Ma’naviyat maskanlariga e’tibor kerak. Qishloq klublari, madaniyat uylari va kutubxonalar taqdiriga kim javobgar?

12:10 31 May 2018 Madaniyat
1040 0

Yoshi ulug‘larning aytishicha, ilgari qishloq yoshlarining eng sevimli manzili — klub edi. Bunday joylar juda gavjum bo‘lardi. Akalarimiz, unashtirilganlar uchun kinoxona diydor manzili edi. Yigit-qizlar kino bahona bir-birlarini ko‘rishar, yonma-yon o‘tirmasalar ham o‘rtada samimiyat hukmron edi. Ortiqcha xatti-harakat qilishmas, ichki istihola, or-nomus, uyat, g‘urur bunga yo‘l qo‘ymasdi. Shunday tozalik bor edi ruhiyatda.
Qiziq, avval kinolar ham boshqacha ishlangan ekanmi yoxud odamlar ancha ta’sirchanmidi, har holda ular film qahramonlari taqdiriga achinishar yoki quvonishardi. Zero, kino eng ta’sirchan tarbiya vositasi ekanligini mana shu misollar orqali ham bilib olish mumkin.

Xo‘sh, nima uchun bularni eslayapmiz? Gap shundaki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz ziyolilari, kino sohasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarda yoshlar tarbiyasida badiiy filmlarning o‘rni va ahamiyati, bunda qishloqlarda klublar, kinoteatrlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidlagan edi. 2017 yil 5 iyulda imzolangan “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmonda esa barcha qulayliklarga, jumladan, kutubxona hamda kitob do‘koniga ega bo‘lgan Yoshlar markazlari va zamonaviy yoshlar kinoteatrlarini tashkil etish ko‘zda tutilgani ham bejiz emas. Binobarin, bunday markazlar farzandlarimizning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, iqtidorlarini toblashga xizmat qiladi.
Bir misol. Ilgari qishloq klublarida “Balli, yigitlar”, “Iqbol”, “Quvnoqlar va zukkolar” singari tanlovlar o‘tkazilar, bunda qanchadan-qancha yoshlar, maktab o‘quvchilari qatnashib, o‘z iste’dodlarini namoyish etishardi. Bundan tashqari, har bir qishloqda kutubxonalar bo‘lar, yoshlar qo‘lma-qo‘l qilib badiiy asar o‘qir, bir-biri bilan muhokama qilardi. Bugun-chi? Hududlardagi madaniyat uylari, klublar, kutubxonalarning ahvoli qay darajada? 

— Biz tengi avlod yaxshi biladi, avvallari har bir qishloqning o‘z klubi bo‘lgan, — deydi Oltinko‘l tumanining Qo‘shtepasaroy qishlog‘ilik mehnat faxriysi Madaminjon Zokirov. — Bizning ana shunday madaniyat maskanimizda ham madaniy-ma’rifiy tadbirlar ko‘tarinki ruhda o‘tgan. El suygan san’atkorlarning ovozi jarang sochgan. O‘tgan yillar mobaynida klubga bo‘lgan e’tibor susaydi. Hayhotdek ikki qavatli bino 2007 yili sotib yuborildi. Ayni paytda uning teng yarmi achinarli ahvolda. Bino qarovsiz, kimsasiz, foydalanishga yaroqsiz. Vaholonki, bir paytlar bu yer nafaqat madaniyat tadbirlari maskani, balki xalqqa ziyo tarqatuvchi manzil ham bo‘lgan. Uning tarkibidagi kutubxonada o‘n minglab kitoblar mavjud bo‘lib, yuzlab o‘quvchisiga ega edi. Havaskorlik guruhlaridan tarkib topgan ansambllar qobiliyat egalarini kashf etib, ularning iste’dodini shakllantirishga xizmat qilgan. Turli fan to‘garaklari orqali yoshlar kamolot sari yo‘l olgan edilar. Qishloqqa oid har qanday tadbir shu yerda o‘tgan. Hech bir maslahat shu binodan tashqarida bo‘lmas edi. Qisqasi, klubimiz qishloqning yuragi joylashgan manzil bo‘lgan.
Bugungi kunga kelib qishloq aholisi soni 30 ming nafardan ortib ketdi. Mana shunday ko‘p xalqni o‘ziga birlashtira olgan hududning birorta ham madaniyat maskani yo‘qligi kishini ajablantiradi. Bir paytlar qishloq klubi vazifasini o‘tagan binoni ta’mirlab, undan madaniyat va aholi dam olish maskani sifatida foydalanilsa, maqsadga muvofiq bo‘larmidi... 

— Darhaqiqat, hayotimizni ma’naviyatsiz, madaniyatsiz tasavvur etolmaymiz, — deydi Kasbi tumanidagi “Qamashi” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi G‘ofir Mavlonov. — Ilgari bunday maskanlar, ayniqsa, qishloqlardagi yoshlarning sevimli joyi bo‘lgan. Chunki madaniyat uyida kinofilmlar namoyish etilardi, kitob o‘qiydiganlar uchun kutubxona ishlab turardi. Ko‘ngilochar tadbirlar uchun juda mos joylar edi. Yaxshi eslayman, o‘sha davrlarda qishloqqa bir san’atkor kelibdi desa, butun qishloq ahli madaniyat uyiga yig‘ilardi. Bo‘sh vaqtlarimizni shu yerda o‘tkazib, hech bo‘lmasa, bir qiziqarli kitob o‘qirdik. 

