Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Elmira Bositxonovaning “fikrlari oʻrinli va asosli“ ekanini taʼkidladi

10:23 15 Iyul 2019 Jamiyat
699 0

Maʼnaviyat – ruhiy ehtiyoj, eʼtiqodiy zarurat, milliy tarbiyat!

“Maʼnaviyat” oʻzi nima va nima uchun kerak? Kim uchun kerak? Qachon va qayerda kerak? U nechogʻlik tushuncha yoki mavjudlikki, bugun jamiyatning unga zarurati qolmabdi? Ayniqsa ijtimoiy tarmoq obunachilarining shu qadar meʼdasiga tegib ketibdiki, bu soʻzni kim va qayerda aytmasin, darhol aks taʼsirlarga, turli istehzoga qorishgan tanqidlarga uchramoqda, uzundan-uzoq bahsu munozaralarga sabab boʻlmoqda...

Aslida, barchamizga maʼlumki, “maʼnaviyat” soʻzi arab tiliga mansub boʻlib, “maʼno” soʻzining jamʼini, yaʼni “moddiy boʻlmagan narsalar” maʼnosida insonning ruhiyati, imon-eʼtiqodi, tafakkuri, ongi, aqlu zakovati, ilmu farosati, kiyinish, soʻzlashish, muomala madaniyati, milliy hamiyati, milliy qadriyati, tarbiyasi kabi tushunchalarni mujassamlashtirgan yaxlit tushuncha. Shu jihatdan maʼnaviyat har qanday davr va zamonda ham, har qanday jamiyatda ham insoniyatning birlamchi va asosiy ehtiyoji,boʻlib keladi, unga hamisha zarurat seziladi.

Maʼnaviy ehtiyojni qaysi oʻringa qoʻyishi va namoyish qilishi bilan shaxsning individual xususiyati ham, eʼtiqodiy maqomi ham, maʼrifiy martabasiyu ijtimoiy ong darajasi ham aniq belgilanadi.

Maʼnaviyat – ochlik, yoʻqchilikka goʻzal sabrni, jahlu nafsni tiyish va yengishni, xullas barcha illatlarga qarshi tura olishni koʻrsatadi, oʻrgatadi. Uni chin maʼnoda, borligʻicha his qila olmaydiganlar, anglab yetmaganlargina inkor etadi, past baho beradi, ahamiyatsiz koʻradi.

Mana, ikki-uch kundirki, ijtimoiy tarmoqlarda bong urib, OAV xodimlariyu blogerlarni, keng aholi qatlamini oʻziga jalb etib kelayotgan, turli koʻrinish va mazmundagi eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan “maʼnaviyat” va “maʼrifat” tushunchalari inson yaralgandan buyon uning ruhiyati bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan zaruratdir. Tor maʼnoda, maʼnaviyat har bir inson bilan birgalikda tugʻiladi: dunyoga yangi kelgan har goʻdak ruhiyati pokiza, fitrati toza boʻladi. U oila va jamiyat, moddiyat va ilohiyot taʼsirida shakllanadi, rivojlanadi, oʻzgaradi, oʻsadi, toblanadi, tovlanadi. Shu inson bilan birga oʻladi. Bu maʼnaviyatning individual jihatlari sanaladi. Keng maʼnoda esa, maʼnaviyat umumiylikni, milliylikni, davomiylikni, barqarorlikni ham namoyish qiladi.

Shu tomonlar eʼtiborga olinsa, Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi raisi E.Bositxonovaning joriy yil 11-iyul kuni qoʻmita tomonidan “Oiladagi zoʻravonlik masalalari, turli vaziyatlar tahlili va bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlar” mavzusida OAV xodimlari bilan oʻtkazilgan brifingda ilgari surgan fikrlari, albatta, oʻrinli va asosli. Chunki, har qanday holat va koʻrinishdagi zoʻravonliklar, koʻngilsizliklar, illatlar ildizi, albatta, shu hodisot ishtirokchi va ijrochilarining ruhiyati, eʼtiqodi, ongu tafakkuri – maʼnaviyatiga bevosita va bilvosita bogʻliq, shularningda taqozosi, hosili.

