Maʼqullangan qonunlar inson manfaatlariga xizmat qiladi

17:10 23 Oktyabr 2019 Jamiyat
64 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Oliy Majlis Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisi Tolibjon Madumarov Namangan viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida maʼqullangan qonunlar va muhokama qilingan boshqa masalalar yuzasidan qabul qilingan qarorlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish maqsadida keng jamoatchilik bilan uchrashdi.

Videoselektor shaklida tashkil etilgan tadbir ishtirokchilariga avvalambor, Senat maʼqullagan Qonunlar haqida atroflicha tushuncha berildi. Masalan, “Metsenatlik toʻgʻrisida”gi Qonun metsenatlarni ragʻbatlantirishning qoʻshimcha nomoddiy usullarini yaratish, shuningdek, moliyaviy aktivlarni madaniyat va sanʼatga faolroq jalb qilishni ragʻbatlantirishga xizmat qilishga yoʻnaltirilganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Qoʻshma qarorining mazmun-mohiyati haqida ham batafsil gap bordi. Aytib oʻtilganidek, Oliy Majlis palatalari tomonidan Qoʻshma qaror hamda Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish toʻgʻrisidagi nizom qabul qilingani ayni muddao boʻldi, uning qoidalari va yangi tartib-taomillariga rioya qilish esa barcha darajadagi mutasaddilar, keng jamoatchilik uchun ustuvor vazifa boʻlmogʻi lozim.

Shu bilan birga, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha saylov qonunchiligining qoidalari ham tushuntirildi. Viloyat saylov komissiyasi raisi Sh. Mirzaahmedov bu boradagi ishlar yuzasidan axborot berdi.

-Namanganda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 13 ta, xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazuvchi 60 ta, shahar va tuman Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi 357 ta saylov okrugi tuzilib, qizgʻin faoliyat olib bormoqda, -deydi Sh. Mirzaahmedov. – Ularning barchasi zamonaviy axborot kommunikatsiya vositalari bilan taʼminlangan. Oʻtgan hafta xalqaro matbuot markazining Namangan boʻlimida YEXHT Oʻzbekistondagi loyihalar ofisi bilan hamkorlikda xalqaro ekspertlar ishtirokida saylovlarni tashkil qilish va oʻtkazishning jahon standartlari, saylovda xalqaro kuzatuvchilar ishtirokining ahamiyati mavzusida mintaqaviy seminar tashkil etildi. Muhim siyosiy tadbirga dunyo nigohi qaratilganligi, albatta, har birimizga katta masʼuliyat yuklaydi.

Qudratilla NAJMIDDINOV
( “Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?