Margʻilon shahrida xalqaro folklor festivali boshlanmoqda

11:39 11 Iyul 2019 Madaniyat
1130 0

Foto: Xursandbek Arabboyev | “Xalq soʻzi”

Hozir ayni daqiqalarda Margʻilon shahrida boʻlayotgan tayyorgarliklar jarayoni bilan tanishish maqsadida Erkin Vohidov nomidagi Ijodkorlar bogʻidamiz. Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Festival dasturi asosida Xitoy Xalq Respublikasi davlat televideniyesi ijodiy guruhi maxsus videofilm yaratish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Ayni kunlarda akkreditatsiyadan oʻtgan chet el jurnalistlarining barchasi festival tashkiliy qoʻmitasi huzuridagi matbuot markazi bilan birgalikda yoritish masalalarini muhokama qilmoqda.

Bugun Margʻilon shahri “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro folklor musiqa festivaliga mezbon. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Fargʻona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur festivalda 20 dan ortiq xorijiy davlatlardan sanʼat ustalari tashrif buyurdi. Festival doirasida ilk bor Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan volontyorlik xizmati tashkil etilib, unga bir necha xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirgan, mamlakat, shahar tarixi haqidagi batafsil maʼlumotlarga ega yoshlar jamoasi shakllantirildi.

Erta tongdanoq festival avvalida yangi Margʻilon shahridan Turkiston koʻchasi,Burhoniddin Margʻiloniy majmuasi boʻylab ramziy tuyalar karvoni Erkin Vohidov nomidagi ijodkorlar bogʻiga yoʻl oldi. Karvon va undagi fuqarolar, savdo mahsulotlari, barchasi qadim Margʻilon muhitini eslatadi.

Festivalda namoyish etiladigan badiiy koʻrinishlarda doʻppidoʻz, kovushdoʻz, mahsidoʻz va boshqa hunarmandlar nomidan navolar yangraydi. Qolaversa, Margʻilonning aziz farzandlari Yusufjon qiziq, Tamaraxonim, Maʼmurjon Uzoqov kabi ustozlarning siymolari gavdalantiriladi.

Festival doirasida ilmiy-ijodiy konferensiya, seminarlar, davra suhbatlari, sayillar, konsertlar, koʻrgazmalar uyushtiriladi, turli havaskor folklor jamoalari, ashula, musiqa va raqs ansambllari, yakkaxon ijrochilar chiqishlari namoyish etiladi.

Ushbu festivalga Eron, Hindiston, Fransiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Mongoliya, Turkiya kabi xorijiy davlatlardan folklor jamoalarining ishtirok etishlari festival nufuzi yuqori darajada oʻtishidan dalolatdir. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 14 ta folklor jamoasi ishtirok etadi: Qoraqalpogʻistonning “Suvsepar”, Andijon viloyatining “Yor-Yor”, Buxoro viloyatining “Jondor” va “Sahro sabolari”, Jizzax viloyatining “Bogʻdon gullari”, Navoiy viloyatining “Karmana”, Namangan viloyatining “Guldior”, Samarqand viloyatining Chavki” va “Beshqarsak”, Sirdaryo viloyatining “Dehqon bolalari”, Surxondaryo viloyatining “Boysun”, Toshkent viloyatining “Navroʻz”, Xorazm viloyatining “Joʻralar” va “Sara payoon”, Fargʻona viloyatining “Kabutar” va “Chodir jamol”, Qashqadaryo viloyatining “Voha”Toshkent shahrining “Durdona” kabi eng namunali folklor jamoalarining 200 nafardan ortiq aʼzosi oʻz hududlariga xos liboslar va qadimiy kuy-qoʻshiqlar asosida tayyorlangan maxsus dasturlari bilan qatnashadi.

Bugun Margʻilon ajib bir goʻzallik maskaniga aylandi. Bogʻ markazida qad rostlayotgan muhtasham sahnada hayratlar koʻz ochadi. Ajib maskanda bunyod etilgan oʻzbek milliy cholgʻu asboblarining ulkan timsollariga goʻyo jon baxsh etilib, ulardan taralayotgan kuy-navolar Margʻilon uzra yangraydi, xalqning dardu quvonchlarini mujassam etgan asriy folklor sanʼatidagi sehr va joziba jahonni lol etadi.

Festival munosabati bilan Erkin Vohidov nomidagi ijodkorlar bogʻida shtab tashkil etilib, doimiy faoliyat koʻrsatmoqda. Anjuman oldidan 36 ta hunarmandlar uyini qurish boʻyicha yer maydonlari E-AUKSION savdosiga qoʻyildi. 2 ta karvonsaroyni qurish boʻyicha tashabbuskorlarga yer ajratildi va ularga bank sarmoyasini berish borasida amaliy yordam koʻrsatildi. Shuningdek, hunarmandlar markazi qurilishi yuzasidan zaruriy hujjatlar rasmiylashtirilib, hunarmandlar bozori va boshqa ishlab chiqarish obyektlarini qurish uchun joylar ajratildi. “Adras House” mehmonxonasida 300 million soʻmlik kapital taʼmirlash ishlari yakunlandi. “Adras Hotel”, “Ikat House” mehmonxonalarida esa joriy taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazildi.

Margʻilonda har ikki yilda bir marta oʻtkazilishi rejalashtirilgan mazkur festival sanʼatga oshufta dillarni birlashtiradi. 80 ga yaqin davlatlardan xorijiy sayyohlar kelishi kutilayotgan anjuman tom maʼnoda Fargʻona viloyatining turistik salohiyatini yuksaltirish, muqaddas qadamjolarni yanada obod qilish va milliy sanʼatimizning qudratini dunyoga tarannum etishda muhim ahamiyatga egaligi bilan ajralib turadi.

Saytimizni kuzatib boring festival doirasidagi muhim xabarlarni sizlar bilan oʻrtoqlashib boramiz.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?