Markaziy bank va VISA hamkorlik boʻyicha kelishuvga erishdi

16:33 14 May 2019 Iqtisodiyot
346 0

Markaziy bank va VISA xalqaro toʻlov texnologiyalari kompaniyasi Oʻzbekistonda raqamli toʻlov infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini birgalikda amalga oshirish boʻyicha oʻzaro anglashuv va hamkorlik memorandumini imzoladilar.

Memorandumga koʻra, tomonlar Oʻzbekistonda raqamli toʻlovlar infratuzilmasini birgalikda yaratish, yangi raqamli toʻlov mahsulotlarini joriy etish yoʻli bilan elektron toʻlovlarni qabul qilish tarmogʻini kengaytirish va raqamli toʻlovlarni rivojlantirishga qaratilgan meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqishda hamkorlik qilishadi.

Shuningdek, tomonlar butun mamlakat boʻylab kartalarni qabul qilishni kengaytirish va elektron tijoratni rivojlantirish dasturlarini banklar va savdo subyektlariga risklarni boshqarishning ishonchli vositalarini taqdim etish orqali amalga oshirishga kelishib oldilar.

Hamkorlik doirasida tomonlar mahalliy banklar bilan mobil va elektron toʻlovlar xavfsizligini taʼminlash uchun karta hisob raqamlarini belgilashni (tokenlashtirish) joriy etish, shuningdek, xatarlar va firibgarlik operatsiyalari boʻyicha maʼlumotlar almashish boʻyicha ish olib borishni rejalashtirmoqdalar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?