Margʻilonda 14,5 mln soʻmlik pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosi oldi olindi

16:16 20 Dekabr 2018 Jamiyat
672 0

Foto: Fargʻona viloyati Davlat soliq boshqarmasi

Margʻilon shahrida soliq idoralari tomonidan oʻtkazilgan tadbirlarda fuqaro K.A.pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosi bilan shugʻullanayotganligi qayd etildi. Bu haqda Fargʻona viloyati Davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Jamiyatga zarar keltirayotgan “tadbirkor”ning “Dragon” nomli 207 dona umumiy qiymati 14,5 million soʻmlik pirotexnika vositalari savdosiga chek qoʻyildi. Mazkur holat yuzasidan belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi hamda “uddaburon”ning tovar moddiy boyliklari daliliy ashyo sifatida masala qonuniy hal boʻlgunga qadar vaqtincha saqlash uchun olindi.

Shuningdek, Qoʻqon shahrida istiqomat qiluvchi Sh.S. faoliyati oʻrganilganda, ushbu fuqaro xorijda ishlab chiqarilgan, respublikamizga noqonuniy yoʻllar bilan olib kelingan 2 turdagi umumiy qiymati 0,5 million soʻmga yaqin pirotexnika vositalarini kelgusida noqonuniy savdosini taʼminlash uchun oʻz uyiga olib ketayotganligi ham aniqlandi.

Eslatib oʻtamiz, maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 1851-moddasiga muvofiq, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, joʻnatish, ulardan foydalanish, xuddi, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish (Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki oʻtkazish huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, eng kam ish haqining besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Jinoyat kodeksining 2501-moddasida esa bunday qilmishlar sodir etganlar uchun uning kim tomonidan sodir etilgani va qanday oqibatlarga olib kelganligiga qarab turli jazo choralari, jumladan, sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanishi koʻzda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?