Marhamatda qoʻlga olingan soxta IIB xodimiga hukm oʻqildi

14:21 10 Sentyabr 2018 Jamiyat
183 0
Illyustrativ foto

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Xalqimizda bir ibora bor: “Ursang eti qotadi, soʻksang beti”. Marhamat tumanida yashovchi J. Shokirov ham uch bora firibgarlik harakati uchun sudlanib, qonun doirasida jazoga mahkum etilgan boʻlsa-da, bundan oʻziga xulosa chiqarish oʻrniga, jinoyat sodir etishda davom etdi. Bu gal u mazkur tumanda istiqomat qiluvchi Ahmadjon Soliyev (ismlar oʻzgartirilgan)ga oʻzini tuman ichki ishlar boʻlimining jinoyat qidiruv boʻlimi tezkor vakili, deb tanishtiradi.

“Farzandingiz fuqaro Tohir Shokirovdan qarzdor ekan. Bu haqda bizga murojaat kelib tushgan. Masalani ijobiy hal etish uchun xonadoningizga keldim. Qarzni oʻz vaqtida qaytarsangiz oʻzingizga foyda. Aks holda oʻgʻlingiz qonun oldida javob beradi”, - deydi u Ahmadjonning ota-onasiga.

Aldov, nayrang va firibning hadisini olgan jinoyatchi shu tariqa ularning 550 AQSH dollarini oʻzlashtirishga erishdi. Pullarni u oʻz manfaati yoʻlida sarflab ulgurgan ediyamki, Marhamat tuman IIB xodimlari J. Shokirovning qilmishidan xabar topib, qoʻlga oldi.

“Qilmish-qidirmish” deganlaridek, toʻrtinchi bor sudning qora kursisida oʻtirgan bu fuqaroga 5 yilu 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?