Hozir mahallamizda 3,5 mingdan oshiq xonadon bor. Ularda istiqomat qilayotgan 18 ming aholining asosiy qismi yoshlarni tashkil etadi. Qishloqdagi sobiq xo‘jalik davridan buyon bekor turgan ikki qavatli madaniyat saroyi esa “huvillab” yotibdi. Agar shu bino qayta tiklansa, qishloq ahli uchun yana qancha xizmat qilgan bo‘lardi. Bu yerda ilgari zamonaviy kinozal, doirachilar, rubobchilar to‘garaklari, kutubxona bo‘lgan. Kinofilmlar namoyishi uchun ham sharoit bor edi. Lekin ushbu muassasalar qarovsiz. 
Yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, zararli odatlardan, turli yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, oilalardagi ma’naviy muhitni yaxshilash bo‘yicha tashkil qilinadigan bir qancha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar uchun, qolaversa, qishloq ahlining madaniy hordiq chiqarishi uchun mana shunday madaniyat maskanlari juda zarur. Lekin afsuski, tayyor joylardan ham unumli foydalanilmayapti. Hozirgi vaqtda madaniyat bo‘limlari balansida saqlanib turgan bunday madaniyat maskanlarini xalqimizga qaytarishning allaqachon vaqti kelgan. Faqat bu ishlar qachon amalga oshirilishi noma’lum bo‘lib qolmoqda. 

— Qishlog‘imizdagi madaniyat saroyi bir paytlar aholi dam olib, madaniy hordiq chiqaradigan so‘lim maskan edi, — deya xotirlaydi Bog‘ot tumanidagi Mirishkor qishlog‘ida yashovchi mehnat faxriysi Xudoyor Omonov. — Bu klub sahnasida turib yurtimizning mashhur san’at ustalari jonli ijroda qo‘shiqlar kuylagan, o‘zbek she’riyati darg‘alari o‘z ijod namunalarini o‘qigan. Dam olish kunlari oilamiz bilan shu yerga kelib, o‘zbek va jahon kinosi durdonalarini katta ekranda tomosha qilardik, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlardan bir olam taassurot bilan qaytardik. Afsus, mana shunday ma’naviyat maskani keyingi yillarda e’tiborsiz qolib, qarovsizlikdan ancha tashlandiq holatga keldi. Ko‘p qishloqlardagi klublar, madaniyat saroylari esa xususiylashtirilib, to‘yxona yoki oshxonalarga aylantirib yuborildi. Bir qismi esa hech qanday tadbir o‘tkazilmagach, po‘panak bosib yotibdi.

— Qishloqlarimiz qiyofasi tubdan o‘zgarib borayotgan bir paytda bunday inshootlar va u yerdagi sharoitlar ham shunga mos bo‘lishi kerak, — deydi Xorazm viloyati madaniyat ishlari boshqarmasining yetakchi mutaxassisi Bahrom Bekmetov. — Afsus, madaniyat muassasalarining aksariyati bugungi kun talablariga javob bermaydi. Binolar ta’mirtalab, asbob-uskuna va jihozlar eski. Xorazm viloyatida shahar va tuman markazlaridagi kinoteatrlar ham xususiylashtirilgach, faoliyat yo‘nalishi o‘zgartirilib, boshqa maqsadlarda foydalanilmoqda. To‘g‘ri, bugungi texnika taraqqiyoti zamonida badiiy filmlarni uy sharoitida tomosha qilish imkoniyati chegaralanmagan. Biroq bu qulaylik kinoni katta ekranlarda tomosha qilish zavqini bera olmaydi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi “2018-2019 yillarda zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori kino ixlosmandlari uchun ajoyib xushxabar bo‘ldi. Mazkur qarorga asosan, Urganch shahrida 2 qavatli va Xiva, Hazorasp, Shovot tumanlarida bir qavatli kinoteatrlar barpo etiladi. Shuningdek, Urganch shahrida bitta yozgi kinoteatr qurilishi ham ko‘zda tutilgan. Umuman, viloyatda madaniyat va dam olish markazlari, kinoteatrlar qurilishi borasida belgilangan manzilli dasturlarning ro‘yobi fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, maroqli dam olib, hordiq chiqarishlariga zamin yaratadi.

Bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan kitob va kitobxonlikka katta e’tibor qaratilmoqda. Mahallalarda kutubxonalar tashkil etilyapti. Albatta, bularning barchasi kitobxonlik madaniyati oshishi, yosh avlodning tafakkur va ma’naviy olami kengayishida o‘zining ijobiy natijalarini beradi. Qolaversa, kitob o‘qish ham mehnat, unga bog‘langan ko‘ngil esa qing‘irliklardan yiroq bo‘ladi. 

Tabiiyki, ushbu mulohazalar barcha hududdagi ahvol shunday ekan, deyishga asos bo‘lmaydi. Joylarda qad rostlayotgan kutubxonalar, o‘quvchilar qadami arimayotgan ziyo maskanlari yo‘q emas. Ammo tan olaylik, ba’zi joylarda madaniyat uylari, qishloq klublaridan nom-nishon ham qolmagan. Davlatimiz rahbari har bir chiqishlarida yoshlar tarbiyasi, kitob o‘qish, iste’dodlarni kashf etish hamda qo‘llab-quvvatlashga alohida urg‘u bermoqda. Bu esa har birimizni uyg‘oqlikka undaydi, o‘z hayotimiz uchun o‘zimiz mas’ul ekanligimizni anglatib, bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilishga da’vat etadi. 
Maqsud JONIXONOV,
Saminjon HUSANOV,
Ahad MUHAMMADIYEV,
Odilbek ODAMBOYEV,
“Xalq so‘zi” muxbirlari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?