Maqsad — nazorat emas, koʻmaklashish

11:22 14 Oktyabr 2020 Siyosat
328 0

Kuz fasli – ayni pishiqchilik mavsumi. Dehqonu bogʻbonlar, chorvadoru sohibkorlar yil davomida peshona teri bilan yetishtirilgan hosilni yigʻishtirib olishga kirishgan.

Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoqlari hisoblangan paxta va gʻallachilikda ham hal qiluvchi mavsum hozir. Paxtakorlar 6 oylik zahmatli mehnati evaziga yetishtirilgan hosilni yogʻin-sochinga qolmay yigʻib-terib olish harakatida boʻlsa, gʻallakorlar kelgusi yil hosili uchun yerga baraka urugʻi sochyapti.

Bu jarayon Samarqand viloyatida ham qizgʻin davom etmoqda. Xususan, viloyatdagi 9 ta paxtachilik klasteri va 2120 ta fermer xoʻjaligi 75 ming 580 gektar maydonda yetishtirilgan paxtadan 215 ming 500 tonnalik xirmon koʻtarish niyatida yigʻim-terim ishlarini jadal davom ettirmoqda. Buning uchun mehnatga layoqatli, ish bilan band boʻlmagan aholi hamda fermer xoʻjaliklari aʼzolaridan iborat 2019 ta otryad tashkil etilgan. Shuningdek, klasterlar tomonidan xarid qilingan 40 ga yaqin zamonaviy paxta terish mashinalaridan unumli foydalanilmoqda. Viloyatdagi 27 ta paxta qabul qilish maskanida keltirilgan hosil belgilangan sifat koʻrsatkichiga qarab, xirmon qilinmoqda.

Ushbu jarayonning borishi bilan yaqindan tanishish, paxta dalalarida terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoiti yaratish, majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruh faoliyat olib bormoqda. Aniq aytadigan boʻlsak, viloyatning paxta yetishtirishga ixtisoslashgan 9 tumanida boʻlib, yigʻim-terim ishlarining borishini kuzatib boryapmiz.

Bugun dalalarda qiygʻos ochilib turgan hosilning oʻz egasi bor — fermer, klaster korxonalari mehnati samarasini ham oʻz vaqtida, sifatli yigʻishtirib olishni istaydi. Lekin baribir paxta yigʻim-terimida mahalla aholisi, mavsumiy ishchilar mehnatidan foydalanishga toʻgʻri kelishi turgan gap. Endilikda bu jarayonni avvalgidek odamlarni yoppasiga dalaga chiqarish bilan amalga oshirish mumkin emas. Bu borada tegishli huquqiy asoslar yaratilgan, yaʼni majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilmaydi. Biz ham joylarda boʻlganimizda bu haqda terimchilar va fermerlar bilan suhbatlashyapmiz. Terimchilarga kunlik haq toʻlanayotgani, dalaning oʻzida issiq ovqat va boshqa sharoitlar yaratilgani tufayli aholining oʻzi koʻngilli ravishda chiqib, daromad qilayotganiga guvoh boʻlyapmiz.

Masalan, Nurobod tumanida boʻlganimizda 31 fermer xoʻjaligi 632 gektar maydonda gʻoʻza parvarishlab, yetishtirilgan hosilni yigʻishtirib olmoqda. Bu tumanning viloyatdagi ulushi eng kam. Shunga qaramay mavsumga puxta hozirlik koʻrilgan. Mahallalarda istiqomat qiluvchi 1200 nafardan ortiq ishsiz, mehnatga layoqatli fuqarolar bilan shartnoma tuzilib, 14 ta terim otryadi tuzilgan. Tuman bandlikka koʻmaklashish markazi tomonidan terimchilarga haq-huquqlari, mehnatga oid munosabatlar yuzasidan batafsil tushuntirish berilgan. Majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha mahalla raislarlari ham, fermerlar ham ogohlantirilgan. Tumanning paxta xom ashyosi “Samarqand kamalak invest” klaster korxonasi tomonidan qabul qilib olinmoqda.

Kattaqoʻrgʻon, Narpay, Paxtachi, Pastdargʻom, Ishtixon tumanlarida boʻlganimizda ham terim ishlari risoladagidek tashkil etilganligiga amin boʻldik. Bugungi kunga kelib viloyatdagi koʻplab fermerlar birinchi terimdayoq klaster bilan tuzilgan shartnomada belgilangan hosilni yigʻishtirib, yuzi yorugʻ boʻlganligidan koʻnglimiz togʻdek koʻtarildi. Zero, terib olinayotgan bir hovuch paxta ham xonadonlarimizga baraka boʻlib kirib keladi.

Shuningdek, joylarda terimchilar uchun barcha sharoitlar yaratish chorasi koʻrilayotir. Masalan, Ishtixondagi “Domla Abroriy” fermer xoʻjaligiga borganimizda bu yerda tushlik paytida tuman hokimligi, “Maroqand sifat tekstil” klaster korxonasi tomonidan terimchilar uchun tashkil etilgan madaniy dastur ustidan chiqdik.

Tuman ilgʻorlaridan boʻlgan ushbu fermer xoʻjaligining dalalarida ayni paytda Xalqobod va Chayjovul mahallalarining 200 nafardan ortiq terimchilari fermerga yordamlashyapti. Fermer Maftuna Berdiqulovaning aytishicha, umumiy yer maydonining 43 gektarida paxta yetishtirgan. Fermerning niyati – har gektardan 45 sentnerdan hosil olish. Birinchi terimdayoq bu natija koʻzga tashlanyapti.

Toʻgʻri, joylardagi oʻrganishlar davomida terimchilarga zarur sharoit yaratish, bugungi vaziyatdan kelib chiqib, sanitariya qoidalariga rioya etish bobida ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani ham kuzatildi. Ammo bu muammolar tuman hokimliklari, klasterlar va tibbiyot birlashmalari, bandlikka koʻmaklashish markazlari masʼullari bilan birgalikda joyida hal etilmoqda. Zero, bizning maqsadimiz terim jarayonini nazorat qilish emas, aksincha koʻmaklashishdan iborat.

Farhod BOQIYEV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi,
ishchi guruh rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?