Maʼmuriy bayonnoma planshet orqali rasmiylashtirilishi mumkin

18:22 25 Iyun 2020 Jamiyat
357 0

“Huquqbuzarliklarning oldini olishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, “Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida yagona elektron ish yurituv” loyihasi bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.

Loyihada, jumladan, quyidagilar nazarda tutiladi:

maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni qoʻzgʻatish, koʻrib chiqish va bayonnoma tuzishga vakolatli organlar, sudlar va majburiy ijro byurosi, shuningdek, boshqa tashkilotlarning elektron axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini integratsiyalashtirish;

maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish yuritishda foydalaniladigan protsessual hujjatlarning yagona elektron bazalarini shakllantirish;

maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni yuritishda ortiqcha bosqichlarni bekor qilish va muddatlarni qisqartirish orqali ish yuritish tartibini soddalashtirish.

Ichki ishlar vazirligi loyihani amalga oshirish va yuritish uchun masʼul vakolatli organ etib belgilandi.

Loyihani Toshkent shahri hududida amalga oshirish doirasida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishning soddalashtirilgan tartibi qoʻllaniladi.

Unga koʻra, vakolatli mansabdor shaxs huquqbuzarlikni aniqlashi bilan birgalikda maxsus mobil qurilma (planshet) orqali maʼmuriy bayonnomani tuzadi va huquqbuzarga ushbu bayonnomaning elektron yoki qogʻoz shaklini taqdim etadi.

Maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs agar uni oʻzi sodir etganligiga eʼtiroz bildirmasa, bayonnomani planshetdagi maxsus skanerlovchi uskuna orqali barmoq izlarini tushirish yoʻli yoki elektron grafik imzosi bilan tasdiqlaydi.

Shuningdek, huquqbuzarga “Elektron hukumat” ning yagona billing tizimi orqali masofaviy toʻlash imkoniyati yaratiladi.

Qarorda soddalashtirilgan tartibda ish yuritilmaydigan holatlar ham belgilab berildi.

Jumladan, soddalashtirilgan tartibda ish yuritishga huquqbuzar yoki jabrlanuvchi eʼtiroz bildirganda, huquqbuzarlik uchun jarimadan boshqa turdagi jazo nazarda tutilgan holatlarda ish soddalashtirilgan tartibda yuritilmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?