“Marhum qaynonang uchun ham toʻlaysan!” yoki yana oʻqituvchilar, “Suvoqova“ DUK va MIB mashmashasi...

11:04 09 Fevral 2019 Jamiyat
679 0

Illyustrativ foto

“Xalq soʻzi ONLINE”. Elyorjon Ehsonov/Fargʻona. Bir necha kun avval internet saytlari orqali Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanidagi 49-maktab oʻqituvchilarining bank plastik kartalari Majburiy ijro byurosi tomonidan bloklab qoʻyilganligi keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etilgandi. Bugun sizlar bilan ana shu mavzuda ayrim mulohazalarni oʻrtoqlashmoqchimiz.

Oʻzbekiston tumani “Suvoqova” DUKning 18 ming kishilik abonentlar bazasidagi qarzdorlik va haqdorlik maʼlumotlariga tumandagi aksariyat aholi ishonmaydi. Chunki bu “baza” deganlari chalkashliklar, noaniqliklar, taxminlarga toʻla. Tuman “Suvoqova” DUKning MIBga yuborgan, lekin asoslanmagan qarzdorlar roʻyxati sabab ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama hamda munozaralarga sabab boʻlgan bu mashmashalar ana shunday boshlandi.

Xulosani oʻzingiz chiqaring!

Rustamjon Hakimov, 49-maktab direktori:

— 25 yanvar kuni yumushlar bilan Qoʻqon shahrida edim. Uydan telefon qilishib dori-darmon olib kelishimni soʻrashdi. Dorixonadan 42 ming soʻmlik savdo qildim. Plastik kartam ishlamayotganligini aytishdi. Naqd pulim kamroq edi. Shunday xijolat boʻldimki, yer yorilmadi, yerga kirib ketmadim. Fuqarolik pasportimni garovga qoldirib sotib olganlarimni nasiyaga olib keldim. Surishtirsam, 78 nafar oʻqituvchimizning aksariyatini plastik kartalari kommunal toʻlovlardan qarzi borligi uchun MIBning talabnomasiga asosan bank tomonidan bloklab qoʻyilibdi.

Maktabimizda ikki smenada 100 nafardan ortiq oʻqituvchilar faoliyat olib borishadi. 30 nafari Furqat, Beshariq tumani hamda Qoʻqon shahridan qatnab ishlaydi. Ularning ayrimlariniki ham bloklangan. Shundan soʻng ommaviy axborot vositalariga murojaat qilishga majbur boʻldik. Oʻqituvchilarimiz 3-4 kun mobaynida bank plastik kartalarini blokdan chiqarish uchun MIB, bank, “Suvoqova” DUK, tuman elektr tarmoqlari, “Gaztaʼminot” UK tuman boʻlimlari, obodonlashtirish boshqarmalari orasida boʻzchining mokisidek rosa sarson boʻlishdi. Oradan bir necha kun oʻtgach, (internet saytlarida material eʼlon qilingandan soʻng) 5 fevral kuni 15:00 da tumanimiz prokurori, MIB tuman boʻlimi rahbari boshchiligida xodimlar kelib, jamoamiz bilan ochiq muloqot oʻtkazishdi va har ikki tomondan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar masalasida fikr almashildi, mavzuga oid masalalar hamda kommunal toʻlovlar haqida savol-javoblar oʻtkazishdi. Ochiq muloqotning ertasiga “Suvoqova” DUKdan yana bir roʻyxat oldik. Unda 78 nafar qarzdor oʻqituvchining 30 nafari qarzdorlikni bartaraf etganligi aytilgan va roʻyxat yangidan shakllantirilgan. Tuman “Suvoqova” DUK bu roʻyxati bilan yana bir “qovun tushirdi”! Yangilangan roʻyxatdagi 48 nafar qarzdor muallimning 14 nafari maktabdan oʻz arizasiga koʻra, 1-2 yil avval boʻshab ketgan. Bunisiga nima deysiz?! Ular bunaqangi roʻyxatlarni qayerdan olishyapti?

Mahfuza Ergasheva, 49-maktab rus tili fani oʻqituvchisi, “Bozoryaypan” MFY, Gʻazalxon koʻchasi.

— Tabiatan juda tartibliman, ayniqsa, kommunal toʻlovlarida. Yangi suv hisoblagich oʻrnatganmiz. Oldindan 100 ming soʻm toʻlab ham qoʻygan edik. “Qoraroʻyxat”da esa 148 ming soʻm qarz bor, deb yozib qoʻyishibdi. Surishtirib, qayta hisoblatgandim, haq boʻlib chiqdim. Kommunal toʻlovlarni qanday hisoblashyapti, hayronman...

