Ma’naviyat, madaniyat va san’at anjumani

15:27 04 Aprel 2019 Madaniyat
417 0

Baxshichilik — noyob san’at. Xalq og‘zaki ijodi namunalari, doston va eposlar el-yurtimizning o‘tmishi, qadim madaniyati hamda yuksak ma’naviyatidan darak berib turadi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 5 — 10 aprel kunlari Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining o‘tkazilishi dunyo baxshilari, folklorshunoslari, madaniyat va san’at namoyandalarini qadim Surxon vohasiga chorlamoqda. Xalqimiz ham ushbu nufuzli san’at anjumanini katta ishtiyoq va intiqlik bilan kutyapti. 

Muxbirlarimiz xalqaro festival arafasida soha vakillari va yurtdoshlarimizning ayrimlaridan dil so‘zlarini yozib oldi.

Janibek PIYAZOV, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq jirovi:

— Inson Vatan tuyg‘usidan, kindik qoni to‘kilgan maskanidan quvvat olib ulg‘ayadi. Ajdodlardan meros qadriyatlar esa ana shu tuyg‘u yanada yuksalishiga xizmat qiladi.

Shu ma’noda, Prezidentimiz tashabbusi bilan Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san’ati festivali o‘tkazilishi ana shunday buyuk kuchni qalbimizga indirdi, ruhimizga quvvat bag‘ishladi. 

Ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur nufuzli tadbir zamirida ajdodlarga ehtirom, ular qoldirgan benazir durdonalarni asrab-avaylash, rivojlantirishga intilishdek ezgulik mujassam.

Albatta, dostonlarimizni tinglagan, qissa va termalar ma’nosini uqqan yoshlar qalbida bobolarimizdan faxrlanish hissi jo‘sh urishi tabiiy. Zero, ularda Vatanga sadoqat, ajdodlar qahramonligi, ezgu amallar kuylanadi. 

Shaxsan o‘zim yurtimizda bo‘lib o‘tgan “Boysun bahori”, “Alpomishning 1000 yilligi” tadbirlarida ishtirok etib, bunga chin dildan amin bo‘lganman. O‘lmas qadriyatlarimiz boqiy yashasin!

Shervan Arna baxshi JUMA (Afg‘oniston): 

— Termizda o‘tkaziladigan Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga taklif etishganida bajonidil rozi bo‘ldim. O‘zim asli Afg‘onistonning Badg‘is viloyatidanman. San’atga bo‘lgan mehrim, ishtiyoqim tufayli dastlab Bolo-Murg‘ob uyezdidagi “Murcha” maxsus maktabida, so‘ngra Turkmanistonning Ashxobod shahridagi musiqa bilim yurtida tahsil olib, baxshilik san’ati sirlarini ustozlardan o‘zlashtirdim. 

Xalq og‘zaki ijodi mahsuli bo‘lgan qissa, dostonlar har bir millatning o‘ziga xos fazilatlarini, milliy an’ana va qadriyatlarini ifoda etadi. Yurtingizda bo‘lgani kabi Afg‘onistonda ham xalq baxshilariga alohida ehtirom ko‘rsatiladi. Aksar to‘y-tantanalarimiz baxshilarsiz o‘tmaydi. 

Ayni paytda Afg‘oniston turkmanlari oliy kengashida faoliyat olib borish bilan birga, turkman, o‘zbek va dariy tillarida mumtoz qo‘shiq, doston, ashulalarni ijro etib kelmoqdaman. Hozirgi kunga qadar Eron Islom Respublikasi va Turkmanistonda o‘tkazilgan musiqiy festivallarda qatnashib, muxlislar olqishi va e’tirofiga sazovor bo‘lganimdan baxtiyorman.

Shuni alohida ta’kidlashim joizki, tarixi, madaniyati, qadriyatlari bir-biriga tutash o‘zbek — afg‘on xalqlari o‘rtasida o‘zaro bordi-keldi aloqalari yo‘lga qo‘yilgani tufayli qo‘shni O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan san’at festivalida qatnashishga muyassar bo‘lmoqdaman. Ikki xalq o‘rtasidagi azaliy do‘stlik aloqalari yanada mustahkamlanib, yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan juda mamnunman. Termiz shahriga kelib, shahar hayoti bilan yaqindan tanishdim. Taassurotlarim — bir olam. O‘ylaymanki, dunyo jamoatchiligi uchun Termiz shahri kelgusida baxshichilik san’ati an’analarini saqlab qolish va rivojlantirish bo‘yicha o‘ziga xos tayanch maskanga aylanadi.

Akbar QO‘SHALI (Ozarbayjon):
— Xalqaro baxshichilik san’ati festivali doirasida o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada men ham o‘z ma’ruzam bilan qatnashaman. Yurtingizda xalq og‘zaki ijodi namunasi — doston aytuvchilar “baxshi” deb atalsa, Ozarbayjonda ular “oshiqlik” nomi bilan el orasida nihoyatda qadrlanadi. Oshiqlik an’anasi nafaqat Ozarbayjon, balki butun turkiy xalqlar san’atining eng qadimgi yodgorliklaridan sanaladi. Ular doimo xalq bilan hamnafas, o‘zi yashab turgan hudud, mamlakatning geografik, ijtimoiy-siyosiy, madaniy va ilmiy jihatlarini to‘la anglab yetgan san’at vakili sifatida el-yurtning orzu-armonlari, milliy xususiyatlarini o‘z dostonlarida kuylashgan. Ular kishilarni yaxshilikka boshlab, yomonlikdan qaytargan.

Oshiqlik ijrochidan yuksak iqtidor, jumladan, musiqa nazariyasi, she’riyat, taqlid san’ati, raqs, pantomima, teatr san’ati va yetuk pedagogik mahorat sohibi bo‘lishni talab etadi. Ko‘p yillik tadqiqotlarim natijasida ushbu san’at turining nazariy va amaliy jihatlarini puxta o‘rganishga astoydil kirishganman. Bu borada Termiz davlat universiteti o‘qituvchi-professorlari bilan doimiy hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Termizlik ko‘plab olimlarning baxshichilik san’ati mavzuiga oid ma’ruza matnlarini ozar tiliga o‘girib, mahalliy nashr va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib boryapman. Termizda o‘tkazilajak xalqaro konferensiya dunyo olimlarining bir davrada jamlanib, ilmiy bahs-munozara, fikr almashishlari uchun qulay imkoniyat yaratadi, degan umiddaman. Zero, turkiy xalqlarning baxshi-shoir va oshiqlarini men xalqqa ma’rifat taratuvchi, barchani Vatanni sevish, mardlik va halollik kabi insoniy fazilatlarga yetaklovchi ezgulik kuychilari, deb bilaman.
«Xalq so‘zi».


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?