Markaziy bank: bank xizmatlarini koʻrsatishda qonunchilik talablariga rioya etmaslik holatlari mavjud

13:43 27 Dekabr 2019 Iqtisodiyot
408 0

Markaziy bankning Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga kelib tushayotgan murojaatlarning tahlili ayrim banklar tomonidan mijozlarga bank xizmatlarini koʻrsatishda qonunchilik talablariga rioya etmaslik holatlari mavjudligini koʻrsatmoqda. Bu haqda MB maʼlum qildi.

Masalan, Ipoteka-bank bilan fuqaro D.N. oʻrtasida 2018-yilda uy-joy sotib olish maqsadida kredit shartnomasi tuzilgan boʻlib, ushbu ipoteka krediti qarz oluvchiga yillik 9 (toʻqqiz) foiz stavka bilan ajratilgan. Biroq Ipoteka-bank kredit shartnomasi shartlariga amal qilmasdan, qarz oluvchiga kreditdan foydalanganligi uchun yillik 16 (oʻn olti) foiz stavkasida foiz hisoblagan.

Bundan tashqari, Agrobank tomonidan fuqaro A.O.ga tegishli boʻlgan bank kartasi orqali operatsiyalar amalga oshirilishi asossiz ravishda toʻxtatib qoʻyilgan va ushbu fakt haqida fuqaroga habar berilmagan.

Markaziy bank tomonidan isteʼmolchilarning huquqlarini tiklash bilan bir qatorda ularning huquqlarining buzilishiga yoʻl qoʻygan banklarga nisbatan ham javobgarlik choralari koʻrilmoqda.

Jumladan, bank xizmatlari koʻrsatishda yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklar uchun Ipoteka-bank va Agrobankdan Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 57-moddasiga muvofiq jarima undirildi.

“Bank xizmatlari isteʼmolchilari oʻz huquq va qonuniy manfaatlari banklar tomonidan buzilgan taqdirda Markaziy bankning Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga yozma ravishda yoki (71) 200-00-44 raqamli koʻp kanalli yagona “Ishonch telefoni” orqali murojaat etishlari mumkinligi bildiriladi” deyiladi xabarda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?