“Mardlik maktabi” qanday kitob?

19:02 16 Yanvar 2020 Jamiyat
699 0

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengash “Yoshlar press-klubi”da “Mardlik maktabi” kitobing taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi. ushbu kitob Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi Respublika Boshqaruvi qoshidagi “Faol faxriy ijodkorlar” jamoatchilik Kengashi tomonidan tayyorlangan boʻlib, unda 65 nafar ijodkorning sheʼr va hikoyalari, publitsistik maqolalari oʻrin olgan. Quyida ushbu toʻplamdan joy olgan maqolalardan biri, “Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi raisi, yuridik fanlari doktori, professor Shuhrat Jalilovning “Mardlik maktabi — mangu mashʼala” nomli maqolasini eʼtiboringizga havola etamiz.

Tarixga aylangan olamshumul voqealar hech qachon unutilmaydi. Bugungi tinch-osuda hayotimiz uchun 1941-1945-yillarda jonlarini fido qilgan qahramon otalarimizning Ikkinchi jahon urushida erishgan buyuk Gʻalabasi ham avlodlar qalbida mangu mashʼalaga aylangan. Muhtaram Prezidentimiz shavkat Mirziyoyev 2019-yil 9-mayda Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi tufayli ana shu mashʼala qalbimizda yana bir bora porladi, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bugun barchamiz avvalo buyuk Gʻalabaga beqiyos hissa qoʻshgan, mana shu yorugʻ kunlarga yetib kelolmagan aziz insonlarni yod etamiz, ularning xotirasi, pok ruhlari oldida taʼzim qilamiz. Shafqatsiz urushda, mashaqqatli mehnat frontida mardlik va jasorat koʻrsatgan barcha faxriylarimizga yuksak hurmat va ehtirom, chuqur minnatdorlik bildiramiz. Oʻsha olovli yillarda Oʻzbekistonda yetti yoshdan yetmish yoshgacha butun xalqimiz “Hamma narsa — front uchun, hamma narsa —gʻalaba uchun!” deb yashadi, orom va halovatdan voz kechib, tinimsiz ogʻir mehnat qildi. Respublikamiz frontning mustahkam taʼminot bazasiga aylangan edi. Yurtimizdan jang maydonlariga 2 mingdan ziyod samolyot, koʻplab qurol-yarogʻlar, harbiy-sanitariya poyezdlari, yuzlab dala oshxonalari, palatkalar, ulkan miqdorda oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazib berilgan. Oʻzbekiston ahli urush hududlaridan koʻchirib keltirilgan 1 millionga yaqin insonga boshpana berib, oʻz nonini ular bilan baham koʻrdi. Xususan, oʻzbek xalqining, ota-onasi, oilasidan judo boʻlgan 200 ming nafar begunoh bolalarni “Sen yetim emassan!” deb bagʻriga bosib, mehr-muruvvat koʻrsatgani haqida qancha asarlar yozilgan, filmlar suratga olingan.

Ana shu mudhish kunlarni oʻz koʻzlari bilan koʻrgan avlod vakillari bugun nuroniylar safida hamisha eʼzozdadirlar.

Barchamizga maʼlumki, oramizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat-mashaqqat chekkan yurtdoshlarimiz bor. oʻtganlarni xotirlab, safimizda yurganlar qadriga yetish, eʼzozlash odatiy holga aylandi. Mustaqil Oʻzbekiston davlati va xalqi tinchlik-totuvlik qadrini dildan his etadi. yurtimiz mustaqilligi yillarida ham bizda 9-may umumxalq bayrami sifatida, 1999-yildan boshlab esa Xotira va Qadrlash kuni sifatida nishonlanib kelindi. Xalq xotirasi deganda kishi koʻz oʻngidan Vatan ibtidosidan buguniga qadar shu yurt, shu xalq deb kurashgan, kuch-qudrati, aql-zakovatini ayamagan, kerak boʻlsa, shu yoʻlda jon fido qilgan ne-ne buyuk zotlar bir-bir oʻtadi. Toʻmaris, Spitamen, Shiroqdan Mahmud Torobiygacha, Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulugʻbekdan Zahiriddin Muhammad Boburgacha, Jaloliddin Manguberdidan, Najmiddin Kubrogacha yodga tushaveradi. Xotira va Qadrlash kuni chinakam milliy-umumxalq bayramiga aylandi. Shu kuni Oʻzbekistonning barcha qabristonlaridan ziyoratchilar arimaydi. Bu bayramda, albatta, Ikkinchi jahon urushida halok boʻlganlar xotirlanadi, Afgʻoniston urushida halok boʻlganlar shoʻro siyosatining begunoh qurbonlari sifatida eslanadi, umuman, oʻtganlar ruhi yodga olinadi, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltiriladi.

