Maʼnaviyat iqtisodiyotdan 10 qadam oldindan yurishi kerak —davlat xizmatchisi fazilatlariga bir nazar

13:01 19 Sentyabr 2020 Siyosat
576 0

Dunyo ahlini tahlikaga solib turgan koronavirus pandemiyasining kelib chiqish sabablari koʻp. Fikrimcha, ulardan biri va ayanchlisi aksariyat joylarda maʼnaviy jihatdan emas, balki moddiy taraflama boyishga boʻlgan urinish birlamchi maʼno kasb etgani bilan bogʻliq.

Xudbinlik mafkurasiga qarshi kurash qachon boshlandi?

Chunki keyingi 50-60 yil ichida dunyoda xudbinlik mafkurasi chuqur ildiz otib, boylik toʻplashga ruju qoʻyish, isteʼmolchilik ruhiyati nihoyat darajada kuchayib ketdi. Insoniyatni halokatga olib boruvchi bu illatlar baʼzi mamlakatlarning amaldorlari turish-turmushida, ayniqsa, yaqqol koʻrindi. Afsuski, bugungi sinovli kunlarda ham baʼzi joylarda berilgan vakolatlar doirasiga sigʻmay, xalq gʻamini yemay, xizmat vakolatlarini suiisteʼmol qilib, shaxsiy boylik orttirish borasida boshqalarga “oʻrnak” boʻlayotganlar hamon mavjud.

Soʻnggi yillarda yurtimiz jamiyatida uchrab turadigan aynan mana shunday illatlarga qarshi kurashish tom maʼnoda kuchaytirildi. Bunda nafaqat adolat, qonun ustuvorligi bosh mezonga aylandi, balki ushbu oʻta masʼuliyatli hamda kelajakka daxldor ishlarga olimlar, din peshvolari, maʼrifat ahli ham keng jalb etilmoqda.

Zero, qadim-qadimdan mamlakati obod boʻlishini xohlagan hukmdorlar yurt ulamolarini eʼzozlab kelgan. Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz bunga yorqin misol boʻladi.

Binobarin, Shavkat Mirziyoyev ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangan ilk kunlardayoq olimlar, akademiklar bilan uchrashib, ularga maslahat soldi, akademiyaga qayta jon baxsh etdi, oʻtgan davr davomida sobiq amaldorlar ongiga singib ketgan “davring kelganda yulib qol” deb yurganlarga dadil zarba berdi, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan mutlaqo yangi gʻoyani ilgari surdi.

Albatta, mana shunday yangicha va haqqoniy talablardan kelib chiqilsa, oʻz-oʻzidan yana oʻsha koʻhna hamda dolzarb savol oʻrtaga chiqadi: Xoʻsh, davlat idoralarida xalqqa sidqidildan xizmat qiladigan mutasaddilar qanday fazilatlarga ega boʻlishi lozim?

Vijdon — bu oʻtkinchi tuygʻu emas

Buyuk ajdodimiz, sharqda «Muallimi soniy» deya tanilgan Abu Nasr Forobiy mansabdorlar dunyo mollariga, dinor va dirhamlarga qiziqmaydigan, mol dunyo ketidan quvmaydigan boʻlishi, tabiatan adolatparvar boʻlib, odil odamlarni sevadigan, istibdod va jabr-zulmni, mustabid va zolimlarni yomon koʻruvchi, oʻz odamlariga ham, begonalarga ham haqiqat qiluvchi, barchani adolatga chaqiruvchi, nohaq jabrlanganlarga madad beruvchi, barcha yaxshilikni va oʻzi suygan goʻzalliklarni ravo koʻruvchi boʻlishi, oʻzi haq ish oldida oʻjarlik qilmay, odil ish tutgani xolda xar qanday haqsizlik va razolatlarga murosasiz boʻlishi lozim deb taʼkidlagan.

Bunday fazilatlarga ega boʻlish uchun mutasaddi oqil inson boʻlish lozim. Oqil-oshkora qilishdan hayo qiladigan ishni maxfiy holatda ham qilmaydigan kishidir. Oqil odam hech qachon haqiqatga qarshi bormaydi, oʻzini yomon, qabih ishlardan tiyib, yaxshi ishlarni sevuvchi, bir soʻz bilan aytganda xayoli va vijdonli boʻladi.

