Markaziy bank “Davr bank” oldiga jiddiy talab qoʻydi

22:04 08 May 2019 Iqtisodiyot
703 0

Markaziy bank “Davr bank” XATB Uchtepa filiali xodimlarining xatti-harakatlari boʻyicha fuqarolardan kelib tushayotgan eʼtirozlar bilan bogʻliq masalalar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.

Joriy yilning 7 may kuni Markaziy bank Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati rahbari “Davr bank” XATB xodimlari ustidan bank depozitiga qoʻyilgan pul mablagʻlarining noqonuniy oʻzlashtirilganligi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan shikoyat qilgan bir guruh fuqarolar bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻz navbatida, shikoyat qilgan mijozlarning bank tomonidan huquqlari buzilganligi toʻgʻrisidagi murojaati belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun qabul qilindi va shu kunning oʻzida shikoyat xatida koʻtarilgan masalalarga aniqlik kiritish uchun “Davr bank” XATB rahbarlari Markaziy bankka taklif etildi.

Markaziy bank tijorat banklari nomidan bank xodimlari tomonidan amalga oshirilgan har qanday xatti-harakatlar uchun bank toʻliq javobgar deb hisoblaydi. Shu munosabat bilan, “Davr bank” XATBga qisqa muddatda bank tomonidan mijozlarga yetkazilgan zararlarni keyinchalik aybdor xodimlardan regress huquqida talab qilish asosida qoplab berish yuzasidan koʻrsatma berildi.

Bank tomonidan jabrlangan mijozlarning masalalarini hal qilish boʻyicha amaliy choralar koʻrilmagan taqdirda, Markaziy bank tomonidan bankning ayrim operatsiyalarini toʻxtatishgacha boʻlgan qatʼiy choralar qoʻllaniladi.

Markaziy bank ushbu masalaga “Davrbank” XATB rahbariyatining eʼtiborsizligi, shu jumladan, filial mansabdor shaxslarining fuqarolarga qoʻyayotgan “jinoyat sodir etishga ularning oʻzlari sharoit yaratgan” kabi ayblovlarini nooʻrin deb hisoblaydi va bu holatlar bank aksiyadorlaridan bank rahbarlarini almashtirishni talab qilishga sabab boʻlishi mumkinligini qayd etadi.

Markaziy bank mazkur masala toʻliq bartaraf etilmagunga qadar amalga oshiriladigan barcha jarayonlar ustidan doimiy nazorat oʻrnatilishini maʼlum qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?