Margʻilonda xalqaro festival doirasida “Buyuk ipak yoʻlida folklor sanʼatining rivojlanish jarayonlari” mavzusida ilmiy-ijodiy konferensiya boshlandi

12:26 12 Iyul 2019 Madaniyat
520 0

Foto: Xursandbek Arabboyev, “Xalq soʻzi”

Anjumanni Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev kirish va tabrik soʻzi bilan ochib berdi.

Taʼkidlandiki,Buyuk ipak yoʻli qadimda Yaqin sharq va Yevropani Chin Mochin bilan bogʻladi. U orqali savdo-tijorat, madaniyat sanʼat rivoj topdi. Siyosiy aloqalar bilan bir qatorda madaniyatlar almashinuviga katta hissa qoʻshdi. Tabiiyki, millatlar mamlakatlar oʻrtasidagi madaniyat rishtalari mustahkamlanib, musiqa, xalq ijodiyoti, amaliy sanʼat sohalarida mushtarak rivojlanishlar roʻy berdi.

-Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan ushbu follor musiqa festivaliga ham xalqaro maqom berilgani katta ahamiyatga ega, - dedi vazir B.SAyfullayev. – Uning tag zamirida turli millat vakillarini maʼnaviy muloqotga jalb etish, yaxlit madaniy muhitni asrash hamda estetik ideallar umumiyligi asosida xalqlararo madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash asosiy maqsad.

Foto: Xursandbek Arabboyev, “Xalq soʻzi”

Konferensiya ishida folklor sanʼati yoʻnalishida ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borayotgan 50 dan ortiq olim va mutaxassislar ishtirok etmoqda.10 nafar tajribali olimlarning maʼruzalarini oʻz ichiga olgan yalpi majlis ham boʻlib oʻtdi. Unda Eronlik etnomusiqashunos Kalami Ruhullohning “Ipak yoʻli musiqasi, tinchlikka yoʻnalgan til, Buyuk ipak yoʻli hodisasi”, Italiyalik professor, musiqashunos Treglio Erasmoning “Madaniyatlar turfa xilligi rivojida Buyuk ipak yoʻli rivoji hissasi”, Yaponiyadan tashrif buyurgan Kyoko Ivaoto ( Kyoko Iwaoto) ning “Anʼanaviy madaniyat muhofazasi va rivojidagi toʻrt muhim omil” kabi muhim mavzulardagi maʼruzalar tinglandi.

Konferensiyada Eron, Koreya, Yaponiya, Mongoliya,Rossiya, Turkiya, Fransiya, Hindiston hamda qoʻshni davlatlardan eng tajribali mutaxassislar ishtiroki uning nufuzi yuqori ekanligini koʻrsatmoqda.

Konferensiyaning ijodiy qismida Qirgʻiziston va Tojikistondan tashrif buyurgan mehmonlar hamda Qoraqalpogʻiston baxshi va jirovlar, Surxondaryolik va Xorazmlik doston ijrochilarining chiqishlari, katta ashula va askiya payrovlari namoyish etildi.

Bugun kun davomida konferensiya doirasida“Folklor sanʼatining etnik xususiyatlari”, “Folklor sanʼatining yoshlar ijodidagi oʻrni” mavzularida shoʻba yigʻilishlar davom ettiriladi.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?