Marat Bikmayev diskvalifikatsiya qilindi va katta miqdorda jarimaga tortildi

12:44 28 Noyabr 2018 Sport
591 0

Oʻzbekiston Superligasi 31-tur uchrashuvlari doirasidagi “Lokomotiv” – “Paxtakor” uchrashuvi vaqtida “Lokomotiv” jamoasi futbolchisi Marat Bikmayev tomonidan odob-ahloq qoidalariga mos kelmaydigan xatti-harakat amalga oshirilgan edi.

Oʻyinchi butun oʻzbek futboli jamoatchiligi diqqat-markazida turgan uchrashuv vaqtida qoʻli bilan xunuk harakat koʻrsatdi va bu holat oʻyinni tomosha qilayotgan koʻpsonli ishqibozlar tomonidan salbiy qabul qilindi.

Bugun Etika qoʻmitasi ushbu holat yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi va yuz bergan holatni atroflicha oʻrganib chiqdi.

Qayd etish joizki, Superliga 23-tur uchrashuvlari doirasidagi “Metallurg” – “Lokomotiv” bahsi 90+4 daqiqasida ham “temiryoʻlchilar” jamoasi zaxira oʻrindigʻida oʻtirgan Marat Bikmayev hakamlar guruhi shaʼniga nomaʼqul soʻzlar ishlatgan edi. Natijada oʻyinni boshqarib borgan hakam – Vladislav Seytlin ushbu futbolchini maydondan chetlatib, yozma bildirgi orqali Bikmayev avvaliga zaxira hakamini, soʻngra butun hakamlar guruhini haqorat qilganini maʼlum qilgan va natijada Bikmayev ikkita rasmiy uchrashuvdan chetlatilgan edi.

Marat Bikmayevning “Paxtakor”ga qarshi oʻyinda ham odob-ahloq qoidalariga mos kelmaydigan xatti-harakat amalga oshirganini aslo oqlab boʻlmaydi. Zero milliy terma jamoa aʼzosi barchaga oʻrnak boʻlishi lozim aslida.

Etika qoʻmitasi ushbu vaziyatni atroflicha oʻrganib chiqqan holda Musobaqalar reglamentining intizomiy va jarimalar kodeksi 3-boʻlim, 5.45 bandining “G” qismini qoʻpol ravishda buzgani eʼtirof etilgan Marat Bikmayevning 31-tur oʻyini vaqtida va ungacha boʻlgan 23-tur uchrashuvi paytida ham odob-ahloq qoidalaridan chetga chiqqanini inobatga olib, futbolchini 2 ta rasmiy oʻyinga chetlatdi va futbolchiga nisbatan 20 million soʻm miqdorida jarima belgilandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?