Dillarni dillarga, ellarni ellarga payvand etadigan sanʼat

21:55 06 Sentyabr 2018 Madaniyat
448 0
Foto: OʻzA

Shahrisabz shahrida 6 sentyabr kuni Xalqaro maqom sanʼati anjumanining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 3 avgust kunimamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda inson tafakkurini yuksaltirish, ayniqsa, yoshlar qalbida ezgu fazilatlarni shakllantirishda sanʼatning oʻrni va ahamiyati beqiyos ekanligini taʼkidlagan edi. Binobarin, xalqimizning boy madaniy merosi, koʻz-koʻz etsa arzigulik urf-odatlari, sanʼati borki, ular bilan cheksiz faxrlanamiz.

Shu bois bugun ajdodlar anʼanasini davom ettirish, targʻib etish, sanʼat orqali tinchlik, doʻstlik, ahillik, qardoshlik kabi fazilatlarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari aynan oʻsha uchrashuvda “Biz xalqimizning noyob merosi boʻlgan maqom sanʼatini nafaqat yurtimizda, balki butun dunyo boʻylab keng targʻib qilish, kerak boʻlsa, xalqaro miqyosda maqom tanlovlarini tashkil etish ustida ishlashimiz kerak”, deya qayd etgan edi.

Har ikki yilda bir marta Shahrisabz shahrida oʻtkazilishiga asos solingan Xalqaro maqom sanʼati anjumani ana shu yoʻldagi ezgu niyatlarning amaliy ifodasidir. Zero, Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi “Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2018 yil 6 apreldagi “Xalqaro maqom sanʼati anjumanini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorlari oʻzbek mumtoz musiqasi tarixida yangi davrni boshlab berdi. Mazkur hujjatlarda maqom sanʼatini yanada rivojlantirish va uning butun dunyo boʻylab tan olinishiga imkon yaratish borasida muhim vazifalar belgilangan.

Shahrisabzda 6 sentyabr kuni Xalqaro maqom sanʼati anjumanining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Shu munosabat bilan “yashil shahar” deya eʼtirof qilinadigan Shahrisabz yanada jozibakasb etgan. Sanʼat anjumani odamlar kayfiyatiga ham taʼsir qilgan. Hamma xursand, shod. Anjumanga koʻrilgan puxta tayyorgarlik hududga oʻzgacha fayz baxsh etgan. Soʻlim bogʻ va xiyobonlar, nurafshon koʻchalar tarovati, turfa gullar ifori har qanday kishiga yanada koʻtarinkilik bagʻishlaydi. Jahonning turli mintaqalaridan kelgan odamlar chehrasidagi mamnunlik, oʻzaro samimiy munosabat Shahrisabzda katta bayram boshlanayotganidan darak beradi.

Afsonaviy Oqsaroy maydoni mehmonlar bilan gavjum. Ozarbayjondan tashrif buyurgan mashhur xonanda Sohib Poshshozodani ham shu yerda uchratdik.

— Sohibqiron Amir Temur qurdirgan mana shu mahobatli imoratga termilib hayratlanyapman, — deydi u. — Bu afsonaviy shahar haqida eshitgandim. Lekin bu yerda olgan taassurotlarim bir olam. Eshitgandan koʻra, koʻrgan afzal, deganlari rostligiga yana bir bor amin boʻldim. Prezident Shavkat Mirziyoyevga rahmat. U kishining tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu anjuman tufayli dunyoning mashhur sanʼatkorlarini koʻrish baxtiga musharraf boʻldim. Shunday tadbirda ishtirok etayotganimdan faxrlanaman.

Amir Temurning mahobatli haykali savlat toʻkib turgan Oqsaroy maydoni hududida har bir viloyatning oʻziga xos milliy urf-odat va anʼanalari, tarixiy obidalarini aks ettiruvchi namunalar oʻrnatilgan. Xalqaro maqom sanʼati anjumanida 73 davlatdan 300 ga yaqin sanʼatkorlar ishtirok etish istagini bildirgan. Mahalliy elektron va bosma OAV vakillaridan tashqari, koʻplab chet el ommaviy axborot vositalari xodimlari ham mazkur nufuzli tadbirni yoritish uchun akkreditatsiyadan oʻtgan.

— Anjumanni yuksak saviyada oʻtkazish uchun puxta tayyorgarlik koʻrilgan, — deydi “Rossiya 24” telekanali muxbiri Robert Fransev. — Oqsaroy hududida mamlakat viloyat va shaharlarining diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalari, milliy urf-odat va anʼanalaridan namunalar tashkil etilgani anjumanga oʻziga xos mazmun bagʻishlagan. Ular menda katta taassurot qoldirdi. Maqom sanʼati Oʻzbekistonning milliy brendi sifatida dunyoga tanilishi, shubhasiz.

Xalqaro maqom anjumanining oʻtkazilishi, shuningdek, “Qarshi — Shahrisabz” yoʻnalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektr poyezdining qatnovi yoʻlga qoʻyilgani sayyohlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

2018 yil, 6 sentyabr, soat 19.00. Shahrisabz, Oqsaroy maydoni.

Maydon Xalqaro maqom sanʼati anjumanining tantanali ochilish marosimiga yigʻilgan tomoshabinlar bilan gavjum. Ular orasida anjuman qatnashchilari va mehmonlari, sanʼat ixlosmandlari, musiqashunos olimlar, chet ellik va mahalliy jurnalistlar, sayyohlar bor.