E.Bositxonovaning ozgina silliqlanmasdan oshkor etilgan fikrida aynan “maʼnaviyat” soʻzi ishtirok etgani uchun ham turlicha talqin etilmoqda, munozaraga uchramoqda. Jiddiyroq qaralsa, mamlakat xotin-qizlarining himoyachisi boʻlgan bu rahbar ayol aslida “Bozorchi ayollarda maʼrifat yoʻq, maʼnaviyat yoʻq. U bozorchi. Shu soʻzga mos boʻlmasligi uchun Xotin-qizlar qoʻmitasi nima qildi? Men topshiriq berdim, bozorda Xotin-qizlar qoʻmitasining boshlangʻich tashkilotini tuzasizlar, bozorda alohida xona qilib beradi. Bozorda ishlaydigan ayollarni oʻsha tashkilot xonasiga olib kirib, maʼrifiy suhbatlar oʻtkaziladi”, deya oʻziga xos va mos tashabbus bilan chiqqanligining nimasi yomon, qoʻrqinchli va vahimali... Ushbu fikrlar bilan xuddiki, mamlakat bozorlarini sel bosdi... Jiddiyroq, tahliliy qaralsa, bunday yondashuvga ehtiyoj va zarurat yuqori ham hatto.

Ammo ijtimoiy tarmoqda faol boʻlib, oʻzini xalq dardi, tashvishi, taqdiriga hamohang koʻrsatib, fikrlari ommalashishini xushlaydiganlar uzoq hayotiy va kasbiy tajribaga ega bu rahbar opaninng yuqoridagi fikrlaridan aynan “Bozorchi ayollarda maʼrifat yoʻq, maʼnaviyat yoʻq” jumlasini yulvolib, qoʻlma-qoʻl qilib, turli qarshi chiqishlar qilishni boshlab yuborishdi. Buning zamirida esa “maʼnaviyat” va “maʼrifat” tushunchalariga, hattoki, ushbu soha xodimlariga nisbatan ham keskin va oshkora tanqidiy munosabat koʻrsatishmoqda.

Achchiq boʻlsa ham tan olish kerakki, bozorlarda ayol shaʼniga nomunosib haqoratli soʻzlar ishlatadigan, jamoa joyi ekanligiga qaramay, hattoki, begona erkaklardan sharm qilmay, yoqa boʻgʻib, urushib-talashib ketadigan ayollar ham talaygina. Ularni kim yoki nima bunday jirkanch holatga olib keldi? Avvalo, oʻzlari. Oʻzlarining tarbiyasizligi, odobsizligi, andishasizligi, orsizligi, yaʼniki, “maʼnaviyat”sizligi, “maʼrifat”sizligi! Bunday vaziyatlarga hamma-hammamiz koʻp bora duchor boʻlganmiz. Barchamiz hali kiyim, hali oziq-ovqatu yana boshqa ehtiyoj zaruratidan tez-tez bozorga tushib turamiz. Kezi kelganda, bunday noxush vaziyatlarni jamoa transportlarida ham kuzatishimiz mumkin. Shunday ekan, qachongacha bunday beandishalarga nisbatan eʼtiborsiz va loqayd boʻlamiz? Ularga dakki-dashnom berish, xatosini anglatishdan tortinamiz, chekinamiz. Axir bozor turli yosh va qarashdagi aholi gavjum maskan, oʻziga xos munosabat maydoni. Bu yerdagi tartib-intizom xaridorlarning ham, savdogarlarning ham ruhiyatiga munosib taʼsir oʻtkazadi. Oʻzaro dahanaki urush-janjallar, soch yulib, yoqa boʻgʻib “kurash tushishlar” yon atrofdagilarga salbiy taʼsir etadi, hattoki, baʼzilarga oʻrnak-namuna boʻladi. Sirasini aytganda, bunday noxush holatlarni bartaf etish, olidini olish vaqti oʻtib ham ketmoqdaku.

Bositxonovaning fikriga diqqatliroq boʻlinsa, aynan shu nuqtai nazarlarga hamohang. Biroq vaziyatga munosabat va yechimda yondashuv boshqacha boʻlishi kerak edi. Maʼnaviyatdan, insoniylikdan avval qorni va qadrini oʻylaydiganlar uchun albatta “maʼnaviyat”, “maʼrifat” soʻzlari ari chaqqandek taʼsir qiladi, ensasini qotiradi. Ammo oʻzbek xalqi boshidan baʼzi vaqtlarda puli boʻlsa ham yemoqqa nonu masalliq olish imkoni boʻlmagan yoki cheklangan qiyin kunlar oʻtgan. Lekin bugungi kundagidek oqibatsizlik, insofsizlik, qotilliklarning rang barang koʻrinishlari boʻlmagan, andisha, oriyat ustun boʻlgan.

