy okrugida jurnalist va blogerlar oʻrtasida birinchi marotaba harbiylashgan musobaqa oʻtkaziladi

13:53 15 Iyul 2019 Jamiyat
273 0

Markaziy harbiy okrugi qoʻmondonligi tashabbusi bilan 17-iyul kuni Jizzax viloyatidagi “Forishʼʼ togʻ poligonida internet nashrlarida hamda mustaqil faoliyat yuritayotgan jurnalistlar va blogerlar oʻrtasida harbiylashgan musobaqa boʻlib oʻtadi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati maʼlum qildi.

Mudofaa vazirligi miqyosida birinchi marta oʻtkazilayotgan ushbu musobaqa shartlariga koʻra, jurnalist va blogerlar poligonda oʻq otish mashqlarini bajarib, har biri pistolet hamda avtomatdan merganlik qobiliyatini sinovdan oʻtkazishadi. Shu bilan birga, musobaqa ishtirokchilari jangovar texnikalardagi ekipaj tarkibida 10 kmga harakatlanish, kunning ikkinchi yarmida axloqiy-ruhiy toʻsiqlar yoʻlagidan oʻtish kabi vazifalarni bajaradi.

Shuningdek, asosiy tadbirlar rejasiga,konsert dasturi, harbiy orkestr va qoʻl jangi chiqishlari hamda taqdirlash marosimi oʻtkazilishi kiritilgan.

Tanlov yakunida Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov bilan davra suhbati oʻtkazilib, otish tayyorgarligidan eng yuqori natija koʻrsatgan bir nafar jurnalist va blogerga qoʻmondonning maxsus sovgʻasi topshiriladi.

Musobaqaning barcha ishtirokchilariga esdalik uchun harbiy anjomlar beriladi.

Tanlov bir kun ertalabki soat 09.00dan 21.00ga qadar boʻlib oʻtadi. Jurnalist va blogerlarni poytaxtdan kelib-ketishi uchun texnika ajratiladi.

Maʼlumot oʻrnida, Markaziy harbiy okrugi Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yilda tashkil etilgan boʻlib, uning tarkibiy boʻlinmalari Jizzax, Samarqand hamda Navoiy viloyatlarida joylashgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?