Markaziy bank dollar kursi va aholi omonatlaridagi soʻnggi oʻzgarishlarga izoh berdi

14:15 16 Oktyabr 2019 Jamiyat
126 0

2019-yilning iyul-avgust oylarida ichki va tashqi omillar taʼsirida xorijiy valyutaga boʻlgan talabning oʻsishi kuzatildi va natijada milliy valyuta devalvatsiyasi tezlashdi. Xususan, 2019-yil yanvar-iyul oylarida AQSH dollarining almashinuv kursi 4 foizga (1 dollarga 8 336 soʻmdan 8 667 soʻmgacha) oshgan va oʻrtacha oylik oʻsish surʼati 0,6 foizni tashkil etgan boʻlsa, avgust oyida valyuta kursining keskin oʻsishi (8,2%) kuzatildi. Biroq sentyabr oyiga kelib, dollarning almashinuv kursi oʻzining avvalgi tendensiyasiga qaytdi va oylik oʻsish surʼati 0,5 foizgacha pasaydi. Bu haqda MB xabar berdi.

Milliy valyuta devalvatsiyasi aholining jamgʻarish kayfiyatiga va faolligiga ham taʼsir koʻrsatdi. Xususan, Markaziy bank tomonidan oʻtkaziladigan oylik soʻrov natijalari shuni koʻrsatadiki, 2019-yilning iyun-sentyabr oylarida omonatlarini xorijiy valyutada (shu jumladan, AQSH dollarida) saqlashni afzal koʻruvchi soʻrov ishtirokchilari ulushi koʻpaygan.

Bunda, jamgʻarmalarini naqd AQSH dollarida saqlashni afzal koʻruvchi respondentlar ulushi may oyidagi 19 foizdan avgust oyida 33 foizgacha, xorijiy valyutadagi omonatlarda saqlashni afzal koʻruvchilar ulushi esa may oyidagi 17 foizdan sentyabrda 24 foizgacha oshdi. Shu bilan birga, sentyabr oyida valyuta kursi barqarorlashganidan soʻng, jamgʻarmalarini naqd AQSH dollarida saqlashni afzal koʻruvchi soʻrov ishtirokchilari ulushi 33 foizdan 29 foizgacha pasaydi.

Nima deb oʻylaysiz, hozirgi paytda jamgʻarmani qanday koʻrinishda saqlagan maʼqul? (Barcha soʻrov ishtirokchilarining foizdagi ulushi)

Taʼkidlash lozimki, qisqa muddatli inflyatsion va devalvatsion kutilmalarning oʻsishiga qaramay, milliy valyutadagi depozitlarning keskin kamayishi yoki tarkibiy oʻzgarishlari roʻy bermadi. Bunda, oʻsish surʼati pasaygan boʻlsa-da, depozitlarning ijobiy dinamikasi saqlab qolindi.

Shu bilan birga, sentyabr oyi davomida jismoniy shaxslarning muddatli va jamgʻarma omonatlari ulushi 3 foizga bandga oshdi va 2019-yil 1-oktyabr holatiga jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi jami omonatlari qoldigʻining 72 foizini tashkil etdi. Umuman olganda, milliy valyuta devalvatsiyasi milliy valyutadagi muddatli va jamgʻarma omonatlarining ulushini sezilarli darajada oʻzgartirmadi.

Oʻz navbatida, soʻnggi ikki oyda milliy valyutadagi depozitlar boʻyicha foiz stavkalar oʻsuvchi tendensiyaga ega boʻldi. Xususan, joriy yilning avgust-sentyabr oylarida jismoniy shaxslarning muddatli omonatlari boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavka 1,0 foiz bandga oshib 18,8 foizga, yuridik shaxslarning muddatli omonatlari boʻyicha esa 0,8 foiz bandga oshib, 16,7 foizga teng boʻldi.

Sentyabr oyida xorijiy valyutadagi muddatli depozitlar boʻyicha foiz stavkalar deyarli oʻzgarishsiz qolib, jismoniy shaxslarning depozitlari boʻyicha 4,5 foizni, yuridik shaxslarning depozitlari boʻyicha esa 4,9 foizni tashkil etdi.

Shunday qilib, xulosa qilish mumkinki, Markaziy bankning inflyatsion kutilmalar toʻgʻrisidagi navbatdagi hisobotida keltirilganidek, jamgʻarmalarni milliy valyutadan xorijiy valyutaga oʻtkazish boʻyicha maʼlum kayfiyat shakllanganligi haqidagi xulosa amaliyotda oʻz aksini topmadi. Bu, birinchi navbatda, tijorat banklarining milliy valyuta kursi qadrsizlanishiga bozor tamoyillaridan kelib chiqib, milliy valyutadagi omonatlar boʻyicha foiz stavkalarini oshirish orqali munosabat bildirganliklari bilan izohlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?