Markaziy bank koronavirusdan saqlanish uchun naqd pullardan kamroq foydalanishga chaqirdi

00:30 18 Mart 2020 Iqtisodiyot
195 0

Oʻzbekiston Markaziy banki koronavirus tarqalishi va uni yuqtirib olish xavfini kamaytirish uchun bank xizmatlaridan foydalanish borasida bir qator tavsiyalar berdi.

Qayd etilishicha, Oʻzbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish, shuningdek, fuqarolarni ushbu virusdan himoyalash maqsadida Markaziy bank aholiga bank xizmatlaridan foydalanish chogʻida quyidagilarni tavsiya etadi.

* Aholi va yuridik shaxslarning vakillari tomonidan bank boʻlinmalariga bevosita tashrif buyurgan holda joriy toʻlovlarni amalga oshirish holatlarini kamaytirish maqsadida barcha shaxslardan toʻlovlarni amalga oshirishda imkon qadar bankning masofaviy xizmat koʻrsatish usullaridan, jumladan, internet-banking, banklarning mobil ilovalaridan hamda toʻlov tashkilotlari dasturlaridan keng foydalanish soʻraladi.

Shuningdek, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiyalariga koʻra, toʻlovlarni amalga oshirishda naqd pullardan foydalanish virus tarqalishiga olib keluvchi kanallardan biri boʻlishi mumkin.

Shu bois bank kartalaridan yoki muqobil elektron toʻlov turlaridan foydalanish tavsiya etiladi. Bunda toʻlovlarning kontaktsiz amalga oshirilishi yana-da xavfsiz hisoblanadi.

* Aholiga valyuta-ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirishda qulay shart-sharoit yaratish maqsadida tijorat banklari tomonidan tegishli bank infratuzilmalari yaratilgan. Xususan, respublika hududida qariyb 700 ta avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash bankomati oʻrnatilgan. Tez orada ularning sonini 1000 tadan oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, masofadan turib valyuta ayirboshlash imkonini beruvchi mobil ilovalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Fuqarolar banklarga bevosita murojaat qilmasdan mobil ilovalar orqali masofadan turib yoki avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash bankomatlari yordamida valyuta ayirboshlash operatsiyalarini kun-u tun rejimida amalga oshirish imkoniyati mavjud.

2020-yilning 18-martidan boshlab tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shoxobchalari odatiy ish vaqti rejimida, yaʼni soat 18:00 gacha faoliyat yuritishi taʼminlanadi. Ish vaqtidan tashqari, shu jumladan, dam olish va bayram kunlari avtomatlashtirilgan bankomatlar va mobil ilovalardan foydalangan holda valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish mumkin.

Bank xizmatlarini amalga oshirish boʻyicha savollar yuzasidan bevosita tijorat banklarining yoki Markaziy bankning +998712000044 raqamli “Ishonch telefoni”ga murojaat etish mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?