“Maqom” kitob-albomi xalqimizning madaniy merosini yanada boyitishga xizmat qiladi

11:21 28 Noyabr 2018 Madaniyat
171 0

Maqom dillarni dillarga bogʻlovchi, inson ongi hamda tafakkuriga maʼnaviy ozuqa beruvchi sanʼatdir.

Yurtimizda oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani ijodkorlarga koʻtarinki ruh va ilhom bagʻishlamoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan yaqinda “Maqom” kitob-albomining bosmadan chiqarilishi nafaqat sanʼatkorlar, balki butun xalqimizni xursand qildi. Ulardan ayrimlarining fikr-mulohazalarini taqdim etamiz.

Bahodir YOʻLDOSHЕV, 
Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti, rejissyor:

— Maqom — ilohiy sanʼat. Uni idrok qilish uchun insonda, avvalo, qalb, ilm, bilim kerak. Uni borligicha idrok etishni maqsad qilgan inson kitobga, oʻzbek adabiyoti va tarixiga murojaat etishi lozim.

Biz, sanʼat ahli, xalqimizning ilgʻor ziyolilari yoshlarda maqom sanʼatiga toʻgʻri munosabatni shakllantirish uchun ushbu madaniy merosimizning sehrli kuchini, jozibasini, ulugʻvorligini ularning ongu qalbiga yetkazib bera olishimiz kerak.

Davlatimiz rahbarining maqom sanʼatini rivojlantirishga qaratilgan qarori qabul qilinishidan tortib, shu yil 6 — 10 sentyabr kunlari Shahrisabzda Xalqaro maqom sanʼati anjumanining oʻtkazilishi ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan nodir musiqiy merosni targʻib qilish, uni jahon miqyosida tarannum etishga imkoniyat yaratdi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan “Maqom” kitob-albomining nashr qilinishi esa xalqimizning nodir sanʼatini yanada ommalashtirishga qaratilganmuhim bir qadamdir.

Ushbu kitob-albomda oʻzbek milliy maqom sanʼati yoʻllari, rivojlanish tarixi batafsil tasvirlangan. Jumladan, Buxoro maqomi, Xorazm maqomi, Fargʻona — Toshkent maqomi tarixi, milliy nota yozuvining kashf etilishi, uning vositasida yaratilgan Olti maqomning notalashtirilishi, maqom ijrochiligida keng qoʻllaniladigan sozlarni yasashning oʻziga xos xususiyatlari va texnologiyalariga doir maʼlumotlar oʻquvchida keng tasavvur hosil qiladi. Ushbu kitob-albom xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada yaqinlashtirishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Matluba DADABOYEVA, 
Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti:

— Haqiqatan ham, “Maqom” kitob-albomining nashr etilishi barchamizni nihoyatda quvontirdi. Kitobda xalqimizning madaniy taraqqiyotiga, jumladan, maqom sanʼati rivojiga katta hissa qoʻshgan Abu Nasr Forobiy bobomizdan tortib, Ibn Sino, Marogʻiy, Kavkabiy kabi allomalarimiz, atoqli insonlarning hayot va ijod yoʻliga doir maʼlumotlar keltirilgan. Ular sanʼat ixlosmandlarini, yoshlarni oʻziga bir zumda jalb qilishi tabiiy. Zero, maqom kuylarida ilohiylik, unga payvand boʻlgan gʻazallarda oʻzgacha tarovat bor.

Prezidentimiz tomonidan xalqimizning maʼnaviy boyligini asrab-avaylash va yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlardan ilhomlanib, “Ustoz — shogird” maktabi anʼanalari asosida ushbu sanʼatni yanada ravnaq toptirishga, yoshlar ongiga uning umuminsoniy mazmun-mohiyatini teran singdirishga bor kuch-gʻayratimizni safarbar etishga intilamiz.

Rashidaxon HASANOVA
yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?