Markaziy bank ichki valyuta bozoridagi joriy holat va almashuv kursi dinamikasi toʻgʻrisida maʼlumot berdi

15:03 20 Avgust 2019 Iqtisodiyot
158 0

Illyustrativ foto

Markaziy bankning joriy yil 9-avgustdagi xabarida ichki valyuta bozorida yuz berayotgan oʻzgarishlarning sabablari bayon qilingan edi.

Soʻnggi kunlarda ichki banklararo valyuta bozori savdolarida almashuv kursi oʻzgaruvchanligining ortishi kuzatilmoqda. Xususan, 2019-yil 20-avgustdagi birja savdolarida soʻmning AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi 9384 soʻmni tashkil qildi.

Valyuta kursi holatidagi ushbu oʻzgarishlar valyuta bozorida mavjud talab va taklifning oʻzaro nisbatini inobatga olgan holda kursning keskin tebranishlari oldini olish maqsadida oʻrnatilgan joriy almashuv kursi tebranish koridorining bekor qilinishiga sabab boʻldi.

Avval xabar qilinganidek, soʻnggi oylarda ayirboshlash kursi dinamikasi quyidagi omillar taʼsirida shakllandi.

Birinchidan, jahon iqtisodiyotidagi xatarlarning ortishi va tashqi savdo munosabatlarida oʻzaro kelishmovchiliklarning keskinlashuvi AQSH, Xitoy, Yevrohudud va boshqa mamlakatlarda iqtisodiy oʻsish surʼatlarining pasayishiga olib keldi.

Bunda, koʻplab mamlakatlar, jumladan, Oʻzbekistonning asosiy savdo sheriklari boʻlgan davlatlar moliya bozorlarida mazkur oʻzgarishlar milliy valyuta kursi oʻzgaruvchanligi va qadrsizlanishining kuchayishiga sabab boʻlmoqda. Ushbu mamlakatlardagi milliy valyutalarning qadrsizlanish darajasi inflyatsiya darajasidan yuqoriroq boʻlib, bu oʻz navbatida, soʻm qadrining real maʼnoda oshishiga olib kelmoqda.

Ikkinchidan, yuqoridagi omillar iqtisodiyotdagi investitsion va kreditlash faolligining oshishi bilan bir qatorda eksport “narxining koʻtarilishi” va import jozibadorligining oshishi koʻrinishida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi va ichki bozorlarda narx raqobatbardoshligining pasayishiga sabab boʻlmoqda.

Natijada, soʻnggi yillarda ichki valyuta bozorida talabning barqaror oʻsishi kuzatilmoqda.

Jahon iqtisodiyotining joriy rivojlanish tendensiyasi sharoitida Markaziy bank valyuta kursi shakllanishiga tashqi omillar taʼsirining kuchayish ehtimoli mavjudligini inobatga oladi.

Shu bilan birga, Markaziy bank ichki valyuta bozoridagi vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etadi hamda tashqi omillar taʼsirini kamaytirish va asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar muvozanatini taʼminlash maqsadida bozor mexanizmlaridan foydalanadi.

Xususan, Moliya vazirligi bilan birgalikda ekspansion kreditlash va fiskal siyosatini cheklash orqali inflyatsiya va valyuta kursiga qoʻshimcha bosimni pasaytirish boʻyicha choralar koʻrib boriladi.

Valyuta bozorini yanada erkinlashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida joriy yilning 20-avgustidan boshlab tijorat banklari tomonidan naqd xorijiy valyutani sotish yoʻlga qoʻyiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?