Festival qatnashchilari va tomoshabinlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qarsaklar bilan kutib oladi.

Soʻz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga beriladi.

Davlatimiz rahbari Xalqaro maqom sanʼati anjumani ishtirokchilari va mehmonlarini qutlar ekan, ilk bor oʻtkazilayotgan mazkur tadbirning chuqur insonparvarlik ruhi va falsafasi, xalqlar oʻrtasida doʻstlik rishtalarini mustahkamlash, madaniy muloqotni rivojlantirish, mumtoz musiqa anʼanalarini asrab-avaylashdagi ahamiyati haqida toʻxtaldi, festival ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Xalqaro maqom sanʼati anjumanining ochilishiga bagʻishlangan teatrlashtirilgan konsert dasturi boshlanadi. Maydon uzra sehrli kuy taraladi. Ohang sekin-asta butun vujudingizga singib boradi. Sehrli ohang taʼsirida iliq xotiralar yodga tushadi, baʼzan umringiz bino boʻlib bormagan maskanlarni tasavvuringizda gavdalantiradi. Bu kuy sehri, ohang zavqi, musiqa qudratidir.

Mustaqillik yillarida milliy musiqa sanʼatini chuqur oʻrganish va yanada rivojlantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. “Shashmaqom”, “Katta ashula” insoniyatning eng durdona kashfiyotlari sifatida YUNЕSKOning Jahon nomoddiy merosi roʻyxatiga kiritildi. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi, oʻnlab teatr va madaniyat saroylari, sanʼat yoʻnalishidagi zamonaviy taʼlim muassasalari barpo etildi. Qator koʻrik-tanlov va festivallar yosh isteʼdodlarni kashf etish, ular mahoratini oshirish hamda yangi marralarga ruhlantirishda muhim omil boʻlmoqda.

Marosim qizgʻin davom etmoqda. Mumtoz ashulalar, folklor namunalari, raqslar dillarni joʻshtiradi. Shoʻx kuy-qoʻshiqlardan zavqlangan tomoshabinlar sanʼatkorlarga joʻr boʻladi.

— Kelganimga ikki kun boʻldi, ammo hanuz hayajondaman, — deydi Xitoy Xalq Respublikasidan tashrif buyurgan yakkaxon xonanda Gulzira Ablat. —Mahalliy aholining mehmondoʻstligi va samimiyati, sanʼatni ulugʻlashi, birinchi marta koʻrishib turgan boʻlsak-da, xuddi azaldan tanishdek uylariga taklif qilishlaridan lol qoldim. Bunday oqibatli, eʼtiborli xalqning qadimiy obidalari ham beqiyos ekan. Ushbu anjuman esa xalqlar oʻrtasida tinchlik va doʻstlik rishtalarini mustahkamlash, madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilishi, shubhasiz. Bu yurtingizda madaniyat rivojiga alohida eʼtibor qaratilayotganidan yaqqol dalolat beradi.

Sanʼat bayrami qatnashchilari Oqsaroy maydonidagi asosiy sahnadan tashqari, qator madaniy-maʼrifiy muassasalarda ham konsert dasturlari namoyish etishadi. Shahardagi istirohat bogʻlari va xiyobonlar, teatrlar, mahalla guzarlari, bolalar musiqa va sanʼat maktablarida uchrashuvlar oʻtkaziladi, milliy taomlar koʻrgazmasidan bahramand boʻlishadi. Mehmonlar Qashqadaryoning noyob tarixiy obidalarini ziyorat qilish, ona diyorimizda yetishtirilgan turfa noz-neʼmatlar bilan toʻla bozorlarimizni koʻrish, istiqlol yillarida xalqimizning fidokorona mehnati bilan erishilayotgan ulkan yutuq va marralar, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻlishadi.

Dunyoda qarama-qarshilik va ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi oʻta murakkab zamonda millati, tili hamda dini turlicha boʻlgan millionlab odamlarni hech qanday tarjimonsiz doʻst qiladigan, ular oʻrtasida hamkorlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlaydigan musiqa sanʼatining oʻrni hamda taʼsiri tobora ortib bormoqda.

10 sentyabrga qadar davom etadigan sanʼat anjumanida 29 davlat vakillari maqomning turli yoʻnalishlarida oʻzaro bahslashadi. Xalqaro hayʼat ishtirokchilarni “Eng yaxshi maqom ansambli”, “Eng yaxshi yakkaxon cholgʻu ijrochisi” va “Eng yaxshi yakkaxon xonanda” nominatsiyalari boʻyicha baholaydi.

Bundan olti yuz yil muqaddam — buyuk Amir Temur zamonida ham yetti iqlimdan eng mohir sozanda va xonandalar yigʻilib, goʻzal anjumanlar oʻtkazganlari tarixiy manbalardan yaxshi maʼlum.Oradan shuncha yillar, asrlar oʻtib, Yer yuzining dong taratgan musiqa ustalari Shahrisabzda toʻplangani beqiyos ahamiyatga ega.
Bularning barchasi mehmonlarning mamlakatimiz va xalqimiz haqidagi tasavvurlarini kengaytiradi, ular uchun ijod va ilhom manbai boʻlib xizmat qiladi.
Maqsud JONIXONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?