Vijdon — bu oʻtkinchi tuygʻu emas, bu shunday holatki, unda inson oʻzini Xudo oldida turgandek tutadi.

Ilm zulmatda quyosh, vahshatda hamrohdir

Zamonaviy menejment qoidalariga koʻra rahbar barcha nozik masalalarni tahlil qila bilishi lozim. Ana shundagina muassasa muvaffaqiyatli ishlaydi. Mustaqil ravishda tahlildan oʻtkazish salohiyatidan mosuvo rahbar odamlarning gʻiybatlarini eshitishga majbur boʻladi. Demakki, xolis emas, balki oʻziga yoqadigan maʼlumotlarni tanlaydi. Bunday vaziyatda muvaffaqiyatga erishmaslik muqarrardir. Har qanday tashkilot yutuqlarni qoʻlga kiritishi uchun rahbar maqsadni aniq belgilashi, unga erishish yoʻllari va vositalarini toʻgʻri tanlashi, jamoani oʻz atrofida jipslashtirib, qoʻyilgan vazifalarni bajarishga safarbar eta olishi kerak.

Yaʼni, ishni oʻz vaqtida bajaradigan, gapni oʻrniga qoʻyib aytadigan boʻlishi lozim. Bunday hikmat sohibiga aylanish uchun esa birinchi shart ilmga chanqoqlik, izlanuvchanlikdir. Paygʻambarimiz Muhammad (S.A.V.): ilm oʻrganinglar, ilm zulmatda quyosh, vahshatda hamroh, yolgʻizlikda yoʻldosh, begona yurtda safdosh, ogʻir damda rahbar, dushmanga qarshi quroldir deb taʼlim berganlar.

Afsuski, hayotda ilmga qiziqmaydigan, muvaffaqiyatni faqat pul, moddiy boylikda deb tushunadigan shaxslar hamon uchrab turadi. Pul bunday odamlarni toʻligʻicha oʻziga boʻysundirib oladi va kasbiy, maʼnaviy oʻsish uchun unga imkoniyat qoldirmaydi. Aslida, buyuk nemis shoiri Iogann Volfgang Gyote aytganidek, turli-tuman tarbiyaviy hikoyatlar, hikmatli soʻzlarni jamlash tengsiz davlatdir. Davlat rahbari 2020-yil 24-yanvarda Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomasida “Eng katta boylik — bu ilm, eng katta meros — yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik — bilimsizlik” deb haq gapni aytgan.

Aslida odamdan kam emas odam...

Hayotda tanish-bilishchilik tufayli aql va ruhiga nisbatan yuqori lavozimga koʻtarilib qolgan odamdan dahshatlisi boʻlmaydi. U zamon maʼnaviy mulkini oʻz qarichi bilan oʻlchab, unga sigʻmaydiganlarini chetga surib qoʻyishga odatlanadi. Sahobalar qiyomat alomatlari haqida soʻraganlarida janobi Paygʻambarimiz (S.A.V): Agar ish oʻz egasiga berilmasa, qiyomatni kutaveringlar degan ekanlar.

Amir Xusrav Dehlaviy esa rahbarlik lavozimlarini kimga munosib koʻrish mumkinligi haqidagi savolga quyidagicha javob bergan:

Aslida odamdan kam emas odam,
Chunki barchamizning otamiz Odam.
Kimning qalb gavhari boʻlsa ilmu fan,
Uning tagi baland, oʻzi muhtaram.

Demak, rahbarlik lavozimlariga qalb gavhari ilmu fan boʻlgan, izlanuvchan, dinu diyonatli, qalbining eng toʻriga Xudoni joylagan, iymoni butun shaxslarni munosib koʻrish lozim. Zotan, ilm oʻrganishdan maqsad faqat bilimli boʻlish emas, balki odamlarning ogʻirini yengil qilib, boshqalarga oʻrnak boʻlishdir. Bunday odamning dunyoda yashashdan oliy maqsadi xalqning roziligiga erishish boʻladi. Prezident ham xalqimiz bizdan rozi boʻlsin deb bejizga talab qilmaydi.

Baxt oʻlchovi faqat puldami?

