Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda

14:04 21 Oktyabr 2020 Siyosat
179 0

Senatning sakkizinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda koronavirus infeksiyasi nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo hamjamiyatiga jiddiy xavf solmoqda. Davlatimiz, hukumatimiz bu xatarni har tomonlama hamda tezroq bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni olib bormoqda. Albatta, milliy Parlamentimiz ham bu borada taʼsirchan choralarni koʻrmoqda.

Biroq Oʻzbekiston Respublikasida ushbu infeksiya bilan kunlik zararlanishining soni koʻp miqdorda aniqlanishi tegishli chora-tadbirlar koʻrishni taqozo etadi. Bu esa oʻz navbatida milliy qonunchilik bazasini takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Maʼlumki, fuqarolarni belgilangan har qanday tartib, qoida hamda xavf-xatarning oldini olishga yoʻnaltirilgan kompleks choralarga rioya qilmaslik yohud ularni buzganlik uchun javobgarlikka tortish hamda ularga jazo qoʻllash faqat qonun bilan belgilangan normalarga asosan amalga oshiriladi.

Taʼkidlanishicha, Qonun bilan kiritilayotgan oʻzgartishlarga asosan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda nazarda tutilgan epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish maʼmuriy huquqbuzarligi uchun maʼmuriy jazo qoʻllash vakolatini Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan bir qatorda ichki ishlar organlariga ham berish nazarda tutilmoqda.

Kodeksda nazarda tutilgan transport vositalaridan axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish maʼmuriy huquqbuzarligi uchun maʼmuriy jazo qoʻllash vakolatini ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimlari bilan birgalikda yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlariga ham berish bayon etilmoqda.

Shuningdek, Kodeksda epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarlikni sodir etib harakatlanayotgan transport vositalarini ushlab turish tartibi joriy qilinmoqda.

Kodeksga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar natijasida davlat boshqaruvi tizimi orqali samarali va tezkor favqulodda choralarni qoʻllash, qolaversa, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishda huquqiy munosabatlarni tartibga solish, Oʻzbekiston Respublikasining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishga imkon berishini qayd etish oʻrinlidir.

Bundan tashqari, transport vositalari haydovchilarining masʼuliyatini oshirish, sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlarining haddan tashqari darajasiga ega boʻlgan ish yuklamasini yengillashtirish nazarda tutilgan.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi va eʼlon qilingan kundan kuchga kirishini inobatga olib, mutasaddi idoralarga uni keng targʻib qilish hamda toʻliq ishlashi uchun zarur mexanizmlarni ishlab chiqib, joriy etish topshirildi.
 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?