Margʻilonda “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro folklor musiqa festivali oʻtkaziladi

10:41 06 Iyul 2019 Madaniyat
773 0

Foto: "Xalq so'zi"

11-13-iyul kunlari Margʻilon shahrida “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro folklor musiqa festivali oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Fargʻona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur festivalda bir qator xorijiy davlatlardan sanʼat ustalari tashrif buyurishi koʻzda tutilgan.

Anjumanda festival doirasida Margʻilon shahriga 30 yaqin xorijiy davlatlardan tashrif buyuradi. Shuningdek, festival doirasida ilk bor Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan volontyorlik xizmati tashkil etilib unga bir necha xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirgan, mamlakat, shahar tarixi haqidagi batafsil maʼlumotlarga ega yoshlar qabul qilingan.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Festival dasturi asosida Xitoy Xalq Respublikasi davlat televideniyesi ijodiy guruhi maxsus videofilm yaratishi kutilmoqda. Ayni kunlarda akrreditatsiyadan oʻtgan chet el jurnalistlarining barchasi festival tashkiliy qoʻmitasi huzuridagi matbuot markazi bilan birgalikda yoritish masalalarini muhokama qilmoqda.

–Ansamblimiz Ukrainaning Kiyev shahrida etnografik jamoalari safida sovrindor boʻlgani jamoaning xalqaro maydondagi ilk yutuqlaridan, – deydi Margʻilon shahrida faoliyat olib borayotgan “Chodirjamol” ansambli rejissyori Diloromxon Sultonova. – Qolaversa, ansambl 2002-yilda YUNESKO tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Boysun bahori” xalq folklor etnografik jamoalari festivali gʻolibi. Festivalda namoyish etadigan badiiy koʻrinishimizda doʻppidoʻz, kovushdoʻz, mahsidoʻz va boshqa hunarmandlar nomidan navolar yangraydi. Qolaversa, Margʻilonning aziz farzandlari Yusufjon qiziq, Tamaraxonim, Maʼmurjon Uzoqov kabi ustozlarning siymolari gavdalantiriladi. Oʻylaymanki, zahmatli mehnatlardan keyin ijodiy ishimiz xalqimizga, xorijiy mehmonlarimizga manzur boʻladi.

Eslatib oʻtamiz, Festival gʻoliblariga har bir nominatsiya boʻyicha 1 oʻrin – 3 500, 2 oʻrin – 2 500, 3 oʻrin – 1 500 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotlari, tashkiliy qoʻmita tomonidan diplomlar, sovrinlar va festival ramzlari tushirilgan esdalik sovgʻalari topshiriladi.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?