Xalq oʻz hukumatidan rozi yoki norozi ekanligini aniqlash uchun har bir mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga baho beriladi. Yevropa olimlarining baxt haqidagi tadqiqotlarida iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofoti laureati Jozef Stiglis uslubiga binoan, 100 dan ortiq mamlakatlar aholisi oʻrtasida “Baxt oʻlchovi” soʻrovnomasi oʻtkazilgan. Baxt reytingi aholi kayfiyatiga hal qiluvchi taʼsir oʻtkazadigan beshta mezon boʻyicha aniqlangan. Bular: taʼlim, sogʻliqni saqlash, turmush sifati, iqtisodiy oʻsish dinamikasi, siyosiy iqlimdan iborat.

Yevropa olimlarning baxt haqidagi tadqiqotlarida moddiy koʻrsatkichlardan tashqari boshqa koʻrsatkichlar ham oʻrganiladi. Olimlar shunday xulosaga keldilarki, sanoatning oʻsish surʼatlari, yalpi ichki mahsulot, isteʼmol savatchasi, oʻrtacha ish haqi darajasi kabi iqtisodiy koʻrsatkichlar aholining turmushidan rozilik darajasini baholash uchun yetarli emas. 20-asrning 60-yillaridan boshlab AQSHda jadal iqtisodiy oʻsish kuzatilyapti, aholi daromadlari oʻsmoqda, biroq baxt koʻrsatkichi oʻzgarmayapti. Baxtning zamonaviy mezonlari qatoriga tadqiqotchilar hokimiyatning qonunlarga rioya qilishini, korrupsiyaning yoʻqligini, siyosiy erkinliklar darajasini, aholi va hokimiyat oʻrtasidagi ishonch darajasini kiritishyapti.

Iqtisodiyot boʻyicha 2015-yilda Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan Engus Diton boylik va kambagʻallik oʻrtasidagi nisbat, uni oʻlchash masalalarini tadqiq qilib, boylik va baxt oʻrtasidagi munosabat haqidagi asarini eʼlon qilgan. Uning taʼkidlashicha, pul farovonlikning maʼlum darajasiga yetguncha baxt keltiradi, undan keyin esa tashvishga aylanadi.

10-sinf oʻquvchisi va Suqrot

Atoqli ingush faylasuf yozuvchisi Fozil Iskandar bunday degan: «Inson aqli ikki turga — texnologik va axloqiy turlarga boʻlinadi. Texnologik aqlning rivojlanishi beqiyosdir. Hozir har bir 10-sinf oʻquvchisi texnika olamini Suqrotga nisbatan million marta yaxshiroq biladi. Biroq zamonaviy faylasuf Suqrot qoʻygan axloqiy masalalarni bazoʻr tushunadi».

«Atrofingizdagi odamlar kambagʻalchilikda nochor hayot kechirayotgan boʻlsayu, siz boy boʻlsangiz, oʻzingizni baxtli deb bilasizmi?» degan savol bilan zamondoshlarimizga murojaat qilsak, javoblar bir xil koʻrinish oladimi? Albatta yoʻq. Bu ikki karra ikki toʻrtdek, ravshan. Chunki besh qoʻl barobar emas.

Kimki illatga jazo bermasa, uning himoyachisidir

Koronavirus tufayli yurtimizda vujudga kelgan ogʻir sinovli vaziyatda ham bemorlarga zarur boʻlgan dori-darmonlar, aholining kundalik ehtiyoji uchun oziq-ovqat mahsulotlarini oshirilgan narxlarda sotib shaxsiy boylik orttirishga urinayotgan ayrim tadbirkorlar haqida eshitib qolamiz. Ularga nisbatan loqayd boʻlmaslik, ularga qarshi kurashish kerak. Leonardo da Vinchi aytganidek, kimki illatga jazo bermasa, uning himoyachisidir. Xorun ar-Rashidning doʻsti Baxlul dono “Ey xaloyiq! Gunoh va yomon ishlardan uzoq boʻling!” deb barchaga nasihat qilar ekan.

Shuning uchun baʼzi odamlar uni yoqtirmay, Xorun ar-Rashidga shikoyat qilishibdi: “Doʻstingizning nasihatlaridan toʻyib ketdik. Biz gunoh ish qilsak, unga nima? Har bir qoʻy oʻz oyogʻidan osiladi”, deyishibdi. Hukmdor “Tushunarli” deb, bir qoʻyni soʻydirib, koʻchaga ostirib qoʻyibdi. Bir necha kun oʻtgach, osilgan tana sasiy boshlabdi. Xalq yana podshohning oldiga kelib: “Qoʻyni bu yerdan oldirib tashlang, badboʻyidan bezor boʻldik” debdi. Xorun ar-Rashid: “Sizga nima, har bir qoʻy oʻz oyogʻidan osiladi” debdi. Shundagina odamlar xatolarini tushunib yetishgan ekan.

