“Manchester Yunayted” oʻyinchilari Nur-Sultonga uchib kelishdi. Ularning ichida saratonni yenggan 19 yoshli himoyachi ham bor(video)

16:50 27 Noyabr 2019 Sport
241 0

Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi charter reys bilan Qozogʻiston poytaxti Nur-Sulton shahriga yetib kelishdi. Bu haqda Vesti.kz xabar berdi.

Britan jamoasi Yevropa ligasi guruh bosqichining navbatdagi turida mezbonlarning “Ostona” jamoasiga qarshi 28-noyabr kuni maydonga tushadi.

“MYU” delegatsiyasi tarkibidan qariyb 100 kishi joy olgan. Futbolchilar bilan birgalikda jamoa murabbiylari va ishchi xodimlari, OAV vakillari va muxlislar ham yetib kelgan.

Video

“MYU” samolyoti bugun tongda mahalliy vaqt bilan 4:20da aeroportga qoʻngan. Jamoani Selsiy boʻyicha -13 daraja sovuq boʻlishiga qaramay qozogʻistonlik koʻplab ishqibozlar kutib olgan.

Maʼlumot uchun, yaqinda ushbu bahsda ishtirok etadigan “qizil iblislar” 18 oʻyinchidan iborat tarkibini eʼlon qilgan edi. Ulardan 14 nafari 20 yoshdan kichkina, 10 nafari oʻz klubi tarkibida debyut bahsini oʻtkazish imkoniyatiga ega. 

Yana shuni qayd etish joizki, “mankunianlar”ning 19 yoshli himoyachisi Maks Teylor bir yil oldin kimyo terapiyasini boshidan oʻtkazgan edi. Shifokorlar u saratonni yenggan deb hisoblashmoqda. U ham ertangi bellashuvda ishtirok etishga tayyor.

Qozogʻistonga kelgan ingliz jamoasi vakillari ichida eng mashhurlari esa Lyuk Shou va Jessi Lingarddir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?