Mahmuda Poʻlatova, texnologiya fani oʻqituvchisi, Yaypan shahri, Dadajon Yoʻldoshev koʻchasi.

— Kelinim bilan 49-maktabda birga ishlaymiz, bir xonadonda istiqomat qilamiz. Eng kulgili jihati, tuman “Suvoqova” DUK roʻyxatida menga 170 ming soʻm, kelinimga 150 ming soʻm qarz chiqarib berishibdi. Bir xonadonda istiqomat qilib, bir suv resursidan foydalanib, ikkimizga ikki hil qarz puli chiqadimi? Menimcha, MIBga qarzdorlik roʻyxati koʻr-koʻrona, asossiz taqdim etilgan.

Iroda Tursunova, boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisi, Qulibek qishlogʻi, Boltaboyev koʻchasi.

— Oilada hozir 4 kishi istiqomat qilamiz. MIB roʻyxatida bizga 110 ming soʻm qarz yozilgan. “Suvoqova” DUKda esa “375 ming soʻm qarzingiz bor”, deb aytishdi. 5 jon boshiga hisoblashayotgan emish. Qaynonam 2016 yilning noyabr oyida olamdan oʻtganligini aytdim. Oʻlimi haqida guvohnomani olib kelmaganimiz uchun marhum qaynonam uchun ham suv puli toʻlar emishman. Axir “Suvoqova”dagilar MFY bilan solishtirma (sverka) qilishmaydimi?

Umida Mirzaakbarova, oʻqituvchi, “Turkiston MFY”, Turkiston koʻchasi.

— Taqdim etilgan roʻyxatga koʻra, oilamizning ichimlik suvidan 148 ming soʻmlik qarzdorligi bor ekan. Lekin turmush oʻrtogʻim kommunal toʻlovlarga juda hushyor boʻlganligi bois oldindan 100 ming soʻm toʻlab qoʻygan edik. Biz mahallamizda koʻchaning narigi tomonidagi bogʻ ichidan chiqadigan buloq suvidan isteʼmol qilamiz.Yoz oylarida u ham qurib qoladi. Suvning qattiqlik darajasi juda yuqori. Aslida artezian suviga va unga ketgan xarajatlar uchun toʻlov qilmaymizmi. Lekin shunday boʻlsa-da yana qoʻshimcha tarzda 48 ming soʻm toʻlab keldim. Suvsiz qolmaganimizga shukr qilamiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 may kungi PF-5059-sonli Farmoni 4-bandi, birinchi xatboshisida jismoniy va yuridik shaxslarga energiya resurslari uchun qarzdorlikni bartaraf etish haqida bajarilishi majburiy boʻlgan talabnomalar yuborish koʻzda tutilgan. MIB mutasaddilari nega eng birinchi navbatda xodimlarining xonadonlariga aynan shu belgilangan tartibda talabnoma yuborishmadi? Yoki ikkinchi muqobil variant — xuddi shu bandning uchinchi xatboshisida belgilab qoʻyilgan eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan koʻp boʻlmagan miqdordagi qarzdorlikni xodim — isteʼmolchilarning ish haqidan ushlab qolish haqida ish beruvchilarga bajarilishi majburiy boʻlgan talabnomalar yuborish tartibida qoʻllanilmadi. Soddaroq aytganda, maktab direktori nomiga shu mazmunda xat rasmiy tarzda pochta orqali joʻnatilmadi. Vaziyat chigallashib, maktab rahbariyati va xodimlari talabnomalarga hamda mavjud qarzdorlikka befarq munosabatda boʻlganlarida edi, oxirgi chora — plastik kartalarni bloklash “usul”i qoʻllanilishi kerak emasmidi?!

