Mariam Laxshi : “Davlat ishbilarmonlik rivojiga ustuvor ahamiyat qaratishi kerak, xususiy sektor islohotlar tashabbuskoriga aylanmogʻi lozim”

14:56 14 Iyun 2019 Jamiyat
325 0

Toshkentda “Markaziy Osiyo, Moʻgʻuliston, Kavkaz va Afgʻoniston” (“KAMKA”) VI mintaqaviy forumi davom etyapti. Unda 20 dan ortiq davlatdan 80dan ziyod ekspertlar va 160 ta yetakchi kompaniya ishtirok etmoqda. Tadbir formati fikr va tajriba almashish, mintaqada roʻy berayotgan jarayonlar haqida yaxshi tushuncha hosil qilish uchun noyob imkoniyat taqdim etmoqda.

Tashkilotchilarning fikricha, forum qandaydir siyosiy maqsadni koʻzlamaydi, balki mintaqaviy ahamiyatga ega boʻlgan, shu jumladan, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti masalalari boʻyicha muloqotga koʻmak berish uchun tuzilgan.

Joriy yilgi forum “KAMKA”: umumiy manfaatlar, umumiy intilishlar” mavzusiga bagʻishlandi. U yalpi majlislar, asosiy maʼruzalar va mintaqaviy savdo-sotiq, transport hamda tranzit, investitsiyalarni jalb qilish, mintaqaviy iqtisodiy va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, KAMKA mamlakatlarida tadbirkorlik va innovatsiyalar, inson kapitali va taʼlim, turizm va ommaviy axborot vositalari kabi mavzularni oʻz ichiga oladi.

Tadbirda Gruziyadan ham yetakchi ekspertlar va turli soha mutaxassislari qatnashmoqda. Chunonchi, Gruziya Innovatsiyalar va texnologiyalar agentligi raisi oʻrinbosari Mariam Laxshi ham oʻz fikrlari hamda tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

— Forum Markaziy Osiyo yuragida boʻlib oʻtayotgani diqqatga sazovor, — deydi M.Laxshi. — Tadbir platformasi mintaqa mamlakatlari oʻrtasida muloqotni yoʻlga qoʻyishda muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻzaro bu kabi aloqalar Buyuk Ipak yoʻli davridan boshlanganini shu oʻrinda alohida qayd etib oʻtish joiz. Fikrimcha, mazkur aloqalarni raqamli dunyo, xususan, aniq chegarasi yoʻq raqamli iqtisodiyot jadal ravnaq topayotgan yigirma birinchi asrda ham qayta tiklash maqsadga muvofiq. Mening chiqishim ham raqamli iqtisodiyot va ushbu sohadagi hamkorlikka bagʻishlandi. Zero, bu jabha nafaqat davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, balki muloqotlar shaffofligi va ochiqligi hamda jamiyat hayotining barcha jabhalarida raqamli texnologiyalar integratsiyasini taʼminlashda hal qiluvchi rol oʻynaydi.

Gruziyada axborot texnologiyalarini yaratish va ularni amaliyotga joriy etishda yetarli tajriba toʻplangan. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston ham taraqqiyotning ushbu yoʻlidan jadal ketyapti. Innovatsion rivojlanish vazirligi tuzildi va muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotir. Bugun biz innovatsiyalarga texnik koʻmak sifatida emas, balki mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti uchun imkoniyat sifatida qaramoqdamiz. Binobarin, Oʻzbekistonning sohaviy vazirligi bilan yaqindan aloqalarni yoʻlga qoʻyish, qoʻshma memorandum imzolash boʻyicha kelishib olish biz uchun muhimdir.

Ayni paytda Gruziya blokcheyn tizimini tatbiq etish boʻyicha dunyodagi yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Bu mamlakat iqtisodiy yuksalishiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bunday islohotlarni olib borish esa integratsiya jarayonlarini tezlashtirmoqda va rad etib boʻlmas ustunliklarga ega. Bu jarayonlarning himoyalanganligi, shaffofligi, markazlashishni bartaraf etish va qogʻozbozlik hamda vositachilarning yoʻq boʻlishidir. Shu maʼnoda tajribamiz bilan oʻrtoqlashish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz.

Mamlakat rivojida biznesning roli haqida gap ketganda, bu borada davlat-xususiy sherikchilikni taʼminlash muhim ekanligini taʼkidlash darkor. Bu ishbilarmonlik doiralari qanday islohotlarni roʻyobga chiqarish zarurligi, bozorga chiqishda qanday usullar kerakligini yaxshi tushunishlari uchun dolzarbdir. Binobarin, davlat tadbirkorlik rivojiga ustuvor ahamiyat qaratishi, xususiy sektor islohotlar tashabbuskoriga aylanmogʻi lozim. Gruziyada davlat va xususiy sheriklik taraqqiyotiga katta eʼtibor qaratilmoqda, mamlakat Bosh vaziri rahbarligi ostida maxsus komissiya tuzilgan. Bunday yondashuv davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi muloqotni yaxshilashga yordam beradi. Zotan, biznes ravnaqi uchun sobiq ittifoq davridan keyingi karaxtlik bosqichida odamlarning dunyoqarashini, ularning voqea-hodisalarga munosabatini oʻzgartirish kerak. Bu haqda jamiyatga, yoshu keksaga birdek maʼlumot berish joiz. Mazkur yoʻnalishda biznesni global bozorga olib chiqishga sezilarli koʻmak beradigan piar ham alohida rol oʻynaydi.

Gruziya va Oʻzbekiston — ishonchli sheriklar. Mutaxassislarimiz, jumladan, mamlakatlarni isloh etishda ishtirok etayotgan YETTB xalqaro maslahatchisi, Gruziya sobiq Bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili va boshqalar oʻzbekistonlik hamkasblari bilan oʻz tajriba hamda bilimlarini boʻlishishga tayyordir.

S.Qosimjonov tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?