“Margʻilon qadim sanʼat darvozasi” kitobi nashr etildi

16:07 10 Iyul 2019 Madaniyat
290 0

Ertaga, yaʼni 11-iyul kuni Margʻilon shahrida “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro folklor musiqa festivalining ochilish marosimi boʻlib oʻtadi.

Nufuzli festival uchun maxsus chop etilgan ushbu foto-albom tarzidagi kitob “Fargʻona” nashriyoti tomonidan 500 nusxada chop etildi.

— Oʻzbek, rus va ingliz tillarida nashr qilingan ushbu kitob yordamida nafaqat yurtdoshlarimiz, balki chet ellik sayyohlar ham qadim va navqiron Margʻilon haqida toʻliq tasavvurga ega boʻlishi mumkin, — deydi “Fargʻona” nashriyoti direktori Nazirjon Hoshimov. — Kitob oʻzbek, rus, ingliz tillarida tayyorlangani bois juda ommabop boʻlishi kutilmoqda. Kitobda 50 dan ortiq olimlar, sanʼatshunoslar, tarixchilar, arxeologlarning 300 ga yaqin risolalari va ishonchli manbalaridan foydalanilgan. Maʼlumotlar tarixiy arxiv fotosuratlar bilan boyitilgan. Chunonchi, 19 asr oxirlaridagi Margʻilon shahri va uning atroflarini aks ettiruvchi tarixiy hujjat — topografik xarita nusxasi shahar haqidagi bilim va koʻnikmalarni mustahkamlaydi. Bundan tashqari, Margʻilondan yetishib chiqqan sanʼat va davlat arboblari, hunarmandlar, yashash sharoitlari, shaharliklarning asosiy mashgʻulotlari va turmush tarzi haqidagi maʼlumotlar har bir insonda yorqin taassurot uygʻotadi.

Aytish kerakki, Madaniyat vazirligi hamda Fargʻona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilayotgan festivalda 30 ta xorijiy davlatdan sanʼat ustalari va 80 ta mamlakatdan sayyohlar tashrif buyurishi kutilmoqda. “Margʻilon qadim sanʼat darvozasi” kitobi festivalning nufuzli mehmonlari, ekspertlar va nominatsiya gʻoliblariga esdalik sovgʻa sifatida taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?