E.Bositxonova soʻz qoʻllashda ehtiyotkor boʻlmadilar xolos. Baho ham umumiy berilmasligi kerak edi. Bu faqat shundaylargagina tegishli munosabat. Bizning bozorlarda oʻz hamiyatini biladigan, xushmuomala, xushxulq sotuvchi ayollar koʻpchilikni tashkil qiladi. Ular ojiza ayol boshi bilan, eʼtiqod-taqvosi, gʻayratu shijoati bilan kechani kecha, kunduzni kunduz demay, yelib-yugurib mehnat qiladi, roʻzgʻori kamiga yarashga intiladi, oilasi farovonligi uchun talpinadi. Ularni har qancha eʼtirof etsang, olqishlasang ham kamlik qiladi. Xotin-qizlar qoʻmitasi oʻz fikrida “bozorchi ayollar” degan boʻlsa ham, aslo bu kabi tarbiyali, mehnatkash, zahmatkash, oriyatli ayollarni nazarda tutmagan. Fikr yoʻnalishi aniq va chin maʼrifatli insonlar bu soʻzlarni oʻzlariga nisbatan haqorat deb qabul qilmaydilar, hattoki, bozorlarda maʼrifat xonalari, maʼnaviy hordiq maskanlari tashkil etilishidan mamnun boʻladilar, qoʻllab-quvvatlaydilar. Ushbu yuzasidan bozorlarda bemalol soʻrov oʻtkazishingiz, sotuvchi ayollar fikrini aniqlashtirishingiz mumkin.

“Maʼnaviyat”ni hazm qila olmaydiganlar, ushbu soʻz va tushunchani jismu ruhiyatiga singdirishni istamaydiganlargina oʻzlarini haqoratlangan, xoʻrlangan sezadilar, ogʻrinadilar, qarshi turadilar. Eng dahshatlisi, maʼnaviyat, maʼrifat, kitobxonlikka nisbatan ochlik, yoʻqchilik, moddiy ehtiyojlarni qarama-qarshi qoʻyadilar, oʻzaro taqqoslaydilar. Bu oʻrinlimikan? Moddiyat bilan ruhiyatni qarshilantirish, qiyoslash nechogʻlik toʻgʻri?

“Kitob oʻqish och qorinni toʻydiradimi?”, “Maʼrifiy suhbatu tadbirlar kamingni but qiladimi?”, “Moddiy muammolar turganda maʼnaviyatga umuman zaruratu ehtiyoj yoʻq” kabi munosabatning oʻzi kishi tafakkuri nechogʻli qashshoq ekanligini koʻrsatmaydimi? Shunday oʻrinsiz va bemaʼni savolni qoʻya olish uchun inson qay darajada yetuk yoki tuban boʻlishi kerak?

Birov ochdan oʻladigan zamonmi shu davr? Izlagan, istagan va Yaratgandan tilaganlarhar qanday vaziyatda ham xayrli, beziyon imkon topib, kun kechirmoqda. Davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan qator imkoniyat, imtiyoz, shart-sharoitlarga birma-bir toʻxtalib oʻtirishga hojat yoʻq. Buni bilmaganlar, kam sanaganlar noshukur, besabrdirlar xolos. Na tinchlik, na sogʻlik, na boylik ularni qanoatlantira olmaydi.

Nafaqat oldi-sotdi bilan shugʻullanayotgan savdogar ayollar, xoh qishloq, xoh shaharda boʻlsin, har qanday kasbiy faoliyat bilan halol mehnat qilib oilasi byudjetiga foyda kiritayotgan, ham ishlab ham roʻzgʻor tebratayotgan ayollar zimmasida yuk ogʻir. Ularning ogʻirini yengillatish, har tomonlama rivojlantirish uchun tegishli chora-tadbirlar koʻrib borilayotgan, amaliy natijalarga erishilayotgan davrda jamiyatning asosiy boʻgʻini, oilaning mustahkam ustuni boʻlgan ayollarimizni ruhiy, maʼnaviy-maʼrifiy qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish, yoʻnaltirish yanada dolzarb, yanada samarali. Chunki, ayol, avvalo, Ona! Kelajak avlod tarbiyachisi, davomchisi, oilaning maʼnaviyat mashʼali! Shu jihatdan, ayol qadr-qimmatini, shaʼnini saqlashga va yuksaltirishga qaratilgan har qanday xayrli tashabbuslarni yurtimizning turli hududlarida oilasi va jamiyat uchun oʻz sogʻligi, kuch-gʻayrati, bilim-zakovatini ayamay sarflab, mehnat faoliyati olib borayotgan barcha salohiyatli, tarbiyali, maʼrifatli ayollar mamnunlik bilan qarshi oladilar.

Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish kishidan ortiqcha vaqt, qoʻshimcha mablagʻni talab qiladi. Asosiy vaqtini internet sahifalaridan bemaqsad foydalanishga sarflayotgan norozi kayfiyatdagi qatlam har qanday tashabbus va yangilikni dastlab tanqidiy qabul qiladi, ochigʻini aytganda, “tirnoq ichidan kir qidiradi”. Ularga oʻzlari kabi hamfikrlar tezda qoʻshilib, shov-shuvli, munozarali vaziyatlarni yuzaga keltirishadi. Dunyoqarashi keng, tafakkuri teran, ruhiyati pokiza, shukronalik kayfiyati ustuvorlar esa vaziyatlarga mulohazali, umidli yondashishadi, xayrli jihatlarni koʻrishga intilishadi. Shu maʼnoda, E.Bositxonovaning bozorda maʼrifatni targʻib etishga qaratilgan tashabbusini ijtimoiy tarmoqda faol boʻlmasa-da, jamiyatda, oʻz oilasida faollikka intilib yashayotganlar oddiy va eʼtirozsiz qabul qila oladilar.

Tasavvur qiling, bozordagi yoki mahalla guzaridagi radiouzellar orqali mayin va shirali musiqiy ohanglar uzra maʼlum va mashhur suxandonlar, sanʼat ustalari, yosh adabiyotxonlar tomonidan Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy, Uvaysiy, Nodira, Choʻlpon, Usmon Nosir, Oybek, Zulfiya, Saida Zunnunova kabi bir qancha adiblarning badiiyat manzumalari yoinki, diniy-tarbiyaviy manbalar ifodali, jarangdor ovozda yangrab tursa... Bunday ifoda kimni befarq qoldiradi? Kimning gʻashini keltiradi? Faqatgina qalbi qotgan, hislari soʻngan, moddiylikka talpingan, bugungi kuni bilan yashaydiganlarningda, albatta.

Haqiqatdan ham, inson yaralishidan, yashashidan maqsad qornini toʻygʻazish, moddiy zaruratlarni qoplab yashash emasku. Ruhni qachon va qanday oziqlantiramiz unda? Tafakkurni qachon toʻydiramiz? Maʼnaviyatni qachon boyitamiz? Qovjirab borayotgan ruhni qachon sugʻoramiz? Aslida ruh och va yupun boʻlib bormoqdaku...

Ushbu jihatlarni eʼtiborga olsak, maʼnaviy ozuqa ehtiyoji birlamchi zaruratligi yanada oydinlashadi. Bu muammo hamisha dolzarb, hamisha bahsli, hamisha bardavom... Unga yondashuvni oʻzgartirib, taʼsirning beozor usullarini tanlay bilish kifoya. Jumladan:

bozorlar va mahalla guzarlarida, lozim boʻlsa, ayollar koʻpchilikni tashkil etadigan korxona va tashkilotlarda “Madaniy hordiq” xonalarini tashkil etish, “Maʼrifat” radiouzellarini yoʻlga qoʻyish, ushbu jarayonlarning masʼullarini va vazifasini aniq belgilash;

tanlanayotgan material va manbalarning milliyligi, maʼrifiyligi, betakrorligi, taʼsirchanligiga jiddiy eʼtibor qaratish;

tarbiyasi, muomala-munosabatida notugalliklar koʻzga tashlanadigan, norozilik kayfiyatini tarqatadiganlarni aniqlab, ular bilan psixologik tushuntirish ishlari olib borish;

jamoa joyida oʻzini tutishni bilmaydigan, janjalga moyil, yon-atrofdagilarga bepisand shaxslarni kuzatib, ijtimoiy, ruhiy ahvolini oʻrganish, tegishli chora-tadbirlar qoʻllash mexanizmini yoʻlga qoʻyish;

har bir shaxs, har bir oila jamiyatning tayanch boʻgʻini ekanligini nazarda tutgan holda, ularning ijtimoiy-maʼnaviy rivojlanishi uchun olib borilayotgan harakatlar dasturini takomillashtirish;

mutolaa madaniyati, kitobxonlikni targʻib etishning oʻziga xos usullari orqali insonlarning oʻz oʻzini anglashi, oʻz oʻzini rivojlantirishiga erishish kabi faoliyatlar bu borada nisbatan samarali.

Bir soʻz bilan aytganda, “Maʼnaviyat eng qudratli va taʼsirchan qurolimiz”, suv va havo yangligʻ ehtiyojimiz, ikki dunyo saodati kaliti ekanligini dildan his qilish va hamisha unga talpinib, undan bahra olib yashash lozim!

Feruza Azimova, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boʻlim boshligʻi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?