“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati oldiga qanday vazifalar qoʻyilgan?

18:35 11 Iyun 2019 Jamiyat
252 0

Bu haqda koʻpchilik eshitmagan boʻlishi tabiiy. Mazkur tashkilot Prezidentimizning 2019-yil 3-maydagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi qoshida tuzilgan.

Yoshlar ijod saroyida tashkil etilgan ushbu tashkilotning taqdimot marosimida qayd etilganidek, muassasaning mamlakatimiz maʼnaviy-maʼrifiy hayotida ahamiyati katta. Jamiyat aʼzolariga yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan huquqiy-meʼyoriy hujjatlar, Farmon va qarorlar, farmoyishlar, davlat dasturlari mazmun-mohiyatini aholiga sodda, qalbga yaqin usul va uslublarda tushuntirish, targʻibot qilish vazifalari yuklangan.

Xoʻsh, ushbu tashkilot bugun nega kerak boʻlib qoldi? Uning avval ham mavjud boʻlgan shu yoʻnalishlardagi jamiyatlardan oʻziga xosligi nimada?

Taʼkidlanganidek, ushbu muassasa ong va qalb uchun kurash ketayotgan bugungi global axborotlar muhorabasida milliy manfaatlar ifodachisi sifatida vatanparvar shaxslarni tarbiyalashga xizmat qiladi.

Targʻibotchilarning har xil balandparvoz gaplarsiz, samimiy va doʻstona ruhda faoliyat yuritishi esa ushbu tashkilotning oʻziga xosligidir. Bugun odamlar yolgʻon soʻzni koʻtarmaydi, quruq xitoblarni qabul qilmaydi. Aniq, turli sansolarliklarsiz ishni, soxta iddaolarsiz fikrni yoqlaydi, ularga ergashadi. Shu bois tashkilot aʼzolari targʻibotchilik ishlarini olib borish bilan birga, jamiyatning kayfiyati, fikr-qarashlarini oʻrganib, aholiga eng zarur axborotlarni berishga, hayotimizdagi voqea-hodisalarga tezkorlik bilan munosabat bildirishga, insonlarni ezgu ishlarga, yangi marralarga ruhlantirishga intiladi.

Marosimda “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasi” doirasida nashr etilgan “Yosh ota-ona kitobi”, “Baxtli bola maʼnaviyati”, “Maʼnaviyatshunoslik” kitoblari taqdimoti ham oʻtkazildi.

Dilshod KARIMOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?