Oʻzbekiston tumani MIB rahbariyati nega oxirgi “usul”ni boshidayoq qoʻllashdi?! Ustiga-ustak, nima uchun tuman “Suvoqova” DUK taqdim etgan qarzdorlik roʻyxatining ishonchlilik darajasi ham tekshirib koʻrilmadi?!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 15 fevral kungi PF-5343-sonli “Prokuratura organlarining qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlashdagi faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisi”dagi Farmonining 8-band, 2-xatboshisida “...maʼlumotlar bazasiga kiritiladigan qarzdor jismoniy va yuridik shaxslar yirik bitimlarni amalga oshirish, alohida turdagi moliya-kredit xizmatlari, xalqaro yoʻlovchi tashish xizmatlari, shuningdek davlat xizmatlaridan foydalana olmaydilar”, deyilgan. Bu ayni haqiqat! Biroq qonunda nazarda tutilgan birlamchi choralar qoʻllanilmasdan turib, toʻgʻridan-toʻgʻri fuqarolarning bank plastik kartalari bloklab qoʻyilishi toʻgʻrimi? Axir oʻqituvchilar chet ellarga qochib ketishgani yoki kommunal toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlayotganlari yoʻq-ku? Buning ustiga, “Suvoqova” tashkilotining qarzdorlar boʻyicha bergan maʼlumotlarining aksariyati notoʻgʻri, tekshirilmagan, chalkash boʻlib chiqsa-chi? Birgina asossiz maʼlumotni MIBga taqdim etgan, 78 nafar oʻqituvchining uch kunlab vaqti uvol qilinishiga sabab boʻlgan tashkilotning ham qonunchilikda koʻzda tutilgan javobgarligi bormi?!

“Mijoz bank uchun emas, bank mijoz uchun” degan shior hammamiz uchun taniqli va mashhur. Nega shu voqeliklar doirasida tegishli bank maʼmuriyati oʻz mijozlari — oʻqituvchilarni himoya qilmadi?! Bu bankka nisbatan ishonchsizlikni yuzaga keltirmaydimi? Jilla qursa, maktab maʼmuriyatiga xabar berib, vaziyatga oydinlik kiritish orqali ularni muhofaza qilishga urinib ham koʻrishmadi. Eng qizigʻi, mijoz va bank oʻrtasida tuziladigan shartnoma shartlarida bu kabi holatlar umuman hisobga olinmagan. Tuman xalq taʼlimi boʻlimi yurist-konsultantini-ku, bu voqealardan umuman xabari yoʻq edi. Suhbat jarayonida yurist oddiygina qilib “xabarim yoʻq ekan”, deb qutula qoldi. Taʼlim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Oʻzbekiston tumani Kengashi ogʻzaki hamda shunchaki oʻzaro telefonda muammolarni bartaraf etishga harakat qilgan boʻlsa-da, rasmiy tarzda biror chora-tadbirlarga qoʻl urmadi. Nega? Xalq taʼlimi vazirligi bu voqealar doirasida tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiridan tushuntirish xati olgan bir paytda Oʻzbekiston tumanida oʻqituvchilarning haq-huquqlarini tish-tirnogʻi bilan himoya qiladigan nodavlat tashkilotlari, idoralar qolmadimi? Afsuski, bu kabi beradigan savollarimiz juda koʻp. Mutasaddilardan esa sabrsizlik bilan javob kutamiz.

Soʻngsoʻz oʻrnida: Saytimiz orqali joriy yilning 4 fevral kuni eʼlon qilingan “DUK taxmin qiladi, MIB oʻrganmaydi, oqibatda aholi jabr koʻradi... Qachongacha?!” maqolasi ham ayni shu mavzuga aloqador. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 noyabr kungi Farmonining uchinchi va beshinchi xatboshisida “suvni ishlab chiqarish, yetkazib berish, sarflash va isteʼmol qilishni hisobga olish tizimining amalda mavjud emasligi, oqibatda uning yetkazib berilishi, toʻlovlar oʻtkazilishi va oʻzaro hisob-kitoblar holati haqidagi maʼlumotlarning ishonchliligi taʼminlanmayapti, vodoprovod-kanalizatsiya xoʻjaligi tashkilotlari xodimlarining kasbga tayyorgarlik darajasi past, malakali kadrlar tizimdan chiqib ketgan, ushbu sohadagi xodimlar tomonidan huquqbuzarlik sodir etish holatlari mavjud”, deyilgan. Bu ayni haqiqat. Bizningcha, bundan oldingi maqolamizda bayon qilgan xulosamizni yana eslatamiz: aholining toʻlov qobiliyati va madaniyatini shakllantirishda, eng avvalo, barcha tumanlarda “Suvoqova” DUKning oʻzini isloh qilish kerak. Ular faoliyatini zudlik bilan belgilangan tartibda qonunga muvofiqlashtirish zarur. Qolaversa, huquq-tartibot idoralari tomonidan tez fursatlarda barcha tuman va shaharlarimizda faoliyat koʻrsatayotgan “Suvoqova” davlat unitar korxonalari faoliyatiga qonuniy baho berilishi kerak.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?