Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Toshkentdagi maktabga 100 dan ortiq kitob sovgʻa qildi

16:44 13 May 2019 Jamiyat
385 0

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tashabbusiga koʻra Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusda belgilangan “Yoshlarimizga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, sanʼat, maʼnaviyat, sport, axborot texnologiyalari, kitob mutolaasiga jalb etish yuzasidan Toshkent shahrida joylashgan 83-umumiy oʻrta taʼlim maktabida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha maʼnaviy - maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari va Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari tomonidan “Prezidentimiz ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusning mazmun-mohiyati, uni hayotga tatbiq etish, yoshlarni maʼnaviy barkamol va kitobxon qilib tarbiyalash, yoshlarni maʼnaviy-maʼrifiy va axloqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tizimli islohotlar toʻgʻrisida hamda yoshlar qalbida avvalo fidoiylik, yurt ravnaqi taraqqiy etishiga daxldorlik hissini uygʻotish, yoshlar maʼnaviyati va maʼrifatini oshirish xususida davra suhbati oʻtkazildi.

Tadbir doirasida maktab oʻquvchilari sport, musiqa, sanʼat yoʻnalishlarida erishgan yutuqlari hamda qoʻl mehnatlari bilan tayyorlagan sanʼat asarlari boʻyicha koʻrgazma namoyish etishdi.

Maktab jamoasi bilan kechgan taassurotlarga boy uchrashuvda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Alisher Qodirov maktab kutubxonasi uchun 100 dan ortiq badiiy adabiyotlar taqdim etdi.

Tadbir soʻngida maktab direktori “Maktabimiz tashkil qilinganiga salkam 100 yil boʻlgan boʻlsada, shu vaqt oraligʻida bu dargohga hech kim 100 dan ortiq kitoblar sovgʻa qilmagan“- deya eʼtirof etdi va davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning jamiyat hayotida samarali amaliy ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?