Tarang tortilgan gaykalarning vaqti oʻtdi

Yuqoridagilarni umumlashtirib, xulosa qilish mumkinki, dunyoqarashimiz, mafkuramizni tuzatmaguncha, koronavirusdan ham, korrupsiyadan ham qutulib boʻlmaydi. Zotan, huquqni himoyalash organlarini isloh qilish, amaldorlarni boshqa lavozimga oʻtkazish bilangina korrupsiyani yengib boʻlmaydi. Boisi bu illatning ildizi birinchi navbatda maʼnaviyatning pastligiga borib taqaladi.

Tarixda xaloskor nomini olgan rus imperatori Aleksandr II “Millatni tarang tortilgan gaykalarda ushlab turib boʻlmaydi. Haddan tashqari qattiq tartiblar, nazoratchilarning koʻpligi odatda ezgulik tantanasiga, korrupsiya ustidan gʻalabaga emas , balki uning kuchayishiga olib keladi” degan edi.

Binobarin, mamlakatimizda soʻnggi yillardagi barcha yangilanishlar avvalo ilmu maʼrifatga asoslanmoqda, ular nafaqat hayotga, balki odamlar qalbiga ham kirib boryapti. Zero, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev “Maʼnaviyat sohasidagi islohotlar iqtisodiyot sohasidagi islohotlardan 10 qadam oldinda yurishi lozim” deb bejiz aytmagan.

Yusuf Xos Xojib rahbar va xalqqa qanday talablar qoʻygan edi?

Xulosa oʻrnida mavzuga xuddi shu nuqtayi nazardan yondashgan holda, sharqning buyuk mutafakkiri Yusuf Xos Xojibning oltin oʻgitlariga murojaat etamiz. Zero, ular bugungi kunda ham dolzarbdir.

Buyuk ajdodimiz mamlakat obod boʻlishi, xalq farovon yashashi uchun yurt rahbariga 3 ta talab qoʻygan edi:

— pulning kursini koʻtarish, unda oltin va kumushning sofligini oshirish va buni kuzatib turish;

— el uchun ishonchli, mustahkam va toʻgʻri, xalqqa xususiy mulk huquqini taʼminlaydigan qonunlar chiqarish;

— yoʻllarni qaroqchilardan, xarob qiluvchilardan tinch va osoyishta saqlash.

Shunday ekan, oʻtgan toʻrt yil ichida mamlakatimizda xalqaro meʼyoorlarga mos huquqiy asos yaratish uchun dolzarb qonunlar, Prezident farmonlari va qarorlari qabul qilindi. Bu huquqiy hujjatlarda jamiyatda mulkdorlar sinfini kengaytirish, aholining bu boradagi huquqlarini himoya qilish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbek soʻmining erkin valyutalarga nisbatan barqaror kursi taʼminlandi, qoʻshni mamlakatlar bilan chegaralar ochildi va tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Oʻz navbatida Yusuf Xos Xojib davlat rahbari nomidan xalqqa uchta talab qoʻygan:

— har qanday yorliq (qonun) chiqarsam, uni hamma soʻzsiz va tez bajarishi;

— davlat soliqlarini oʻz vaqtida saxiylik bilan davlat xazinasiga topshirishi;

— butun xalq doʻstimga — doʻst, dushmanimga — dushman boʻlishi lozim.

Zamonaviy tushunchalar boʻyicha bu talablarning mazmuni shuki, har bir fuqaro jamiyatdagi oʻrni, lavozimidan qatʼiy nazar qonunlarga boʻysunishi lozim. Har bir fuqaro daromadlarini yashirmay soliqlarni oʻz vaqtida toʻlashi shart. Prezident el-yurtimiz rivojiga toʻsqinlik qilayotgan korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashish lozim deb qayta-qayta taʼkidlayaptimi, demak, butun xalq korrupsiya va koronavirusga qarshi bir tan, bir jon boʻlib, oʻzaro metindek jipslashib, astoydil kurashishi lozim. Ana shunda har ikki ofatni ham yengib oʻtamiz.

Nuritdin Yoʻldoshev,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Menejment” kafedrasi mudiri,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?