Maqsad — olimpiadaga litsenziyani koʻproq qoʻlga kiritish

16:11 01 Noyabr 2019 Sport
221 0

2019-yil 4-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida oʻtkazilgan 2020-yilda Yaponiyaning Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan Olimpiada oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish, ommaviy sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish boʻyicha olib borilgan ishlar natijadorligi va bu borada amalga oshiriladigan dolzarb vazifalarga bagʻishlangan videoselektor majlisida turli vazirlik va idoralar, xususan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi oldiga ham aniq vazifalar yuklatilgan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oʻtkazilgan tadbirda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Tadbirda vazirlik, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi mutasaddilari, olimpiadaga litsenziyani qoʻlga kiritgan sportchilar, Boks boʻyicha milliy terma jamoa aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, videoselektor majlisida ilgari surilgan vazifalardan kelib chiqib, jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi barcha bolalar va oʻsmirlar sport maktablari, ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktablari, olimpiya zaxiralari ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktablari, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari hamda olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarining faoliyatini tanqidiy oʻrganib chiqish boʻyicha ishchi guruh tashkil etildi. Bugungi kunda ishchi guruh tomonidan sport taʼlim muassasalarining faoliyati izchil oʻrganilmoqda.

Shu bilan birga, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab, olimpiya sport turlari boʻyicha respublika va xalqaro sport musobaqalarining gʻoliblari (1-2-3-oʻrin sovrindorlari) boʻlgan sportchi-oʻquvchilarni oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosida imtiyozli ravishda imtihon sinovlarisiz qabul qilish tartibi joriy etildi.

Bunda har bir oliy taʼlim muassasasiga yillik qabul kvotalaridan tashqari gʻolib sportchilar uchun istalgan taʼlim yoʻnalishiga kirish huquqi bilan 15-20 tagacha imtiyozli oʻrin ajratiladi.

Tadbirda 2020-yilda Yaponiyaning Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan olimpiadaga tayyorgarlik ishlari, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Vazirlik mutasaddilarining taʼkidlashicha, mazkur olimpiada bahslariga avvalgilariga qaraganda imkoni boricha koʻproq litsenziyani qoʻlga kiritish maqsad qilingan. Buning uchun esa imkoniyatlar yetarli. Sportchilarimiz hozircha 22 ta litsenziya ega boʻlishdi. Ularning 15 tasi olimpiya, 7 tasi paralimpiya sport turlari boʻyicha qoʻlga kiritildi.

Tadbirda 2020-yilda Yaponiyaning Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan olimpiadaga litsenziya olgan sportchilarimiz ham soʻzga chiqishdi. Ommaviy axborot vositalar vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

Shahzod GʻAFFOROV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?