Markaziy bank qimmatli qogʻozlar qachondan muomalaga chiqarilishini eʼlon qildi

09:32 20 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
492 0

Illyustrativ foto

2018 yilning 26 – 28 dekabr kunlari Moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda davlat qimmatli qogʻozlari bilan operatsiyalarni amalga oshirish amaliyotini qayta yoʻlga qoʻyadi. Qimmatli qogʻozlar bir million soʻmlik nominal qiymatida 6 oylik, 1 yillik hamda 3 yillik muddatlar uchun muomalaga chiqariladi. Bu haqda Markaziy bank telegram kanalida maʼlum qilingan.

Davlat qimmatli qogʻozlari Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tasarrufida boʻlgan barcha aktivlar bilan taʼminlangan va Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan tijorat banklari va yuridik shaxslar oʻrtasida joylashtiriladi. Uning foiz toʻlovlari Moliya vazirligi tomonidan, muomalaga chiqarish shartlariga muvofiq, ularning toʻliq amal qilish muddatlari davomida amalga oshiriladi va davlat qimmatli qogʻozlari boʻyicha foizli daromadlar daromad soligʻidan ozod etiladi.

Mazkur qimmatli qogʻozlarning likvidligi ularning ikkilamchi bozorda sotish imkoniyati bilan taʼminlanadi. Bunda investorda pul mablagʻlariga ehtiyoj vujudga kelgan holatda, ular oʻzlariga tegishli davlat qimmatli qogʻozlarini ikkilamchi bozorda hech qanday cheklov va xarajatlarsiz sotish imkoniyatiga ega boʻladilar. Oʻz navbatida, Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda ularni ikkilamchi bozorda doimiy muomalada boʻlishini qoʻllab-quvvatlash orqali davlat qimmatli qogʻozlarining yuqori likvidliligini taʼminlaydi yaʼni ikkilamchi bozorda ularga talab boʻlmagan hollarda Markaziy bank ularni sotib oladi.

Davlat qimmatli qogʻozlarining birlamchi joylashtirish Moliya vazirligi topshirigʻi bilan Markaziy bank tomonidan auksion oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.

Xabarda qayd etilishicha, davlat qimmatli qogʻozlari savdo yakunlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Markaziy bank va Oʻzbekiston Respublikasi valyuta birjasining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilib boriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?