Ma’naviy xazinaga yo’l topgan bola

12:11 05 Aprel 2018 Madaniyat
850 0

Ibrohimjon G’afforov 2 mart kuni Xatirchi tumanidagi faollar zali minbaridan tusharkan, uning Yurtboshimiz bilan muloqotini hayajon ila kuzatayotgan ishtirokchilar ko’nglidan beixtiyor bir savol o’tgan bo’lsa, ajabmas.

— Kim ekan u, kimning bolasi?

Ibrohimjonning padari buzrukvori Qobil Abdullaev “Navoiyazot” aktsiyadorlik jamiyatida mashinist bo’lib ishlaydi. Onasi Sharifa Abdullaeva — uy bekasi. Ular Karmana tumanidagi Ayronchi mahallasida istiqomat qilishadi.

Mabodo, Abdullaevlarning uyi qidirib borilsa, duch kelgan mahalla ahlidan “O’g’li g’azalxon Qobilning xonadoni”, deya so’ralgani ma’qul. Shunda yaqindagina qurib bitkazilgan shinam hovlini ko’rsatishadi. Darvozaxonada turgan “Spark” avtomashinasiga “Prezident sovg’asi” degan so’zlar bitilgan.

Hovlidagi saranjom-sarishtalik ushbu oila a’zolarining ijod va nafosatga yaqinligidan dalolat beradi. Kaftdekkina tomorqaga did bilan ishlov berilgan. Albatta, bunday muhitda tarbiya topgan bola go’zallikka intiladi. Kitobga oshno tutinib, kelajagini o’z imkoniyatlaridan axtaradi.

— Ibrohimjonga to’rt yoshligidan har oqshom ertak o’qib berardim, — deydi uning onasi Sharifa Abdullaeva.

— Uch-to’rt kitobimiz yod bo’lib ketgandi. Mudrab borayotganida atayin bir-ikki xatboshisini tashlab o’qiyman. Uyqu to’la ko’zlarini ochib, ertakning men qoldirib ketgan bo’lagini yoddan aytib, to’g’rilab qo’yardi.
“Bolalikda olingan bilim — toshga o’yilgan naqsh”, deya bejiz ta’riflanmaydi. Shu sabab yurtimizda kelajak avlod ta’lim-tarbiyasiga qaratilgan e’tibor endilikda maktabgacha ta’lim muassasalarini ham qamrab olib, komil inson ziynatlarini mazkur dargohlardayoq shakllantirish ko’zda tutilmoqda. 

Qahramonimizning bolaligi tengqurlarinikiga o’xshash. Farqi shundaki, ozgina qiziqish ham aniq maqsadlar sari yo’naltirilgan.

— Ibrohimjon to’garagimizga ilk bor kelganida uchinchi sinfda o’qirdi, — deydi “Karmana ovozi” gazetasi qoshidagi “Chashma” yosh ijodkorlar to’garagi rahbari Odil Hotamov. — Sermulozamat bolakayning mashqlarini ko’zdan kechirib, o’qigan kitob-larini so’radim. Javobidan syujetga qiziquvchanligini anglab, besh-olti asarni tavsiya etdim. Shularni mutolaa qilsa, yozuvchi yoki shoirning badiiy mahoratidan bahra olishini uqtirdim.

Ko’p o’tmay, Ibrohimjon oddiy kitobxondan ijodkorga aylandi. Kechalari qo’ng’iroq qilib, asarlarda uchratgan tashbeh va topilmalarini baham ko’ra boshladi. 

I. G’afforovning kamolotida birinchi o’qituvchisi Nilufar Ostonova hamda sinf rahbari Orzigul Nurmatovaning munosib hissalari bor. Muhimi, har ikkisi ham oddiygina pedagog bo’lib qolmasdan, she’riy mashqlarini davriy nashrlarda muntazam chop etib turadigan ijodkor ustozlardan.

— Navoiyning “El netib topqay menikim, men o’zimni topmasam”, degan shoh satrlarini ilk bor ustozlarimdan tinglab, hazrat she’riyatiga qiziqishim ortdi, — deydi I. G’afforov. — Shuning barobarida, shoir asarlarida ilgari surilgan g’oyalar meni faollikka, vaqtning qadriga etishga undadi. Hazrat g’azallarini tushunish qiyin kechib, ustoz Odil Hotamov tavsiyasiga ko’ra, qayta-qayta hijjalab o’qirdim. Shu taxlit shoirning yuzdan ortiq g’azallari yod bo’lib ketdi.

“Sog’ tanda — sog’lom aql”, deydi xalqimiz. Ibrohimjon sinfdoshi Isojon -Otaqulovning undovi tufayli sportning qo’l jangi turi bilan ham shug’ullanadi. 2015 yilda mazkur sport turi bo’yicha tengdoshlari orasida tengsiz bo’lishi, ya’ni mamlakat chempionligini qo’lga kiritishi shunchaki omad emas, balki tinimsiz mashg’ulotlar samarasidir.

Bu yil 15 yoshni qarshilagan Ibrohimjon viloyatda Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi munosabati bilan o’tkazilgan II an’anaviy xalqaro konferentsiya doirasidagi tanlovda g’oliblikni qo’lga kiritib, Prezident sovg’asi — “Spark” avtomobili bilan taqdirlandi.

O’z-o’ziga talabchanlik — inson kamolotining garovi. I. G’afforov singari yoshlar esa yurt tayanchi, el g’ururi. Vatan kelajagi ularning baxtu kamoli bilan belgilanadi. Prezidentimiz g’amxo’rliklari tufayli bu avlod nainki erta, bugunning ham faol sohiblariga aylanayotgani kishini quvontiradi. 

Temur ESHBOEV, 
«Xalq so’zi» muxbiri.


 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?