Toshkent shahrining markazida — Xotira maydonidagi 1999-yil 9-may kuni ochilgan qaddi dol Motamsaro ona siymosi poyiga bitilgan “Sen doimo qalbimdasan, jigarim!” — degan soʻzlarning insoniyligini, samimiyligini oʻylab, bir yurakdan his etib koʻraylik. Halok boʻlgan tirik jon kimningdir jigarporasi, demak, shu Vatanning farzandi-ku! Har birining ortidan qancha odam qon yigʻlab qoldi. Umrining soʻnggi lahzasiga qadar koʻzlarida yoshi qurimay, oʻgʻlini — jigarporasini kutib oʻtgan qanchadan-qancha motamsaro ona bor edi. Dahshatli urushda halok boʻlgan otajonini koʻrmay yashayotganlar qancha...

Urushda halok boʻlgan har bir oʻzbekistonlik — Vatanimiz farzandi edi. Ularni yoddan chiqarishga hech birimizning haqqimiz yoʻq. Istiqlol yillarida 35 jildlik “Xotira” kitobi chop etildi. endi esa urush qurbonlarining nomi mamlakat poytaxtidagi Xotira maydoniga oʻrnatilgan temir “daftar”ga zarhal harflar bilan bitib qoʻyildi.

Bu yerga ziyoratga kelgan har bir vatandoshimiz, albatta, oʻz jigari, hech boʻlmaganda, biror qoʻshnisining nomiga duch keladi. Beixtiyor, oʻtganlar ruhiga tilovatu duolar qilib, yuziga fotiha tortadi. Ular qatorida men ham Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi boʻlgan otam — Ilhom Jalilov va uch aka-uka amakilarimni, urushda halok boʻlgan jami 11 nafar Jalilovlarni yodga olish uchun nevaralarim bilan har yili shu yerga kelib, nomlarini yod etamiz.

Otam Ilhom Jalilov ikki yoshligimda urushga ketib, 1944-yilning 9-may kunida, gʻalabaga naq bir yil qolganda, Sevastopolni ozod etish uchun boʻlgan jangda halok boʻlganlar.

Otamizning toʻrt nafar akalaridan faqat Gʻani Jalilov tirik qolgan edilar, xolos. U kishi tuman ispolkomi raisi boʻlib ishlar, besh farzandlariga qoʻshib, ukalarining toʻrt bolasini ham tarbiyalab voyaga yetkazdilar. Biz Gʻani amakimizni erkalab “Opoqdada” deb chaqirardik.

Kelajak avlod biz koʻrgan qiyinchiliklarga aslo duch kelishmasin. Bu toʻkin-sochin kunlarning qadriga yetmoq darkor. Yosh avlod bilishi kerakki, bu muhtasham kunlarga osonlikcha yetib kelingan emas. Frontda va front ortida mehnat qilgan har bir kishining nomiga hurmat bajo keltirish yoshlarimizning ham vazifalaridir. Zero, ozodlik va erkinlik uchun kurashgan, jon fido etganlarning nomlari hech qachon unutilmaydi.

Muhtaram Yurtboshimiz taʼkidlaganidek, Ikkinchi jahon urushida, mehnat frontida ishtirok etgan moʻtabar faxriylarimizga yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish Oʻzbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib kelmoqda. Bugungi ozod va erkin hayot uchun, farzandlarimizning baxti va kamoli uchun biz ularning oldida cheksiz qarzdormiz. Bu aziz insonlarni asrab-avaylash, ularning sogʻ-salomat va mazmunli umr kechirishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berish — hammamizning muqaddas insoniy burchimizdir.

Shunday ezgu maqsadda buyuk Gʻalabaga hissa qoʻshgan vatandoshlarimiz hayoti, jasorat va matonatini tarannum etuvchi toʻplam nashrga tayyorlandi. Unda yoshlarimiz kimlarning jasorati tufayli qariyb 75 yil mobaynida urush balosini koʻrmasdan, tinch va baxtli zamonda yashayotganimizni bilib oladilar va bu dorilomon kunlarning qadriga yetadilar, degan umiddamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?