Maosh va osh

14:45 30 Oktyabr 2019 Madaniyat
256 0

Maosh deganda biz bugun oylik ish xaqini tushunamiz. Maosh oldingmi, maoshing qancha, deb soʻraymiz bir-birimizdan. Aslida bu soʻzning maʼnosi tiriklik, hayot kechirish, yashamoqdir. Hazrat Navoiy ham “Maosh aylamak ajdaho komida”, deya bu soʻzni xuddi shunday maʼnoda aytganlar. Yaʼni, shoh huzurida uning istak-irodasi bilan yashamoq ajdaho ogʻzida tiriklik qilmoq bilan barobar.

Biz anglagan maosh asli shu maʼno hosilasi. Qadimdan davlat xizmatidagi kishilarga maosh tayinlangan, yaʼni tirikligi taʼminlangan.

Bu soʻzga oʻzakdosh boʻlgan maishatning qismati ajoyib. Yashamoq maʼnosidagi bu soʻz bugun oʻzbeklar orasida aysh-ishratni bildirsa, urdu tilida soʻzlashuvchi hindlar uni iqtisod maʼnosida ishlatar ekanlar.

Bilamizki, hind, urdu tillarida bizga tanish soʻzlar koʻp. Bu sehrli yurt xonandalarining qoʻshiqlarida muhabbat, inson, olam, osmon soʻzlarini eshitsak yayraymiz. Xalqlarimiz oʻrtasidagi asriy doʻstlik rishtalarini eslatib turadi bu jahongashta soʻzlar.

Yana unutmasligimiz kerakki, bizga tanish hamma soʻzlar ham biz tushungan maʼnoni anglatmaydi.

Agar Hindistonga jurnalist sifatida borgan boʻlsangiz zinhor ba zinhor kamina muxbirman, deya koʻrmang. Men yaramas aygʻoqchiman, degan boʻlasiz.Chunki kamina tuban, pastkash maʼnosini anglatadi. Muxbir esa aygʻoqchi, josus demakdir.

Yana bir maslahat, hindistonlik doʻstingizni vatanga taklif qilmoqchi boʻlsangiz, aslo, senga taklif olib keldim, yoki taklif yuboraman, deb aytmang. Negaki, taklif soʻzi kulfat keltirishni anglatadi.

U yurtlarda birov sizga xor-zor odamlarni koʻrsatib, ularni iflos desa yoki iflosdan qutulish haqida gapirsa xayolingiz buzilmasinki, gap qashshoqlar toʻgʻrisida, qashshoqlikni yoʻqotish ustida borayotgan boʻladi.

Iflos va muflis soʻzlarini mumtoz adabiyotimizda ham faqir, yoʻqsil maʼnosida koʻplab uchratamiz.

Keling, yomon soʻzlarni chetga surib, oʻzimizning har jihatdan yoqimli maosh soʻzimizga qaytaylik.

Bu soʻzning yemak va ish haqi maʼnolari bizga yunon tilidan kirib kelgan diyeta soʻzining ikki maʼnosini eslatadi. Diyetani biz parhez oʻrnida ishlatamiz. Lekin aslida diyeta taom demakdir. Yemakning hamma xili, qazi-qarta ham, yovgʻon shoʻrva ham diyeta hisoblanadi. Arslonning diyetasi kiyik, kiyikning diyetasi giyoh.

Qadimgi Yunonistonda eng yuqori davlat organi boʻlgan xalq majlisi aʼzolariga beriladigan ish xaqi ham diyeta deb atalgan.

Yunoncha bu soʻzning hayot kechirish maʼnosi ham, tanovul maʼnosi ham, mablagʻ maʼnosi ham arabcha maoshga muvofiq keldi. Endi bir savol qoldi. Oʻzimizning osh maoshdan kelib chiqqan emasmikin va yo, aksincha, osh soʻzimiz plov singari jahongashta boʻlib arab yurtiga sayohat qilmadimikan?

Bu masala yechimini bilimdon tilshunoslarimizga qoldirib, soʻzimni nuqta bilan emas, kattakon savol belgisi bilan tugataman.

Erkin VOHIDOV,

Oʻzbekiston xalq shoiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?