“Manchester Yunayted” sobiq futbolchisi “Navbahor”ga bosh murabbiy boʻldi

11:48 08 Oktyabr 2018 Sport
624 0

Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi sobiq futbolchisi Andrey Kanchelskis Namanganning “Navbahor” klubi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar berdi.

7 oktyabr kuni Namangandagi “Markaziy” oʻyingohda yangi bosh murabbiy etib tayinlangan Andrey Kanchelskisning taqdimot marosimi oʻtkazildi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsisiyasi prezidenti Xayrulla Bozorov jamoaga yangi bosh murabbiy Andrey Kanchelskisni tanishtirgan va unga toʻn kiydirilgan.

Hozircha “Navbahor” klubi va murabbiy oʻrtasidagi kelishuvning boshqa jihatlari maʼlum emas. Shuningdek, avvalgi bosh murabbiy Ilhom Moʻminjonovning isteʼfosi boʻyicha izoh berilmagan.

Ayni vaqtda “Navbahor” Oʻzbekiston Superligasida ikkinchi bosqichda chempionlik uchun kurashayotgan jamoalar qatorida boʻlib, 21 ochko bilan uchinchi oʻrinda joylashgan. Jamoa birinchi oʻrinda ketayotgan “Lokomotiv”dan 6 ochko, ikkinchi oʻrindagi “Paxtakor”dan esa 3 ochko ortda bormoqda.

Maʼlumot uchun, Andrey Kanchelskis 1991-1995 yillarda “Manchester Yunayted” sharafini himoya qilgan. Murabbiylik faoliyatida “Torpedo-ZIL”, “Ufa”, “Volga NN”, “Yurmala” va “Solyaris” klublarini boshqargan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?